238

Akademiyada Yaponiyaning Rivojlanayotgan iqtisodiyot instituti vakili bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Yaponiyaning Rivojlanayotgan iqtisodiyot instituti professori Manabu Shimizu bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi. 

Akademiya vakillari Manabu Shimizu janoblari bilan yuzma-yuz uchrashib turishganidan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv Manabu Shimizu janoblarining Akademiyaning Manbalar xazinasi bo‘limi bilan tanishishidan boshlandi. Turli davrlarga oid qo‘lyozmalar mehmonda katta taassurot qoldirdi. 

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Manabu Shimizu joriy yilning 9-iyulida muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Hurmatli mehmon Prezidentlik saylovi xalqaro standartlarga toʻliq mos holda oʻtganini qayd etdi. O‘zbekiston fuqarolarining saylovdagi faol ishtiroki mamlakatda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga nisbatan yuksak munosabat ekanini ta’kidladi.

Muloqot davomida Zohidjon Islomov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.

O‘z navbatida Manabu Shimizu so‘nggi yillarda O‘zbekiston – Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. 

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash kerakligi qayd etildi. Ta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yish, xususan, Manabu Shimizu ishtirokida onlayn darslar tashkil etish haqida so‘z yuritildi.

Muloqot yakunida hurmatli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirildi. O‘z navbatida Yaponiyaning Rivojlanayotgan iqtisodiyot instituti professori Manabu Shimizu ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirildi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish