302

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum hurmatli jamoadoshlar! 

Aziz talaba-yoshlar!

Ushbu shukuhli kunlarda Vatanimiz mustaqilligining shonli 32 yilligi “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun!” shiori asosida mamlakatimizdagi har bir xonadon, barcha hudud va muassasalarda keng nishonlanmoqda.

Fursatdan foydalanib, Siz, azizlarni ham eng ulug‘ va eng aziz bayram — “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligi kuni” bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Yosh avlodni barkamol voyaga yetkazish, yetuk mutaxassis-kadrlarni tayyorlash orqali Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning taraqqiyotini kafolatlash va xalqimiz farovonligini ta’minlash yo‘lidagi fidokorona faoliyatingizga muvaffaqiyat tilayman!

Muhtaram hamkasblar, aziz talabalar! 

Mamlakatimiz Taraqqiyot strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishida ta’lim sohasini sifat jihatdan rivojlantirish birinchi o‘rindagi ustuvor vazifa sifatida belgilangan. 

Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom etmoqda”

Bugun xalqimiz ulug‘ maqsadlar bilan Uchinchi Renessans davriga qadam qo‘ymoqda. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan bu muhtasham yo‘l xalqimizni ulug‘ maqsadlar sari ruhlantirayotir. Yurtimiz tinchligi va daxlsizligi, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik hamda hamjihatlikni mustahkamlash borasidagi demokratik islohotlar dunyo hamjamiyatining ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. 

Qadrli yoshlar!

Ma’lumki, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilgan joriy yilda mamlakatimizda navqiron avlodning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyati va madaniyatiga katta e’tibor qaratilgani holda ko‘plab dasturlar ro‘yobga chiqarildi. Xususan, bolaning dunyoga kelgan ilk kunidan uning barkamol voyaga yetishi uchun zarur bo‘ladigan barcha vazifalar qamrab olindi. Maktabgacha ta’lim qamrovi so‘nggi yillardan qariyb 70 foizdan oshgani holda, maktab ta’limini xalqaro andozalar asosida tashkil etish, oliy ta’limni dunyoning rivojlangan davlatlari bilan raqobatlashadigan kadrlar tayyorlovchi muassasalarga aylantirish borasidagi islohotlar yaqin tarixda bir nuqtada debsinib qolgani achchiq haqiqat edi. 

Bugun yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, g‘amxo‘rlik mamlakatimizda olib borilayotgan siyosatning eng ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bu borada atoqli ma’rifatparvar Mahmudxo‘ja Behbudiy “Zamona ilmi va fanidan bebahra millat boshqa millatlarga poymol bo‘lur”, deganlari bejiz emas. 

Istiqlol ayyomi shodiyonalari barcha ta’lim muassasalarida “Bilimlar kuni” tantanalari bilan davom etadi. Shu o‘rinda joriy yilda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalar safidan o‘rin egallagan barcha o‘g‘il-qizlarimizni ham muborakbod etaman! 

Yana bir xushxabar shu kunlarda barcha pedagogik jamoamizni ruhlantirmoqda. Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan Prezident Farmoni asosida Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, yoshlarimizni ona yurtga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi ulkan xizmatlari uchun bir guruh vatandoshlarimiz qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi professori, taniqli sharqshunos olim Saidakbar Agzamxo‘jayev “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. 

O‘ylaymanki, davlatimiz va xalqimizning ushbu e’tirofi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining butun pedagogik jamoasi, ustoz-murabbiylari faoliyatiga bergan bebaho bahosi, mukofotidir! 

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi yangi o‘quv mavsumiga shay holatda. O‘g‘il-qizlarimizning tanlagan ixtisosliklari bo‘yicha xalqaro andozalar asosida ilm-fan sirlarini o‘rganishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. 

“Yoshlikda o‘rganilgan ilm toshga o‘yilgan naqsh kabidir” hadisiga amal qilgan holda barcha talaba-yoshlarning ilm-fan sirlarini o‘rganishda yanada faol bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk kadr sifatida kamol topishlariga tilakdoshman!

Yana bir bor barchangizni eng ulug‘, eng aziz bayram – Mustaqillik ayyomi bilan tabriklagan holda sihat-salomatlik, oilangizga fayz-u baraka, o‘qish va ishlaringizga muvaffaqiyatlar tilayman!

Vatanimiz mustaqqilligi, elimiz hur va obodligi abadiy bo‘lsin!

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish