Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni
Asrlar davomida ayolni e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish o‘zbek xalqiga xos fazilat bo‘lib kelgan. Shu ma’noda so‘nggi yillarda mamlakatimizda gender tenglik, xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash masalasida juda katta o‘zgarishlar yuz bermoqda. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar “Hech bir ayol davlat va jamiyat e’tiboridan chetda qolmaydi” degan qat’iy tamoyil asosida davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotir.
Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Milliy va ma’naviy qadriyatlarning yuksalishida ayollarning o‘rni” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Oflayn va onlayn tarzda “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilanganini e’tirof etdi.
Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadigan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilbar G‘ulomova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Siyosatshunoslik” kafedrasi professori, Toshkent shahar “Olima ayollar uyushmasi” raisi E’tibor Sultanova, O‘zFА Tarix instituti bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD Mashhura Darmonova, Toshkent davlat transport universiteti “Xalqaro ommaviy huquq” kafedrasi dotsenti, “Olima ayollar uyushmasi” raisi Shoira Yunusova, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” Davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Muslimbek Alijonov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, ekspert-olimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Konferensiyada “Yangi O‘zbekistonda oila va ayollarga eʼtibor – muhim strategik yo‘nalish”, “Ayollаrning mа’nаviy vаzifаsi”, “Oilаdа qаdriyatlаrning o‘rni”, “Jаmiyat mа’nаviy muhitidа onаlаr burchi vа mаs’uliyatining funksionаllаshuvi”, “G‘аrb vа Shаrq mаmlаkаtlаri tаrаqqiyotidа gender tenglikning ijtimoiy mаsаlаlаri”, “Temuriylаr imperiyasidа аyollаr vа homiylik”, “Jadid taraqqiyparvari G‘oziy Yunus ijodida xotin-qizlar ta’limining tutgan o‘rni”, “Oilа tinchligi jаmiyat fаrovonligining аsosidir” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Anjumanda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish, sog‘lig‘ini saqlash, kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarni e’tirof etishdi.
Bu borada davlatimiz rahbari “Аyolni eʼzozlash, ayolga ehtirom ko’rsatish xalqimizga xos olijanob qadriyat hisoblanadi. Biz, barchamiz qanday kasb, qanday lavozimda ishlamaylik, qalbimiz, yuragimizdagi jamiki ezgu fazilatlar uchun siz, mehribon ayollardan umrbod qarzdormiz. Yer yuzidagi har qaysi jamiyatning madaniy darajasi uning ayollariga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi”, deb ta’kidlamagan edilar.
Qizg‘in muhokamalar, savol-javoblar tarzida o‘tgan anjuman ishtirokchilarda katta taaasurot qoldirdi.
Yakunda konferensiya materiallari bo‘yicha to‘plam nashr etish rejalashtirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish