Targ‘ibotchilar uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda “Radikal g‘oyalarga qarshi raddiyalar berish ko‘nikmasini mustahkamlash asoslari” yo‘nalishi bo‘yicha targ‘ibotchilar uchun ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Uyg‘un G‘afurov va Idora huzuridagi Oliy va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarining professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat targ‘ibotchilar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etishdi.
Mazkur seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yildagi Buxoro viloyatiga tashrifi va Mir Arab Oliy madrasasi o‘qituvchilari hamda diniy-ma’rifiy soha vakillari bilan uchrashuv jarayonida belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yurtimiz bo‘ylab mahallalarda uyushmagan yoshlar va aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlami bilan olib boriladigan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tadbirlarini yanada takomillashtirish, ma’rifiy suhbatlar olib borish va radikal g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni ijtimoiy hayotga qaytarish borasidagi amalga oshirilgan ishlar tahlil etildi.
Seminar davomida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari U.G‘afurov, Akademiya professori, tarix fanlari doktori I.Bekmirzayev, Mir Arab oliy madrasasi rektori J.Elov, Sayyid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi mudiri R.Mahmudov va Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori N.Ibragimova so‘zga chiqib, “Yot g‘oyalar ta’siriga tushgan shaxslarni ijtimoiylashtirish masalalari”, “Buxoro tajribasi” doirasida Buxoro viloyatidagi mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash maqsadida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va kelajakdagi rejalar”, “Diniy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan har bir talabaning o‘z yaqinlari, do‘stlari, mahalladoshlari orasidan 1 nafar adashganni to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda “Sayyid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi targ‘ibotchilari tomonidan qo‘llaniladigan metodlari” hamda “Ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalari targ‘ibotchilari va otinoyilar tomonidan mahallalardagi xotin-qizlar o‘rtasida “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida olib borilayotgan amaliy ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari” mavzularida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdilar.
Unda fuqarolar bilan ishlashda shaxslarning ijtimoiy holati, oilaviy sharoiti, mutaassiblik belgilari, yakka tartibda va jamoa bilan suhbat olib borish, suhbatdoshni tinglash va u bilan samimiy muloqotga kirishishga doir tavsiyalar berdi.
Seminar yakunida hududlarda ishlash bo‘yicha mas’ullarga ma’rifiy suhbatlarni tashkil etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Izoh qoldirish