270

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Singapur elchisi oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi

Singapur Respublikasi Adliya va ichki ishlar vaziri Kasivisvanatxon Shanmugam hamda ushbu mamlakatning Oʻzbekistondagi elchisi Zulkifli Baharuddin boshchiligidagi delegatsiya Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Markaz rahbariyati va Singapur Respublikasi delegatsiyasi oʻrtasida ikki tomonlama amaliy hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazildi. 

Muloqotda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Jamoliddin Karimov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev va markaz xodimlari ishtirok etdi.

Suhbat avvalida Markaz direktori Jamoliddin Karimov hurmatli mehmonni mazkur tashrifidan mamnan ekanligini bildirdi.  

O‘z navbatida Kasivisvanatxon Shanmugam Oʻzbekiston hududidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning jahon ilm-fani va sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini eʼtirof etib, Movarounnahr nafaqat islomiy ilmlar, balki dunyoviy ilm sohalarida ham dunyoning eng qadimgi madaniy markazlaridan biri boʻlganiga eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, Kasivisvanatxon Shanmugam Markaz faoliyati, jumladan, asosiy maqsad va vazifalari, ajdodlar merosini oʻrganish hamda keng targʻib qilish hamda islomshunoslikka oid zamonaviy muammolarning ilmiy-nazariy yechimlarini topish boʻyicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan yaqindan tanishdi. Xususan, Markazning bugungi kunda global muammoga aylanib boʻlgan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, buzgʻunchi gʻoyalarga qarshi raddiya berish boʻyicha tajribasiga alohida qiziqish bilan qaraldi. Kasivisvanatxon Shanmugam Markaz tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholab, istiqbolda aynan ushbu sohada oʻzaro tajriba almashish maqsadida xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyishga kuchli ehtiyoj mavjudligini taʼkidladi.

Muzokaralar davomida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Singapurdagi ilmiy-tadqiqot muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish hamda zamonaviy islomshunoslikka oid masalalarni tadqiq etishga qaratilgan qoʻshma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Izoh qoldirish