301

Maʼrifatga baxshida umr

MAQOLA

Xotira – muqaddas, xotira – aziz. Bugungi munavvar kunlarning shukuhiga yetolmagan, bir umr el-u yurtini mustaqil, osoyishta koʻrmoqni istab, yashab oʻtganlar yodi undan ham aziz. 

Xotira va qadrlash kunlarida Turkiston jadidchilik harakatining yorqin vakillaridan biri – birinchi oʻzbek dramaturgi, shoir, publitsist, noshir, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, taraqqiyparvar olim Mahmudxoʻja Behbudiyni xotirlash kuni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yuqori sur’atda oʻtkazildi.

Asli samarqandlik olimning ota tomondan Ahmad Yassaviyga, ona tomondan Urganch xoʻjalaridan Niyozxoʻja avlodlarga borib taqalishi, olimning avlodlari ziyoli insonlar ekanidan dalolat beradi.

Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boshlarida Turkiston jadidchilik harakatining rahbari sifatida oʻzining maʼrifat, hurriyat, istiqlol va ozodlik haqidagi orzu-umidlari bilan yashab, Turkistonning chorizm davridagi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy taraqqiyoti yoʻlidagi kurashda ham oʻz eliga qanot boʻldi.

Tarixiy-ijtimoiy davr taqozosi bilan harakatga kelgan jadidchilikning yorqin namoyondasi, xalq turmushida kechayotgan qashshoqlanish jarayonining oldini olish va jaholat botqogʻida yashayotgan xalqqa madad qoʻlini choʻzishni maqsad qildi. Millat ozodligiga erishish, xalqni har tomonlama ayanchli ahvoldan xalos etishning birdan-bir asosiy yoʻli esa xalqning maʼnaviy va maʼrifiy ilmini yuksaltirish edi. 

Xalqni uygʻotish maqsadida 1901-yildan boshlab “Taraqqiy”, “Osiyo”, “Turkiston viloyati gazeti”,  “Xurshid” gazetalarida 200 dan ziyod maqolalar eʼlon qildi.1913-yilning avgust oyida esa  “Oyina” jurnali omma eʼtiboriga havola etildi. “Oyina” jurnali xalqni maʼrifatli va madaniyatli boʻlishida beminnat xizmat qildi. Unda millat va uning huquqlari, tarixi, shuningdek, turli bahsli masalalar va ularning yechimlari, til-adabiyotga doir muammolar haqida soʻz borar edi. Shuning uchun ham bu jurnal jadidchilarning eng sevimli nashriga aylanib ulgurdi. Shuningdek, Behbudiy Samarqandda ilk zamonaviy kutubxona  “Qiroatxonai islomiya”ni ham tashkil etdi. Mazkur davrning eng katta ziyo maskani sanalgan bu kutubxonada 1000 dan ziyod kitoblar mavjud edi.

Lekin xalqning maʼrifatli boʻlishi uchun birgina maktab taʼlimiga eʼtibor berishning oʻzi yetarli emas edi. Jamiyatni atrofda boʻlayotgan zamon va dunyo voqealari bilan tanishtirib, shu bilan birgalikda millat va Vatanning kundalik hayotidagi ahvolini ham koʻrsatib berish zarur edi. Binobarin, bu yoʻlda xalqqa shunday bir koʻzgu kerak ediki, millat unda oʻz ahvolini koʻra olsin. Inson hayotida boʻlayotgan voqealar orasida boʻlgani uchun ham baʼzan vaziyatga toʻgʻri baho bera olmaydi, lekin uni atrofdan kuzata turib, tanqidiy baho bera oladi. Dramaturgiya qoʻlida shunday qurol borki, u haq va nohaqni qanday ekanini insonlarga namoyish eta oladi. Behbudiyning “Padarkush” dramasi Oʻrta Osiyodagi oktabr inqilobiga qadar yozilgan va sahnalashtirilgan birinchi sahna asari hisoblanadi. 

