Akademiyada ilmiy tadqiqotlar davom etmoqda
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi kengash majlisida “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi katta o‘qituvchisi Saidafzal Saidjalolovning Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun taqdim etilgan dissertatsiya himoyasi bo‘lib o‘tdi.
Dissertatsiya “Mahmud Zamaxshariyning “Ruusul-masail” asarida hanafiy mazhabi talqini” mavzusiga bag‘ishlandi.
Tadqiqotning maqsadi Mahmud Zamaxshariyning “Ruusul-masail” asaridagi hanafiy mazhabi talqinini ochib berishdan iborat.
Tadqiqotning vazifalari esa alloma asarlarini o‘rganishdagi turli yondashuvlarni ochib berish, Zamaxshariyning fiqhiy asarlari borasidagi qarashlarni ko‘rsatishdir. Shuningdek, Mahmud Zamaxshariy merosida hanafiylik tavsifini aniqlash, “Ruusul-masail”dagi fiqhiy mavzular tahlilini ochib berish hamda Qur’on oyatlarining fiqhiy masalalarning yechimida qo‘llanilishini yoritishdan iborat.
Dissertatsiyaning birinchi bobi “Mahmud Zamaxshariy fiqhiy merosini tadqiq etishning metodologik asoslari” deb nomlangan birinchi bobi uch paragrafdan iborat bo‘lib, unda Zamaxshariy fiqhiy merosining tadqiq etilishi, allomaning asarlari borasida yondashuvlar tahlili, faqih sifatida shakllanishi va fiqhiy qarashlari tadqiq etilgan.
“Ruusul-masail” asarining fiqhiy manbashunoslik sohasi rivojidagi o‘rni” deb nomlangan ikkinchi bobda esa asarning yagona qo‘lyozmasi va tarkibiy tuzilishi tahlil qilingan. Qo‘lyozmada zikri kelgan Qur’on karim oyatlarining adadi, o‘rni va tafsiri ochib berilgan. Asarda naql etilgan hadisi shariflar rivoyatiga muhaddislar munosabati ochib berilgan.
Dissertatsiyaning uchinchi bobi “Ruusul-masail”da hanafiy mazhabi masalalarining yoritilishi” deb nomlanib, unda Mahmud Zamaxshariyning hanafiy mazhabi ta’limotini yoritishdagi uslubi, asarning hanfiy mazhabi ta’limotini ilmiy asoslashdagi o‘rni va bugungi kundagi dolzarb fiqhiy muammolarni hal etishdagi ahamiyati bayon etilgan.
Himoya davomida ilmiy rahbar, rasmiy opponentlar tadqiqot ishining yutuq-kamchiliklarini atroflicha muhokama qilishdi. Tadqiqot himoyasida so‘zga chiqqan ekspertlar olimning tadqiqot ishini chuqur ilmiy darajada o‘rganganini qayd etishdi.
Yakunda Saidafzal Saidjalolovning “Mahmud Zamaxshariyning “Ruusul-masail” asarida hanafiy mazhabi talqini” mavzusidagi Islom tarixi va manbashunosligi ixtisosligidan tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga munosib ekani bir ovozdan ma’qullandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish