262

30-IYUN – YOSHLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

Qadrli talaba-yoshlar!

Mamlakatimizda jismonan va ma’nan sog‘lom, Vatanga sodiq va albatta, intellektual jihatdan barkamol yoshlarni voyaga yetkazishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Negaki, bugun katta hayotga kirib kelayotgan siz kabi yoshlar Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi tayanch ustunlaridir.

Bugun dunyo miqyosida yoshlarning soni ikki milliarddan ziyodni tashkil etmoqda. Yurtimizda ham aholining 60 foizdan ko‘prog‘i yosh o‘g‘il-qizlardan iborat. Bu – mamlakatimiz yorug‘ istiqbolidan darak. Shu bois, keyingi yillarda Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida yosh avlod kamoloti, ularning yorug‘ kelajagini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 

Birgina misol, bugun farzand dunyoga kelgan kundanoq davlatimiz e’tibori va baxtli oila, ota-onasining taftli quchog‘ida voyaga yetishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotir. Buning uchun, eng avvalo, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida har bir oilaning o‘z uyi, yosh ota-onaning kasb-hunari va albatta, yuqori daromadi bo‘lishi uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotgani oilamiz, qo‘ni-qo‘shnimiz, mahallamiz, umuman, yurtimiz aholisi farovonligida namoyon.

Baxtli va yorug‘ oilada kamol topayotgan farzandlar esa ilk yoshidanoq maktabgacha ta’lim bilan 100 foiz qamrab olinishi bo‘yicha beqiyos ishlar bajarildi. Maktab ta’limi va undan keyin kasb-hunar hamda oliy ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar esa yanada zalvorli. 

Buni o‘zingizning hayotingizda, bilim va kasb-hunar cho‘qqilarini egallash jarayonida his etib, anglab borayapsiz!   

Har yili 30-iyun mamlakatimizda – “Yoshlar kuni” sifatida keng nishonlanishida ham davlatimiz va xalqimizning Siz, yoshlarga e’tibori va g‘amxo‘rligi mujassam, desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Ishonchimiz komilki, bugun yurtimizda davlatimiz rahbari rahnamoligida poydevor qo‘yilayotgan Uchinchi Renessansga Siz, albatta, bir ustun bo‘lasiz!

So‘zim yakunida, mamlakatimizning barcha yoshlari qatorida yana bir bor siz azizlarni azmu shijoat va kamolot ayyomi –  Yoshlar kuni bilan muborakbod etaman!

Ota-onangiz, el-yurtimiz faxrlanadigan, ulug‘ ajdodlarimizga munosib farzand bo‘lish baxti nasib etsin!

Barchangizga sihat-salomatlik, o‘qish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyat, oilaviy hayotda baxt yo‘ldoshingiz bo‘lsin!

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish