179

Malaka oshirish o‘quvlariga xorijlik professorlar jalb etildi

Buxoro viloyati Mir Arab oliy madrasasida respublikada faoliyat olib borayotgan Bosh imom-xatiblari uchun “Aholi radikallashuvining oldini olishdagi dolzarb masalalar” yo‘nalishida malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari H.Ishmatbekov “Diniy soha xodimlarining kasb etikasi”, Din ishlari bo‘yicha mas’ul xodimi A.Qambarov “Mutaassib guruhlar ta’siriga tushgan shaxslarni reabilitsiya qilish usullari (O‘zbekiston tajribasi)” va O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti, PhD A.Sattarov tomonidan “Yoshlar muhitida din asosida radikallashuv va uning oldini olishning ijtimoiy-psixologik metodlari”  mavzularida dars mashg‘ulotlari olib borildi.

Shuningdek, mazkur malaka oshirish o‘quvlariga xorijlik professor-o‘qituvchilar ham jalb etildi. Jumladan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, PhD Ahmad Saad Damanhuriy (Misr) hamda Turkiyadagi Ibn Xaldun universiteti doktori, moturidiyshunos olim Hamza Bakriy (Turkiya) tomonidan “Aqidaparast kontentlarga ilmiy asosda raddiya berish uslublari: xalqaro tajriba” mavzularida seminar-trening mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.

O‘quvlar davomida Yetti pir nomi bilan mashhur majmualar bo‘ylab ziyoratlar tashkil etildi.

Naqshbandiy tariqatining murshidlaridan bo‘lgan – Abdulxoliq Gʻijduvoniy majmuasidan boshlangan ziyorat Hoja Bahouddin Naqshbandiy ziyoratgohiga qadar davom etdi.

Har bir majmuada tinglovchilar uchun ochiq darslar olib borilib, ular uchun ma’naviy va ruhiy ozuqa bo‘ldi. Bosh imom-xatiblar tomonidan ziyorat davomida Qur’on oyatlaridan tilovat qilinib, aziz avliyolar vatani bo‘lgan – jannatmakon yurtimizga tinchlik, ofiyat, xalqimizga keng rizq va baraka so‘rab, duolar qilindi.

Tinglovchilarni majmualarda amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi yangilanish va o‘zgarish bilan tanishtirish bilan bir qatorda ularga o‘zlari yashayotgan joylarda ham ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha tavsiya berildi.

Malaka oshirish o‘quvlari davom etmoqda.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish