“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida yurtimiz bo‘ylab sayohatlar tashkil etildi
Turizm, bugungi kunning eng muhim iqtisodiy sohalaridan biri sanaladi. Shu boisdan, dunyoning ko‘plab davlatlari tomonidan ushbu sohani yanada rivojlantirish, bu borada tegishli infrastrukturani jahon standartlari darajasida yaratish va sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Jumladan kuni kecha Qurbon hayiti yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Ayniqsa, “Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida” Prezident qarori imzolangani ayni muddao bo‘ldi. Bayram munosabati bilan 5 kunlik dam olish e’lon qilinib, bayram kunlarida mo‘tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratish nazarda tutildi.
Shu bois, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan ekoturizm va ziyorat turizmi yo‘nalishida “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” shiori ostida yurtimizning xushmanzara oromgohlari, diqqatga sazovor maskanlariga oilaviy hamda jamoaviy sayohatlar uyushtirildi.
Jumladan, Surxondaryo viloyatidagi “Hakim at-Termiziy” ziyoratgohi, “Sangardak” sharsharasi, Buxoro shahridagi “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohi, “Vobkent minorasi” hamda “Sultonul Orifin” maqbarasi joylashgan qadamjosi, “Mir arab” maqbarasi, Qo‘qon shahridagi “Xudoyorxon o‘rdasi”, Andijon viloyatidagi “Bog‘i shamol” dam olish maskani hamda “Zahiriddin Muhammad Bobur” ziyoratgohi, Samarqand viloyatidagi Registon majmuasi, Farg‘ona viloyatidagi “Yetti buloq” ziyoratgohi, Shohimardon dam olish maskani, Toshkent shahridagi “Shayxontohur” va “Zangiota” ziyoratgohlari, Toshkent viloyatidagi Ertoshsoy dam olish maskani, “Chimyon” dam olish maskani, “Yusufxona” sihatgohi, “Kumushkon” dam olish maskani, Chorbog‘ dam olish maskani, Qashqadaryo viloyati “Hazrati Bashr” ziyoratgohi, Xorazm viloyati Xiva shahridagi me’moriy obidalar kompleksi va boshqa yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohatlar tashkil etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Turizm (ziyorat turizmi)” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 1-bosqich talabalari uchun Buxoro viloyatiga sayohat tashkil etildi.
Talabalar musulmon sharqida mashhur bo‘lgan tariqat piri, xojagon-naqshbandiya silsilasining asoschisi Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy maqbarasi, Xojagon silsilasining ikkinchi piri, “Mohitabon” laqabi bilan shuhrat qozongan Xoja Muhammad Orif Revgariy maqbarasi, Vobkent tumanida joylashgan Xoja Mahmud Anjir Fag‘naviy majmuasi, “Chor Bakr” tarixiy-me’moriy majmua markazida bo‘lishdi.
Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar mazkur dam olish maskanlarida miriqib hordiq chiqarishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish