248

Xalqaro aloqalar rivojida yana bir qadam

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Mojarolarni oldini olish, barqarorlik va xavfsizlik jamg‘armasi (CSSF) rahbari Bett Marshall boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan ucrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ularni Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Nigora Yusupova kutib oldi.

Uchrashuvda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi UNFPA vakillari ham qatnashdi.

Suhbat avvalida Akademiya vakillari mehmonlar yurtimizda, xususan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ko‘rib turganidan mamnunligini bildirdi. Delegatsiya a’zolarining ishlariga muvaffaqiyat tilashdi.

Shundan so‘ng UNFPA va Akademiya vakillari tomonidan 2020-yildan buyon amalga oshirilayotgan “Islomda gender” mavzusidagi loyihasi muhokama etildi. 

Xabaringiz bor, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va O‘zbekiston Respublikasining Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasining “Islomda gender” mavzusidagi loyihasida ishtirok etib, “Islomda gender masalalarining o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmani ishlab chiqqan edi.

Muloqot davomida Bahodir Xo‘jayev kitob haqida ma’lumot berdi. Qo‘llanma islom huquqida ayollarning huquqiy holatini o‘rganishga bag‘ishlangan keng qamrovli tadqiqot bo‘lib, inson huquqlarining ajralmas qismi sifatida ayol huquqlarini o‘rganishini ta’kidladi.

Samimiy muloqot davomida Bett Marshall O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash masalasi yuqori darajaga ko‘tarilgani alohida e’tirof etdi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv qo‘llanmasi mazkur ishlarning mantiqiy davomi ekani ta’kidladi. Akademiya bilan hamkorlik aloqalari bardavom bo‘lishidan xursand bo‘lishini qayd etdi.

Muloqot yakunida delegatsiya a’zolari ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish