195

Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori TABRIGI

Muqaddas dinimizning ulug‘ bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti – Iyd al-adho bilan barcha yurtdoshlarimiz qatorida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasini ham muborakbod etaman!

Mehr-muruvvat, bag‘rikenglik va saxovat ramziga aylangan ushbu ulug‘ ayyom asrlar davomida dunyoda ezgulik, do‘stlikning qaror topishida muhim ahamiyat kasb etib kelmoqda. Tinchlik va totuvlik hukm surgan zaminda ilm-ma’rifat ravnaq topadi, inson, uning qadr-qimmati yuksaladi. Zero, bani odamzodni ilm-ma’rifat bezaydi, uni komillikka yetkazadi.

Shu ma’noda islom dinining, eng avvalo, tinchlik, ezgulik va insoniylik dini, deya e’tirof etilishi bejiz emas. Xususan, Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan. “Baqara” surasida: “Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz!” deya marhamat qilingan.

Mazkur ulug‘ so‘zlarning ahamiyati bugun ham olis-yaqin hududlarda dunyoni tashvishga solayotgan xavf-xatarlar, turli g‘arazli kurashlar to‘xtamayotgan bir paytda yanada dolzarblik kasb etmoqda. 

Allohga shukrki, inson qadri e’zozlangan, baxt-u kamoli, yorug‘ istiqboli oliy qadriyatga aylangan yurtimizdagi fayz-baraka, xotirjamlik va kelajakka ishonch qalbimizda faxr uyg‘otadi.

Azizlar!

Muborak kunlarda xalqimizning bir-birga mehr-oqibat ulashishi, tabarruk otaxon-u munis onaxonlarimiz ezgu duolarini olishga shoshilishimiz yurtimizga ham fayz-baraka, baxt-iqbol keltirishi tayin. 

Shu munosabat bilan barcha yurdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan muborakbod etib, xonadonlariga fayz-u baraka, yurtimizga tinchlik-totuvlik, elimizga farovonlik tilayman! 

Muzaffar KOMILOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish