“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi davra suhbatlari davom etmoqda
Ma’lumki, XXI asr axborot asri bo‘lib, hozirgi avlod globallashuv jarayoni shiddatli tus olgan zamonda yashamoqda. Aynan yoshlar turli ko‘rinishdagi g‘oyaviy xurujlar nishoniga aylanayotgani ham hech kimga sir emas. Ularning ongiga sof islom dini ta’limotiga zid aqidalarni singdirish, o‘zbekona milliy va diniy qadriyatlarimizdan voz kechishga targ‘ib etish kabi xatti-harakatlar avj olmoqda.
Bu borada yoshlarda g‘oyaviy immunitetni shakllantirish, ma’naviy va mafkuraviy tahdidlardan himoyalash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida soha mutaxassislari, olimlar ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilmoqda.
“Jaholatga qarshi ma’rifat” mavzusidagi ana shunday tadbirlardan biri Mumtoz sharq filologiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti hamkorligida o‘tkazildi.
Davra suhbatida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar prorektori Zohidjon Islomov, Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov, Jamoat xavfsizligi universiteti boshlig‘i tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, polkovnik Ikrom Mahmudov, Psixologik ta’minlash bo‘limi boshlig‘i, polkovnik Zafar Abdullayev, “Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi mudiri professor Zebo Kasimova, Akademiya xodimlari, talabalar hamda Jamoat xavfsizligi universiteti kursant-qizlari ishtirok etdi
Mazkur tadbir O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Jamoat xavfsizligi unversitetida tahsil olayotgan qizlar va kursantlarimizning diniy bilimlarini oshirish, psixologiyani diniy masalalardagi o‘rni (ahamiyati) yoki diniy masalalarda psixologik yondoshuvlar va bilimlarni takomillashtirish, akademiyada yaratilgan shart-sharoitlar hamda imkoniyatlar bilan tanishish va o‘zaro do‘stona hamkorlikni yaratish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuvni Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti dekani Sayyora Chiniyeva olib bordi. Muloqotni Akademiya prorektori Zohidjon Islomov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, hozirgi kunda yoshlarimizni yo‘ldan ozdirishga, o‘zlarini puch g‘oyalari bilan zaharlashga qilinayotgan xarakatlar barchamizni tashvishga solayotganini qayd etdi. Buning oldini olish uchun esa inson ilm-ma’rifatli bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Davra suhbati davomida “Islomshunoslik va islom tarixini o‘rganish ICESCO” kafedrasi professori Ilhom Bekmirzayev milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan yondashadigan, qat’iy hayotiy e’tiqod va qarashlarga ega, milliy mentalitetimizga yot, zararli ta’sirlarga qarshi turishga qodir yoshlarni tarbiyalash, dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan, din niqobi ostida faoliyat olib borayotgan turli diniy ekstremistik tashkilotlarning yoshlarni aldov yo‘li bilan o‘z saflariga qo‘shib olayotganidan, talaba-yoshlarni bunday guruhlar tahdididan doimo ogoh va hushyot bo‘lishi kerakligi haqida so‘z yuritdi.
Davra suhbatida “Tarbiyasi, saviyasi, axloqi go‘zal bo‘lgan ayol, har qanday yoshda ham betakror va chiroylidir” hamda “Ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda milliy qadriyatlar va diniy jihatlar o‘rni” mavzusida ma’ruzalar tinglandi.
Tadbirda yaqin insonidan (otasidan) ayrilganda ortirilgan stress holatidan chiqishda psixolog mutaxassisning profilaktik yondashuvi yoki diniy maslahatlar o‘rni, “Piramida” shaklida tuzilgan savol-javoblar kabi turli metodlar orqali muloqot olib borildi. Stress holatiga tushib qolgan qizni bu vaziyatdan chiqib olish yoki atrofdagi do‘stiga yordam ko‘rsatish bo‘yicha diniy va psixologik yondashuvlarini izohlab berish kabi jihatlarga e’tibor qaratildi.
Davra suhbati yakunida mehmonlar yuqori darajadagi hurmat va mehmondo‘stlik uchun Akademiya mutasaddilariga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Yakunda mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirarkan, mazkur manbalar ularda katta taassurot qoldirganini qayd etishdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish