Mahmudxo‘ja Behbudiy – buyuk ma’rifatparvar
MAQOLA
Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy otasidan juda yosh yetim qoladi va tog‘asi – qozi Muhammad Siddiq qaramog‘ida voyaga yetadi. Ota tomondan Ahmad Yassaviyga, ona tomondan urganchlik xo‘ja Niyozxo‘ja avlodiga mansub bo‘lajak olim ziyoli va ma’rifatli oilaning farzandi bo‘lgan.
Kichik tog‘asi Mulla Odildan arab tilini o‘rganib, 18 yoshida qozixonada mirzolik qila boshlagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab Samarqandda, keyinroq esa Buxoroda tahsil olgan. Yosh Mahmudxo‘janing dunyoqarashining shakllanishida Ismoilbek Gaspirali va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi gazeta va jurnallarni muntazam kuzatib borgani katta rol o‘ynagan.
1899-1900-yillarda buxorolik do‘sti Hoji Baqo bilan haj safarida bo‘lgan. Uning sakkiz oylik safari besamar ketmagan. Bir tomondan jadid gazetalari va ikkinchi tomondan Kavkaz, Turkiya, Misrda ko‘rgan o‘quv muassasalari ta’sirida u 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajab qishloqlariga borib, o‘sha yerlik ma’rifat ahli bilan hamkorlikda usuli jadid maktablarini ochadi, va ular uchun “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905), “Risolai jug‘rofiyaiy Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kitoblarini yozdi. Moskva, Peterburg, Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda, keyinchalik ikkinchi marta arab mamlakatlarida sayohatda bo‘ladi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy biz musulmonlar nima uchun Qur’on, san’at va g‘ayratdan uzoq ketdik, deya kuyinadi. 1913-1914-yillarda turkistonlik qardoshlar bolalarini hukumat maktablariga bera boshlaganlar. Ma’rifat shaydosi qayerga bormasin, o‘sha yerda birinchi navbatda o‘quv muassasalari, madaniyat maskanlari, maishiy tarmoqlar faoliyati bilan qiziqqan. U Bayrutdagi dorilfununlar Yevropa va Amerika sarmoyadorlari tomonidan idora etilsa-da, asosiy fanlar arab tilida o‘qitilishi, fransuz, ingliz, nemis tillarida faqat bir fan o‘qitilishiga alohida e’tibor bergan. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq lozim edi. Birgina maktab ma’rifat uchun yetarli emas edi o‘sha davrlarda.
Millat uchun oyna kerak edi, mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatrga, matbuotga yaqinlashtirdi. “Padarkush” dramasi 1913-yilda bosilib chiqdi va kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos bo‘lishining yubiley sanasiga bag‘ishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olinadi .Bosilib chiqqandan keyin bir yillar keyin sahnaga olib chiqiladi.
“Padarkush” dastlab Samarqandda 1914-yilning 15-yanvarida sahnaga qo‘yildi. Spektakl boshlanishi oldidan Munavvarqori Abdurashidxonov teatrning jamiyat hayotidagi o‘rni haqida nutq so‘zlaydi. Bosh rolni Abdulla Avloniyning o‘zi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi. “Turon” gruppasi bu spektakl bilan 1914-1916-yillarda butun Farg‘ona vodiysini aylanib chiqadi. Turkistonni junbushga keltirgan qirg‘inbarot inqilob yillarida ham sahnadan tushmaydi. Bu bir tomondan millatni ma’rifat va taraqqiyot sari undashda katta ahamiyatga ega bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan professional o‘zbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim qadam bo‘ldi.
Adibning barcha tarixiy-ilmiy mavzudagi maqolalari o‘tmishga kamoli ehtirom va e’tiqod bilan yozilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy millat o‘zini anglagandagina ijtimoiy-siyosiy masalalarni boshqalar bilan muhokama eta oladi, degan fikrda bo‘ldi. Shuning uchun ham tarixga alohida e’tibor berdi. Umuman Behbudiyning publitsist sifatidagi faoliyati adib iste’dodini juda yorqin bir qirrasini tashkil etadi. U umri davomida yuzlab maqolalar yozdi.
Uning millat va vatan taqdiri haqidagi barcha qarashlari avvalo mana shu maqolalarda aks etgan. 1906-yil 10-oktabrdagi “Xurshid” gazetasida bosilgan “Xayrul umuri avsotibo” (Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir) maqolasi ayniqsa diqqatga sazovor. Bu maqola uzoq yillar sovet tarix fani nuqtai nazaridan baholanib, Behbudiyni qoralash uchun nishon bo‘ldi. U o‘sha yillardayoq sotsialistik ta’limotni va uni Rossiyada amalga oshirishga bel bog‘lagan Lenin partiyasini keskin rad etgan edi. U ham ustozi I.Gaspirinskiy singari Rossiyada sotsializmni zo‘ravonlik hisoblab, sotsial tenglikni adolatsizlik deb hisoblagan. Shaxs manfaatdorligida, millat ravnaqida taraqqiyotning buyuk omilini ko‘rgan. Xuddi shu e’tiqod uni Turkistonning mustaqilligiga yetaklagan. Behbudiyning ma’rifatparvarlik dasturi quyidagilardan iborat edi:
Birinchidan, bolalarni musulmon, usuli jadid maktablari va gimnaziyalarida o‘qitish, ikkinchidan bolalarni Sharq mamlakatlari va Rossiyadagi dorilfunun hamda dorilsanoatlarga o‘qishga yuborish, uchinchidan, bolalarni rus hukumati maktablarida o‘qitish, ikki yil uchun to‘lanajank olti yuz so‘mni to‘y-ma’rakalar uchun jamlangan mablag‘lardan olish, eski madrasa, mozor-u masjid matablarining shikastlarini ta’mirlash, bolalarni tarbiya qiladigan pansionatlar ochish, tibbiyotxonalarni zamonaviy, milliy va diniy ruhdu bo‘lishiga erishish, tarbiyaxonalar ochish va bolalarni hukumat maktablariga tayyorlash uchun “Nashri maorif”, “Jamiyati xayriya” yoki “Jamiyati atfol” singari jamiyatlar tashkil etish, bu jamiyatlar yordamida va tegishli malakali o‘quv yurtlarida o‘qitish orqali huquqshunos, muhandis singari mutaxassislar bilan birga zamona maktabdori, millat homiysi va xodimi, texnik va banklarda ishlay oladigan va umuman Turkistonda ochilajak idoralarda ishlaydigan xodimlarni yetishtirishdir.
Mahmudxo‘ja Behbudiy 1919-yilning bahorida parishon holda yo‘lga chiqadi va Shahrisabzda qo‘lga olinib, taxminan ikki oy o‘tgach, Qarshiga keltirilib, zindonga tashlanadi. Bir necha kundan so‘ng Qarshi begi Tog‘aybekning buyrug‘i bilan zindon yaqinidagi “podsholik chorbog‘i”da o‘ldiriladi. Uning qatli haqidagi xabar o‘sha paytdagi poytaxt Samarqandda rosa bir yildan keyin ma’lum bo‘ladi. 1920-yilda butun Turkiston motam tutadi.
Millat va Vatan mustaqilligi, taraqqiyoti yo‘lida fido bo‘lgan inson – Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi xalqimiz yuragida mangu yashashi shubhasiz.
Muhammadsodiq LAPASOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islomshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi
Izoh qoldirish