Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!
Dunyo tamaddunini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan.
Darhaqiqat, yurtimizda ham keyingi yillarda o‘g‘il-qizlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini umr yo‘lining yangi davri sari kuzatmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va dini tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un domla G‘ofurov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, Akademiya professor-o‘qituvchialri, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
– Bugun zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallagan yoshlarimiz ishonch bilan katta hayotga kirib kelayotgani barchamizni quvontiradi, – dedi Akademiya rektori. – Zotan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida xalqimiz Uchinchi Renessans davriga mustahkam poydevor qo‘ymoqda.
Ta’kidlash kerakki, jonajon yurtimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Yoshlarning ta’lim-tarbiya olishi, kasb-hunar egallashi, yetuk inson bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Zero, barkamol avlod – Vatanimiz taraqqiyotining hal qiluvchi kuchi!
Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un domla G‘ofurov hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov so‘zga chiqib, bitiruvchi-talabalarga o‘z tilaklarini bildirishdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasini 2022/2023-o‘quv yilida 453 nafar talaba bakalavriat hamda 135 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda.
Tadbir davomida bir guruh professor-o‘qituvchilar, bitiruvchi talabalar hamda “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan “Rektor kubogi” sport bellashuvlarining sovrindorlariga tantanali ravishda diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, QVZ dasturlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish