233

“Haj-2023” mavsumi: e’tirof va mamnuniyat

Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda ziyoratchilarimizni muborak Haj safariga yuborish jarayoni davom etmoqda. Bo‘lajak hojilarimiz yaratilgan sharoitlardan mamnun bo‘lib, ibodat va duolarni qilmoqdalar. 

E’tiboringizga Makka shahrining janubiy Aziziya mintaqasida joylashgan “Ar-Roshidiya” mehmonxonasi haqida qisqa ma’lumot taqdim etamiz. Ushbu mehmonxona Harami sharifdan 5,5 kilometr uzoqlikda bo‘lib, Ka’batullohga 24 soat davomida zamonaviy avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Bu hojilarimizga istalgan vaqtda ibodatlarini Masjidul haromda ado etish imkonini beradi.

Mazkur yangi barpo etilgan 16 qavatli mehmonxonaning foyelari keng va yorug‘ bo‘lib, hojilarimizga 40 ta zamonaviy lift xizmat ko‘rsatadi. Mehmonxonaning 2300 dan ziyod to‘rt kishilik xonasi 9300 nafardan ortiq hojini o‘z bag‘riga oladi.

Bir vaqtning o‘zida 5000 kishi ovqatlanishi mumkin bo‘lgan oshxonada ziyoratchilarimizga uch mahal tansiq taomlar, sarxil mevalar, shirinliklar-u sharbatlar tortiq qilinmoqda.

Mehmonxonada tibbiy markaz va O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi tashkil etilgan bo‘lib, shifokor va mas’ullar 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilar Madina shahridan birin-ketin Makkai mukarramaga kelib joylashayotgan “Ar-Roshidiya”dan tashqari “Laba Darna”, “Abraj al-Dana”, “Ruba al-Hijaz” singari mehmonxonalar haqida ham kelgusida ma’lumot beramiz.

Safar bilan bog‘liq jarayonlarni rasmiy sahifalarimizda kuzatib boring.

Manba:

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita

Axborot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish