234

Akademiyada Islom Hamkorlik Tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazildi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgan Islom Hamkorlik Tashkiloti kotibiyati bo‘lim boshlig‘i Bubakar Adamu boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Akademiyaning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev hamda Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev ishtirok etdi.

Muloqot avvalida Zohidjon Islomov Akademiyaning ilmiy faoliyati, maqsad va vazifalari, yaqin istiqboldagi rejalari hamda Akademiya huzurida faoliyat yuritayotgan markazlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.

Shundan so‘ng Ilyos Mirziyotov Akademiyaning bugungi kundagi xalqaro hamkorlik aloqalari haqida so‘zlab, 40 dan ziyod xorijiy universitetlar Memorandum loyihalari mavjudligini bildirib o‘tdi. Shu bilan birga, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

O‘z navbatida Bubakar Adamu akademiya vakillariga samimiy qabul va berilgan batafsil ma’lumotlardan mamnun ekanini bildirib, tashkilot tarkibiga kiruvchi IRCICA va ICESCO tashkilotlari bilan Akademiya o‘rtasida yaqin hamkorlik o‘rnatilganidan xursandligini ta’kidladi.

Shuningdek, tashkilot tarkibidagi ta’lim, fan va loyihalar bilan shug‘ullanuvchi bo‘lim orqali o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirishga umid bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro fikr almashish va hamkorlikni muhokama etishga imkon tug‘ilganidan xursand ekanliklarini qayd etishdi.

Izoh qoldirish