276

Akademiya vakillarining Qozog‘iston Respublikasiga xizmat safari samarali o‘tdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri v.b. Roziya Matibayeva hamda “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi Durbek Rahimjonov Qozog‘iston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarida xizmat safarida bo‘lib qaytishdi. 

Dastlab Akademiya vakillari Xoja Ahmad Yassaviy nomidagi Qozoq-Turk xalqaro universiteti Teologiya va Filologiya fakultetlarida bo‘lishdi. U yerda Filologiya fakulteti dekani professor D.Kenjetayev hamda Teologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda delegatsiya a’zolari O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-tadqiqot, nashr va o‘quv ishlari bo‘yicha suhbatlashildi. 

Shu kunning o‘zida universitetning Filologiya va Teologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari, ilmiy-tadqiqotchilari hamda talabalari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. 

Uchrashuvda Durbek Rahimjonov “O‘zbekistonda so‘nggi yillarda diniy sohada erishilgan yutuqlar” mavzusida ma’ruza qildi. Unda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda o‘z faoliyatini boshlab, muvaffaqiyatli natijalarga erishgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, allomalarimiz sharafiga atalgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi va boshqa ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy muassasa va tashkilotlar faoliyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri v.b. Roziya Matibayeva “O‘zbekistonda chet tili zamonaviy ta’limida vosita til muammosi va innovatsion yondashuv” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Din psixologiyasi va pedagogikasi” kafedrasi dotsenti G.Fuzailova ham ma’ruzasi bilan qatnashdi.

Uchrashuv yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

Shuningdek, dotsent Durbek Rahimjonov tinglovchilarga “Abu Hafs Nasafiyning hadis ilmi rivojidagi o‘rni” mavzusida ma’ruza qildi. Akademiya o‘qituvchisi bugungi kunda yurtimizda moturidiyshunoslikning istiqbollariga to‘xtalib, “Ta’vilot al-Qur’on” kitobining 25-30-juzlarining o‘zbek tilidagi nashrlari haqida batafsil ma’lumot berdi. Yurtimizda olib borilayotgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” yo‘nalishidagi ishlarda hanafiya-moturidiya yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatgan alloma ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘llari va ilmiy meroslarining o‘rganilishi katta ahamiyat kasb etayotgani haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. 

O‘zbekistonda hanafiylik fiqhiga oid nashr – Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asari nashrining amalga oshirilishi haqidagi taqdimot tinglovchilarda alohida taassurotlar qoldirdi. 

Uchrashuv nihoyasida universitet vakillariga “Hidoya” kitobining o‘zbek tilidagi nashri 1-3-jildlari sovg‘a sifatida topshirildi.

Izoh qoldirish