Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim ABDURAHMONOV: Talabalar uchun zamonaviy va xavfsiz sharoit yaratish eng dolzarb vazifa
Dolzarb mavzu
Yana bir o‘quv yili poyoniga yetmoqda. Ammo ostonada yangi mavsum eshik qoqib turibdi. Shu bois, talabalari yozgi ta’tilda bo‘lgan davrda ham oliy ta’lim muassasalari pedagog jamoasi va rahbariyati zimmasidagi mas’uliyat bir misqol ham kamaymaydi. Zero, navbatdagi o‘quv yilida talabalar erishadigan muvaffaqiyat va ularga yaratiladigan qulayliklar uchun har bir soniya g‘animat, bajariladigan vazifalarning qiymati bebaho.
Shu nuqtayi nazardan, bugun erta tongdan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda o‘rinbosari Sarvarxon Buzrukxonov hamrohligida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining yangi qurilayotgan Talabalar turar joyidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Poytaxtimizning Mirzo Ulug‘bek tumanida qad rostlagan 400 o‘rinli, yetti qavatli Talabalar turar joyi yangi o‘quv yilida tolibi ilmlar ixtiyoriga topshirilishi belgilangan. Shu bois davlat-xususiy sheriklik shartlariga muvofiq “Qandolat tuhfasi” MChJ tomonidan davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya mablag‘lari hisobidan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov qurilish maydonida amalga oshirilayotgan ishlarni tanqidiy nuqtai nazardan batafsil o‘rganib chiqdi. Binoga kirish ostonasidanoq qurilish-bunyodkorlik ishlarining texnika va yong‘in xavfsizligi talablari asosida bajarilishini ta’minlash zaruratiga e’tibor qaratdi. Bino atrofining ekologik holati, ko‘kalamzorlashtirilishi va talabalar uchun shinam va ko‘rkam sharoit yaratishga doir o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi. Ayniqsa, binoning yuqoridagi qavatlarida yashovchi talabalarga qulaylik yaratish va xavfsizligini ta’minlash uchun binodagi liftlar faoliyati, ularning sifatli o‘rnatilishi hamda deraza oynalari muhofazalanishiga muhim e’tibor qaratildi.
– O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi eng namunali va yetakchi oliy va ilmiy-tadqiqot muassasasi bo‘lgani bois, yangi Talabalar turar joyi ham har jihatdan xalqaro maqomga munosib bo‘lishi kerak, – dedi Ibrohim Abdurahmonov mas’ullarga yana bir bor oldidagi vazifalarni uqtirakan. – Shu nuqtayi nazardan, bunyodkorlik ishlarini sifatli tashkil etish, ayniqsa, talabalar uchun qulay sharoitlarni yaratish borasida yuqori talablar qo‘yilishi lozim.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari uchun munosib sovg‘a sifatida hozirlanayotgan yangi Talabalar turar joyida hozirda so‘nggi pardozlash va atrofini obodonlashtirish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Bunyodkorlik ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlash doimiy diqqat markazida ekani yana bir bor ta’kidlandi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish