201

Akademiyada kasbiy (ijodiy) imtihonlar boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining bakalavriat “Islomshunoslik” va “Dinshunoslik” ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy (ijodiy) imtihon jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda.

Dastavval Akademiya Qabul komissiyasi mutasaddilari tomonidan imtihon o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tartibni buzgan abituriyentlarga nisbatan dalolatnoma tuzilib, o‘sha vaqtning o‘zida ular imtihondan chetlashtirilishi haqida ogohlantirildi. Jarayon adolatli va shaffof tarzda o‘tkazilish maqsadida onlayn translatsiya qilindi. 

Akademiya hovlisida esa abituriyentlarning ota-onalari uchun kutish va imtihon jarayonlarini onlayn kuzatish uchun maxsus joylar tashkil etildi. 

Shuningdek, imkoniyati cheklangan abituriyentlar uchun maxsus xonalar tashkil etilib, imtihon topshirishlari uchun sharoit yaratildi. 

Ijodiy imtihonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, abituriyentlarga omad tiladi.

Akademiya rektori islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berishda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ahamiyati yuqori ekanini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dunyodagi yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot markazlari orasida o‘z nufuziga ega bo‘lib bormoqda. Akademiya rektori o‘z so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha – muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalarimiz ma’naviy merosini o‘rganish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli, raqobatbardosh mutaxassis kadrlarni tayyorlashda tizimli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng ota-onalar uchun Akademiya hududida joylashgan muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbalariga ziyorat tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, bugun uch smenada tashkil etilgan imtihonlarda abituriyentlarning chet tilini bilish darajalari sinovdan o‘tkazildi. 

Ertaga 27-iyul kuni esa abituriyentlar chet tilida “Gapirish” qobiliyati va Ijtimoiy fanlar bo‘yicha imtihonlarda ishtirok etishadi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish