Referendum – huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati belgisi
Hech kimga sir emaski, XXI asrda zamonaviy jamiyatlarda fuqarolarning faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishi va faol harakati mamlakatning taraqqiyotini ta’minlovchi kuch hisoblanadi. Zero, fuqaro bo‘lmasa jamiyat bo‘lmaganidek, uning faol harakati, mas’uliyatisiz mamlakat kelajagi va taraqqiyotini tasavvur qilib qiyin.
Bugun tobora jahon hamjamiyatiga integratsiyalashib borayotgan O‘zbekiston huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lida xalqaro huquqning umume’tirof etilgan norma va prinsiplarini milliy huquq normalariga jadal tatbiq etib bormoqda.
O‘zbekiston bugungi kunda katta bir siyosiy jarayon oldida turibdi. Bu ham bo‘lsa mamlakatning ertangi kunini, fuqarolarning huquq va erkinliklarini o‘zida aks ettirgan, kafolatlab qo‘ygan Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq masala. Joriy yilning 30-aprel sanasida bo‘lib o‘tadigan muhim siyosiy jarayon – referendum fuqarolik jamiyati sari qo‘yilgan yana bir muhim qadamdir.
O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 9-moddasida belgilanganidek, jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari xalq muhokamasiga taqdim etiladi, umumiy ovozga (referendumga) qo‘yiladi.
Shu o‘rinda referendum so‘ziga izoh beradigan bo‘lsak, referendum lotincha so‘zdan olingan bo‘lib umumxalq ovoz berish yo‘li bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilish shaklidir.
Referendum demokratiyaning muhim vositasi hisoblanadi. Referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, unda biror bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar ro‘yxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala – qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakat xalqaro maqomiga oid yoki ichki siyosatiga daxldor biror masala yoki savol qo‘yiladi. Saylov natijalari majaritar yoki proportsional tizim bo‘yicha aniqlanadigan bo‘lsa, referendum natijalari faqat mojaritarizm, ya’ni mutlaq ko‘pchilik ovozini hisoblash tamoyili asosida aniqlanadi.
2001-yil 30-avgustdagi O‘zbekiston Respublikasining Referendumi to‘g‘risidagi Qonunga ko‘ra, referendum saylovlar bilan bir qatorda xalq irodasining bevosita ifodasidir. Referendumda qabul qilingan qarorlar oliy yuridik kuchga ega bo‘ladi. Agar referendumda qabul qilingan qarorlarda boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, referendumda qabul qilingan qarorlar faqat referendum yo‘li bilan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin. Referendum O‘zbekiston Respublikasining butun hududida o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini o‘zgartirish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va soliqlar, amnistiya va afv etish, jamoat tartibini, aholi sog‘lig‘i va xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha favqulodda va shoshilinch chora-tadbirlar o‘tkazish, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish, mansabdor shaxslarni tayinlash va vazifasidan ozod etish kabi masalalar referendum predmeti bo‘lishi mumkin emas.
Qonunchilikka ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida joriy etilgan harbiy vaqt yoki favqulodda holat sharoitlarida, shuningdek, harbiy vaqt tugagan yoki favqulodda holat bekor qilingandan keyin uch oy davomida referendum o‘tkazilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Referendum natijalari rasman e’lon qilingandan keyin bir yil davomida mazmun yoki ma’nosiga ko‘ra xuddi shunday savol qo‘yilgan referendum o‘tkazilmaydi.
Referendum fuqarolarning o‘z xohish-irodasini umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bildirishi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining referendumda ishtirok etishi ixtiyoriy va erkindir. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini referendumda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida ularga, shuningdek, xohish-irodasini erkin bildirishiga ta’sir ko‘rsatishga hech kim haqli hisoblanmaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari referendumda teng asoslarda ishtirok etadilar. Har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘lib referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiq va oshkora amalga oshiriladi.
Referendum o‘tkaziladigan kunga qadar yoki referendum kunida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi referendumda ishtirok etish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida istiqomat qilayotgan yoki turgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi referendumda ishtirok etishga to‘la haqli hisoblanadi. Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish tarzidagi jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar referendumda ishtirok etish huquqiga ega emaslar. Fuqarolarning kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatiga qarab referendumda qatnashish huquqlarini bevosita yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida o‘tkazilayotgan referendum mustaqil O‘zbekiston tarixidagi birinchi referendum bo‘lib, u o‘zida xalqimizning siyosiy ongi, madaniyati va mamlakat kelajagiga bo‘lgan daxldorlik tuyg‘usini aks ettiruvchi siyosiy jarayondir.
Firuz RASHIDOV,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi ijrochi direktori,
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi katta o‘qituvchisi
Izoh qoldirish