275

Akademiya vakillari dolzarb mavzudagi seminar-treningda ishtirok etdi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo va Qumqo‘rg‘on tumanlarida “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanma asosida “Islomda gender tengligi va ayollar huquqlari. Islom gender zo‘ravonlikka qarshi. Reproduktiv salomatlik” mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur treningda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori Nigora Yusupova ishtirok etib, ma’ruza qildi.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda tayyorlangan qo‘llanmada respublikada islomda gender tenglik mohiyati, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan mavzular o‘rin olgan.

Treningda Akademiya vakillari bilan birga, UNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari K.Inomxodjayev, shuningdek, yuqoridagi tumanlardagi mahalla faollari hamda targ‘ibot guruhi yetakchilari ishtirok etdi. 

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, loyiha va yaratilgan qo‘llanma haqida yig‘ilganlarga ma’lumot berdi. 

Treninglarning asosiy qismida Nigora Yusupova gender masalasining umumijtimoiy jihatlari, ijtimoiy­-tarixiy negizlari, uning madaniy-­ma’naviy xususiyatlarini hamda islom ta’limotida ayollar masalasini hal etishning ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy, ma’rifiy-­tashkiliy jihatdan o‘ziga xosligini huquqiy nuqtayi nazardan tadqiq etilgani, shu bilan birga, huquqiy hamda diniy normalarni o‘z ichiga olgan islom huquqining tuzilishini inobatga olib, tadqiqotda islomda ayol huquqlarini islom huquqining asl manbalari Qur’oni karim va hadislar asosida ochib berilganini tushuntirib o‘tdi.

Shuningdek, islom huquqida ayollarning fuqarolik huquqi, oila huquqi, siyosiy huquq nuqtayi nazaridan hal etishning ijtimoiy­-iqtisodiy, ma’naviy-­axloqiy asoslari, islom huquqi normalarida oilaviy munosabatlarga kirishishdagi ayollarning huquqlari, mahrga oid huquqlar, nafaqa, meros taqsimotidagi ulushlari hamda siyosiy huquqlari islom huquqining asosiy manbalari orqali, gender va gender tengligi, reproduktiv salomatlik, ayollar va qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish masalalari yoritib berildi.

So‘nggi yillarda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida qabul qilingan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar ularning mazmun-mohiyati to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. 

Treningda ishtirokchilar bunday ma’lumotga boy tadbirlar ularning kundalik ish faoliyatida g‘oyat ahamiyatli ekanini ta’kidladilar. Xususan, ular doim duch keladigan oilaviy ajrimlar, muammoli vaziyatlarni bartaraf etish, zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan xotin-qizlarga ko‘mak berish, aholi o‘rtasida reproduktiv salomatlikni keng targ‘ib etishda bu kabu o‘quv seminarlar zarur ekanligini aytib, qo‘llanmani mumkin qadar ko‘proq nashr etib, barcha sohaga doir mutaxassis va xodimlarga tarqatish taklifini bildirdilar.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish