Men Vatan deb yo‘lga tushdim
SHUKUH
(safarnoma)
Navoiyning aziz nomi bilan...
Onamiz beshigimiz uzra alla bilan yuragimizga mehrini solgan O‘zbekistonimizning har bir go‘shasi jon qadar aziz, imon qadar suyanchdir.
Atoqli olimlar, sohirnafas shoir-u yozuvchilar, taniqli san’atkorlar, xullas, o‘ttizga yaqin ziyolilar safida “Xalqchil Konstitutsiya bilan xalqchil davlat sari” shiorini dilga tugib, “Ma’naviyat festivali” doirasida yo‘lga otlanar ekanmiz, ona yurtimiz buguni va ertasi uchun mas’ulligimizni his qila boshladik. Safarimizda buguniga shukronasi mo‘l, ertasiga ishonchi yorqin yurtdoshlarimiz bilan yuz ko‘rishdik, dildan suhbatlashdik. So‘ng bu taassurotlarni iftixor bilan qog‘ozga ko‘chirdik.
Yangi O‘zbekiston strategiyasi Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘vor maqsad-u azm-u shijoatimiz timsoliga aylanib ulgurdi. Uning zamirida ma’naviy yangilanish, ma’rifatli jamiyat sari intilish yo‘g‘rilgan qudratli kuch jo‘shib turibdi.
...Karmana tumanining “Mirsaid Bahrom” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari bilan uchrashuvdamiz.
– Islohotlar maqsadi inson qadriga qaratilgani bilan xalqimiz olqishiga sazovor bo‘lmoqda, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi hamshirasi Guljahon Narziyeva. – Ayniqsa, bilim olish, kafolatli va bepul tibbiy xizmatdan foydalanish borasidagi yangilanishlar mevasini shaxsiy hayotim misolida ham ko‘rsata olaman. Keyingi yillarda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida aholini eng zarur dori vositalari bilan bepul ta’minlash yo‘lga qo‘yilgani, shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlariga kerakli dori-darmon hamda boshqa buyumlar peshma-pesh yetkazib berilayotgani, viloyat markazidan olisda, hatto tog‘li qishloqlarda ham yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yilgani jamiyatimizda inson salomatligi har narsadan qadrli ko‘rilayotgani dalolatidir.
“Paxtaobod” MFY faxriysi Jamila Pirmatova esa tibbiyot birlashmasi xodimlari tomonidan keksalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini e’tirof etib, uyma-uy yurib, ular holidan xabar olayotgan hamshiralarga minnatdorlik bildirib qoldi.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti milliy oliy ta’lim muassasalari reytingida beshinchi, uning huzuridagi Nukus konchilik instituti esa OTMlar filiallari reytingida uchinchi o‘rinni egallagan.
Talabalar bilan suhbatlashar ekanmiz, yetakchi yoshlar – Olimjon Xudoyberdiyev, Dildora Rahmatova, Aziza Saidova, Mohinabonu Murtazoyevaning “Navoiyning aziz nomi bilan atalgan viloyat farzandlari har ishda o‘rnak bo‘lmog‘i lozim, bizning yurak amrimiz shunday”, degan dil so‘zlari barchani to‘lqinlantirib yubordi.
O‘g‘il-qizlarini el farzandi qilib tarbiyalayotgan qiziltepalik ota-onalar, xalq og‘zaki ijodini ko‘z qorachig‘idek avaylab kelayotgan kayvoni momolar dil izhorlarini maroq bilan tingladik. O‘sha onda qaysi yurtning onalari shodmon ekan, shu yurtning bolalari emin-erkin o‘sadi, degan mashoyixlar hikmati xayolimizdan o‘tdi.
Donishmand Buxoro, boqiy Buxoro
Xoja Orif Revgariydek buyuk allomani, akademiklar – Ibrohim Mo‘minov va To‘ra Mirzayevni, xalq artisti Razzoq Hamroyevni, xalq shoiri Jamol Kamolni buyuk ma’naviyatimiz koshonasiga qo‘shgan qadim Shofirkon tumanidamiz.
Tuman markazida kutubxona bunyod etilib, 30 ming nusxa kitob fondi bilan ta’minlangani, unga To‘ra Mirzayev nomi berilgani, Ibrohim Mo‘minov voyaga yetgan qishloqda ham 3000 nusxa kitob fondiga ega “Mahalla kutubxonasi” tashkil etilgani, umuman, “Mahalla byudjeti” loyihasi asosida viloyatdagi har bir mahallada kutubxona va sport maydonchasi barpo etish rejalashtirilayotgani – barcha-barchasi Buxoro xalqining yuksak ma’naviy dunyosi, tashabbuskorligini namoyon etib turibdi.
Shofirkon tuman madaniyat uyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan shoir, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Omon Abdullaning so‘zlari yuraklarga nur olib kirdi.
– O‘ttiz yildan buyon tumandagi yosh qalamkashlarning “Na’matak” to‘garagiga rahbarlik qilaman, – deydi Omon aka. – Tumanimiz azaldan olimlar, shoirlar makoni. Kecha tili chiqqan bola ham kitob o‘qishni bilishi shundan. Tumanimizdan o‘n bitta akademik, uch yuzdan ortiq fan doktori, professor, yana ko‘plab fan nomzodlari yetishib chiqqan. Ma’rifatparvar Ahmad Donish deysizmi, o‘zbek-tojik filologiyasi bilimdoni Sadriddin Ayniy, buyuk Shekspirni tarjima qilib, dunyo nazariga tushgan Jamol Kamol, atoqli olimlar To‘ra Mirzayev, Ibrohim Haqqul, sevimli shoirlarimiz Usmon Qo‘chqor, Dilshod Rajab deysizmi, har birining hayotiy, ijodiy faoliyati yoshlarimizga o‘rnak maktabi, ibrat namunasi. Yaqinda shofirkonlik 11-sinf o‘quvchisi Muhammadjon Hodiyev “Yosh kitobxon” respublika tanlovida 2-o‘rin sohibi bo‘lgani bizni yanada quvontirdi.
Ustoz gapirayotibdi-yu, mening ko‘zim davradagilarda. Ko‘ngilga surur baxsh etgani shuki, har bir shofirkonlikning qo‘lida kitob, har biri bilan adabiyot haqida soatlab so‘zlashish mumkin.
Marziyaxon Behbudova Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi, serjant. Buxoro tumanining Zarmanoq mahallasida yashaydi, oilaviy bolalar uyi tashkil qilib, besh norasida qizni o‘z tarbiyasiga olgan. Aziza, Gulnavoz, Izmira, Kumush, Shahrizoda ismli qizlarning har biriga bichish-tikish, kompyuter savodxonligi, xorijiy tillar va aniq fanlarni o‘rgatishga alohida e’tibor beradi.
– Bitta qizni o‘qitsangiz, butun millatni o‘qitgan bo‘lasiz, degan hikmatga tayanib, nasib etsa, qizlarimning hammasini oliy ma’lumotli qilaman, – deydi Marziyaxon. – Qizlarim albatta olim bo‘ladi, deb niyat qilganman.
Biz bu ezgu tilakka jo‘r bo‘ldik.
Yer yuzining sayqali – Samarqand
Urgut tumanidagi 154-maktab o‘qituvchisi Ulash Abdurasulovning yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz haqidagi, xususan, inson qadrini yuksaltirish borasidagi fikrlari juda ko‘tarinki. Oqdaryo tumanidagi 20-maktabda o‘tgan uchrashuvda esa oqsoqol Qosimxon Ma’murov Konstitutsiyamiz mazmun-mohiyati haqida gapirar ekan, “davlat – jamiyat – inson” tamoyilining “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgarayotgani, jamiyatda bag‘rikenglik, mehr-u muruvvat munosabatlari kuchaygani haqida faxr bilan so‘zladi. Otaxonning shukronalik so‘zlarida Prezident farmoni bilan jazo muddatini o‘tayotgan hamda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan 541 shaxsning afv etilgani haqidagi purma’no ta’birlari mahalladoshlar olqishini oldi.
– Prezidentimiz “Uchinchi Renessans maktab ostonasidan boshlanadi”, deb ko‘p bora ta’kidlaydi, – deydi Samarqand tumani madaniyat markazidagi tadbirda taniqli huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi Ilhom Murodov. – Men ham o‘qituvchi farzandiman. Bugun o‘qituvchilarning davlat tomonidan moddiy-ma’naviy qo‘llabquvvatlanishi ularning ijtimoiy maqomini va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi. O‘qituvchining obro‘si va bilimi zukko avlodni voyaga yetkazishga asos bo‘ladi, qayerda bilimli muallim faoliyat ko‘rsatsa, o‘sha yerda ilm-u fan ravnaqiga yorqin yo‘l ochiladi.
Qishloq ayolining samimiy iqrori
Jizzax viloyati Arnasoy tumanida o‘tgan “Ma’naviyat festivali” viloyat miqyosida qo‘r olgan “Kitobxonlik haftaligi” tadbirlariga ulanib ketdi.
Siyosiy fanlar doktori, professor Narzulla Jo‘rayevning kitob haqidagi mulohazalari, oqsoqol Ulug‘bek Qo‘chqorovning arnasoyliklar hayoti haqidagi, tibbiyot xodimi Feruza Mamarasulovaning yurt ishiga daxldorlik borasidagi e’tiroflarida tinch, osoyishta hayot kechirayotgan cho‘l odamlarining izhorlari bor edi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Arnasoy farzandlari san’atga oshufta, ular qalbida san’atning qudratli ohanglari voyaga yetmoqda. Bunga biz tumandagi bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari misolida ham guvoh bo‘ldik.
Bu san’at dargohiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muharram Abduhalimova rahbarlik qiladi. Taniqli san’atkorning fidoyiligi va zahmatli mehnati tufayli sakkiz yo‘nalish asosida faoliyat ko‘rsatayotgan maktab o‘quvchilari asta-sekin katta sahnalarda ham iste’dodini namoyon qilmoqda.
Uchrashuvlar ko‘ngilga yaqin insonlar ziyoratiga ulanib ketdi. Jizzax shahridagi 11-maktabning e’zozli muallimlaridan biri, birinchi o‘qituvchim Po‘latoy Rasulovaning uyida bo‘ldik. Ustoz saksondan oshib qolgan bo‘lsa-da, hali ham mutolaa bilan mashg‘ulligi quvonarli.
Qo‘limizga ilk bor qalam tutqazgan, yuzlab shogirdlarga ta’lim-tarbiya bergan tabarruk ustozni unutib bo‘ladimi?! Ustoz har darsga alohida tayyorgarlik bilan kelgani, o‘ttiz o‘quvchining oilasida yoki salomatligida muammo bo‘lsa, erinmay uyma-uy yurib, hol so‘rgani kechagidek yodimizda.
– Azizlar, bugungi islohotlar har bir yurtdoshimizning yuragi orqali o‘tayotgani rost. Faqat bolalaringizni o‘qiting, kitobga mehr uyg‘oting, ularga chet tillarni o‘rganishga sharoit yarating. Muallimning kosasi oqaradigan, obro‘si, sharafi ko‘tariladigan zamon keldi. Savodsiz, bilimsiz millat boshqalarning ko‘ziga qarab yashaydi. Men amaldagi Konstitutsiya bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani o‘qib, taqqoslab chiqdim. Keng, ravon yo‘lga chiqqan mamlakatning jahon sahnasida e’tibor topishi, o‘z so‘zini ayta olishi uchun ham Konstitutsiyamiz xalqchil va yashovchan bo‘lishi kerak.
Soddagina, ziyoli ayolning samimiy iqrori bu.
Ko‘nglim yorishib muallimim uyidan chiqar ekanman, kechagi uchrashuvlarda Zomin tumanining Pishag‘or, Yetti kechuv, Duoba qishloqlarida xalq og‘zaki ijodi, qadim termalarni xirgoyi qilib, gilam to‘qiyotgan opa-singillar yodimga tushdi. Ular bizning gaplarimiz, she’rlarimizni tinglab turib, “Bolalarimiz, nabiralarimizning kelajagi bilimda, kitobda, ularni tafakkurga boshlashimiz kerak”, degan tilaklar bilan bizni kuzatgan edi.
Jizzaxda hurmat-u izzat topgan aziz insonlar – O‘zbekiston Qahramoni Parda Ziyotov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan quruvchi Erkin Xolmatov, senatorlar Nusrat Pardayev, Nazira Muxtorova, professorlar Raya Nurqulova, Faina Ahmedshina, Zulfiya Pardayeva dil izhorlarida Vatan ravnaqiga, taraqqiyotiga, ertangi kuniga ishonch-u xush tilaklar bor edi.
Ko‘hna tarixning tirik timsollari
Bepoyon cho‘l bag‘rida olmosdek tovlangan Aqchako‘l, qadim tarixning, sivilizatsiyaning tirik timsoli Tuproqqal’a, Ayozqal’a, Katta Guldursunqal’a dunyo sayyohlarining ta’riflari yanglig‘ ko‘nglingizga faxr beradi. Betimsol ziyoratgohlarni bir ko‘rgan, qoraqalpoq xalqining o‘zidek beg‘ubor va bepoyon kengliklarida oqinlardan, baxshilardan, jirovlardan doston-u termalar eshitgan kishi bu o‘lkadan ketgisi kelmay qoladi.
Mo‘ynoq, Beruniy, Ellikqal’a, Xo‘jayli va Kegeylidagi uchrashuvlarda olgan taassurotlarimiz Qoraqalpog‘istonning zamonaviy ilm-fan, madaniyat va turizm maskaniga, farovon va obod hududga aylanayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Qo‘ng‘irotning Yesim, Qorao‘zakning Nurli masken mahallalaridagi uchrashuvlarda, suhbatlarda yangi va nurli maskanga aylangan Mo‘ynoq, innovatsion loyihalarga asosan yangi inshootlar qurilayotgan Nukus, umuman, elning nurli kelajagi haqida so‘z bordi.
Qorao‘zak tumanidagi 1-maktabda o‘tgan uchrashuvda so‘zga chiqqan oqsoqol Nurmuhamed Tleo‘muratov o‘z so‘zini mana bu satrlar bilan boshladi:
Amu! Yo‘q, bu so‘zni, men sizga aytsam,
Beparvo talaffuz qilolmas xalqim!
Amu bo‘lmaganda bu yerni biz ham
“Qoraqalpog‘iston” demasdik, balkim.
Ikki yil muqaddam Nukusda bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali ikki buyuk daryo – Jayhun va Sayxun oralig‘idagi sivilizatsiyani yaratish qudratiga ega bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizdan meros san’atimizni olamga yoydi, yangi nomlarni elga tanitdi. Ko‘p jildlik “Qoraqalpoq folklori” to‘plami chop etildi.
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali yosh tadqiqotchilari Asilbek Qolqanatov, Gulmira Bektursinovaning iqtidorli yoshlar muvaffaqiyatlari, shuningdek, “Sahrodagi Luvr” deb nom olgan I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi haqidagi qiziqarli ma’lumotlarini tingladik. Qoraqalpoq xalqining urf-odatlari, qadriyatlariga bo‘lgan hurmat-ehtiromni ko‘rib havasimiz keldi.
Nukusdan qaytar ekanmiz, yaqinda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” unvoniga sazovor bo‘lgan, qoraqalpoq ma’naviyat xodimlarining sardori Tatlimurat og‘a Atamuratovning “Biz, qoraqalpoqlar yangi O‘zbekiston islohotlarining birinchi saflarida turamiz. Yurt farovonligi, elning duosi, Prezidentimiz ishonchi har birimizga sharaf va mas’uliyat beradi”, degan niyatlariga qo‘shildik.
Yangilanayotgan Xorazm
Xorazm ozodligi uchun Chingizxonga qarshi mardonavor kurashgan mashhur sarkarda Jaloliddin Manguberdining butun o‘zbek o‘g‘lonlariga matonat, shijoat timsoli bo‘layotganini yaxshi bilamiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mashhur sarkarda haqidagi “Jaloliddin Manguberdi el-yurt istiqloli uchun kurashgan, bunga o‘z hayotini bag‘ishlagan ajdodlarimizning buyuk namoyandasidir. Ona yurtga muhabbat va sadoqat, or-nomus va shon-sharaf bobida unga teng keladigan ulug‘ shaxslar dunyoda kamdan-kam uchraydi”, degan gaplaridan bu sharafli zaminning har bir o‘g‘loniga berilgan ta’rifni anglash mumkin.
Komiljon Otaniyozov, Olmaxon Hayitova, Ortiq Otajonov, Rahmatjon Qurbonov, Omon Matjon, Matnazar Abdulhakim voyaga yetgan nazarkarda yurtning har bir go‘shasida yangi qurilayotgan uy-joylar, investitsiya loyihalari, ilm-u fan yangiliklari Xorazmning bugungi ulug‘vor ko‘rinishini namoyon etadi.
Urganchu Gurlan, Bog‘ot-u Yangibozor, Hazorasp va Pitnak, Xonqa-yu Qo‘shko‘pirda o‘tgan suhbatlarda yosh olimlar Masharib Abdullayev, Sadoqat Matkarimova, Umrbek Mahmudov, Shohruxmirzo Ismoilovning yurtga daxldorlik, farzandlik burchi, ota-onaga e’zoz, el-u yurtga ehtiromning ko‘rinishlari haqida shirin shevada aytgan fikrlari butun elning niyatlari bo‘lib yangradi.
Diyorimizning nurli sarhadlaridan qaytar ekanmiz, safardoshlarimiz – atoqli olimlar Narzulla Jo‘rayev, Muhammadjon Quronov, Dilorom Bobojonova, Feruza Akramova, Olimjon Toshboyev, Rayimboy Jumaniyozov, el suygan san’atkorlar Gulbahor Erqulova, Abdulla Shomag‘rupov, Rustam Mirminovning har biri mahalla-yu qishloqdagi fayzli xonadonlar haqida taassurotlarini mehr bilan so‘zlab keldi.
Guruhimiz rahbari, taniqli olim Abduxalil Mavrulov safar so‘ngida “Bag‘rikeng va mehnatkash, fidoyi odamlari bor yurtning fayzu barakasi boshqacha bo‘ladi. Yurt ertasiga bo‘lgan ishonch, farzandlar kelajagiga ishonch eldoshlarimizning umr mazmuni. Bunday yurtni, bunday elni Haq qo‘llaydi”, deganida ilm-u tafakkuri yuksak, niyatlari ko‘zlaridek toza zamondoshlarimizga omonlik tilagimiz keldi.
Buxorolik iste’dodli shoir Shodmon Sulaymonning mana bu satrlari har birimizning yuragimizdagi so‘zimiz bo‘lib jaranglaydi:
Men Vatan deb yo‘lga tushdim,
Yurtim, seni jondan ortiq
ko‘raman deb yo‘lga tushdim.
Sen otamsan, sen volidam,
o‘g‘lim yayrab o‘sgan dalam
Sen qay tomon yo‘llar bo‘lsang,
boraman deb yo‘lga tushdim.
Sen yo‘l boshla, senga qurbon jon va
tan deb yo‘lga tushdim...
Men Vatan deb yo‘lga tushdim...
Sayyora TO‘YCHIYEVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 28-aprel, 81-son
Izoh qoldirish