Ushbu drama  1911-yilda yozilgan boʻlib, oradan ikki yil oʻtgach, yaʼni 1913-yilda kitob holida nashr ettirilgan. Drama hajman nihoyatda ixcham, mazmunan va tushunarli boʻlib, unda jaholat, tarbiyasizlikka, ilmsizlikka qarshi maʼrifat ulugʻlanadi. Muallifning maqsadi “oʻqimagan bolaning holi”ni, ayanchli oqibatlarini bayon etish edi. Behbudiy yoshlar taʼlim olishi va kamolga yetishishida ijtimoiy va oilaviy muhit alohida oʻrin tutishini drama negiziga joylashtiradi. Hattoki, bir qahramon tilida oʻz maqsad-gʻoyalarini ham bayon etadi: “Bizlarni xonavayron… bevatan va bandi qilgʻon tarbiyasizlik va jaholatdir, bevatanlik, darbadarlik, asorat, faqirlik, zaruriyat va xorliklar… hammasi ilmsizlik va betarbiyalikning mevasi va natijasidir…”.

Yozuvchi asardagi oʻqimagan bola minglab shu yurt bolalarining birigina emas, balki ilm va maʼrifatdan bebahra qolayotgan oʻzbek xalqining jonli timsoli ham ekanini qayd etadi. Dramada yosh avlodning kelajagi jaholat botqogʻiga qanday botayotganini koʻrsatish bilan birga, asar qahramoni boʻlgan boy tilida, oʻsha zamon uchun monand ayni haqiqatni ham bayon qiladi: “Mani savodim yoʻq, bovujud, bu shahrimizning katta boylaridandurman va har ishni bilurman”. Hayotda moddiy boylik bilan bir qatorda, maʼnaviy va ruhiy boylik ham borligini bilmagan, oʻz nafsini qondirish, boylik topishdan boshqa ilinji yoʻq, tubanlik botqogʻiga botib ketgan, “boy” deya ulugʻlangan bu inson, oʻsha davrning “vallomati” boʻlgangi, millatning qanchalik jaholatga botganini koʻrsatadi.

Maʼrifatparvar olim shu kichik drama orqali oʻsha davr uchun xos boʻlgan tuzumni, mafkurani, millatning qanday achinarli ahvolda ekanini ochiq-oydin koʻrsatadi. Agar millatning hayoti shu tarzda davom etsa, millatning taqdiri qanday zavol topishini asar qahramonlarining hayoti orqali bayon etadi. Drama Turkistonda jamiyat hayotidagi turli xil xunrezliklarni ochiq va roʻyi-rost koʻrsatib berdi. Bu bir tomondan xalqni maʼrifat va taraqqiyotga undasa, ikkinchi tomondan, oʻzbek dramaturgiyasining  mukammal maydonga chiqishiga asos boʻlib xizmat qilgani tayin.

Koʻrinadiki, Behbudiyning hayotdagi eng katta maqsadi, oʻzbek millatini maʼrifatli, maʼnaviyatli qilish boʻlgan, shuning uchun ham oʻz sarf-xarajatlaridan  katta qismini jadid maktablari uchun sarflagan.

Xulosa qilib aytganda, Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boshlarida maʼrifat, adabiyot, madaniyat maydoniga dastlabki qadamini tashlab, tez orada katta obroʻ-e’tiborga ega boʻlgan, Turkistondagi milliy uygʻonish harakatiga tamal toshini qoʻyish bilan ota- bobolari boshlagan maʼrifatparvarlik ishlarini yangi tarixiy davr sharoitida davom ettirgan ziyoli va buyuk ajdodlarimizdan biridir.

Xalqni maʼrifatga, ilm ziyosiga bagʻishlagan umr esa hamma zamonlarda ham avlodlar uchun oʻrnak boʻlib qolaveradi.

Eleonora KELDIYOROVA,

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 

“Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi)” yo‘nalishi 2-bosqich talabasi

Izoh qoldirish