Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Kengash majlisini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Ma’lumki, muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi.
Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov majlisni ochib berarkan, yaqinlashib kelayotgan Qurbon Hayiti bilan barchani tabrikladi.
Majlis avvalida Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanovga falsafa doktori (PhD) unvoni guvohnomasi topshirildi. Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Habibullo Sadibaqosevning tavallud ayyomi bilan tabriklanib, esdalik sovg‘asi topshirildi.
Shundan so‘ng Akademiya rektori o‘tgan o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish muhim ekanini qayd etdi.
Dastlab O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga 2023-2024-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish hamda bakalavriat bosqichiga hujjat topshiruvchi abituriyentlar uchun “Dastlabki imtihon” dasturi va “Ijodiy (kasbiy) imtihon” dasturi hamda baholash mezonlari hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida 2023-2024-o‘quv yili bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun o‘quv rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Islom ensiklopediyasi bo‘limi boshlig‘i Nurislom Tuxliyev esa Islom ensiklopediyasining navbatdagi jildlarini tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar natijalari va istiqbolli rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
Majlis davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining 2022-yildagi moliyaviy hisoboti va 2023-yildagi budjet hamda budjetdan tashqari mablag‘lar ko‘rsatkichlari to‘g‘risida Moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor Salim Dusanovning hisoboti tinglandi.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan e’lon qilinadigan tanlovlarda akademiyaning ishtirokini kengaytirish, fundamental, amaliy va innovatsion loyihalarda ishtirokni faollashtirish masalalari to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng Kengash yig‘ilishida turli masalalar ko‘rildi. Jumladan, prorektorlar – Zohidjon Islomov hamda Zokirjon Ro‘ziyev Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan monografiyalarni nashrga tavsiya etish to‘g‘risida, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’limi yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini Muvofiqlashtiruvchi kengashga taqdim etish uchun tavsiya etish xususidagi ma’lumotlari eshitildi.
Shuningdek, Akademik litsey ijrochi direktori Firuz Rashidov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyida 2022-2023-o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar hamda qabul parametrlari to‘g‘risida so‘z yuritdi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish