394

“O‘tkan kunlar” hayrati

ABDULLA QODIRIY TAVALLUDIGA

Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani XX asr o‘zbek adabiyotining moʻjizasidir. Asarni o‘qiy boshlar ekansiz, o‘ziga xos bir ohang, tasvir boshidanoq sizni asir etadi. Darhaqiqat, Toshkent hokimining otalig‘i Yusufbek hojining vazminligi, uning “haytovur” so‘zi bilan boshlanadigan ma’nodor gaplari, O‘zbekoyimning shunga yarasha o‘zini balandda tutishlari, Hasanalining ochiqko‘ngilligi, Mirzakarim qutidorning Otabekka mehri tushib: “Kiroyi kuyoving shundog‘ bo‘lsa”, deyishi, Oftoboyimning: “Kundosh kundoshdir”, deya kuyinishi, go‘zallikda tenggi yo‘q Kumushning Otabekka: “Siz o‘shami?”, deb termulishlari, insoniy muhabbatni qadrlaydigan Otabekning unga javoban: “Men – o‘sha!”, deb chin baxtini topgani, Homidning chaqimchiligi, xiyonatlari... qo‘yingki, bularning hammasi xotiraga, dilga muhrlanib qoladi.

Romandagi har bir qahramon – alohida bir dunyo. Eng go‘zal va aksincha, eng tuban fe’lli qahramonlar ham o‘tkir bo‘yoqlarda ko‘rsatilgan. Barchasi umrbod esda qoladigan hayotiy lavhalar. Buning ustiga romanni qo‘lingizga olib o‘qiy boshlashingiz bilan sizni asta-sekin tarixiy betakror hayot manzarasi, ya’ni o‘tgan XIX asr o‘rtalarida sodir bo‘lgan hodisalar, voqealar o‘z ichiga olib kirib ketadi. O‘sha davrdagi hayot ham, odamlar ham asar sahifalarida shu qadar tirikki, adib qalamida, so‘zida sehr bormi, deysiz.

Habibulla Qodiriyning ta’kidlashicha, otasi o‘z asarida kitobxonga to‘g‘ri tasavvur berish maqsadida shaharlar kezib, ko‘p yashagan, o‘sha davrni ko‘rgan, eshitgan shaxslarni izlagan, ular bilan suhbatlashgan va asardagi har bir harakat o‘rinlarini aniqlagan, mo‘ljallagan, taxminlagan.

– Men Marg‘ilon ko‘chalarida yurib, karvonsaroy, eski O‘rda o‘rinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, usta Olim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va “Xo‘ja Ma’oz”da bir necha tunadim, – derdi dadam mening roman haqidagi mayda-chuyda, ezma savollarimga ham javob berib... 

Abdulla Qodiriyning o‘g‘li tomonidan yozilgan bu xotirani o‘qib, romandagi badiiy kuchning manbalarini yanada aniqroq ilg‘aysiz. Demak, adib o‘z asarini yozishdan oldin katta tayyorgarlik ko‘rgan, yurt kezgan, romandagi turmush va odamlar tasvirining har bir chizig‘ini katta mashaqqatlar bilan qo‘lga kiritgan.

Shuning uchun ham “O‘tkan kunlar”ni o‘qib ta’sirlanmagan va hayratga tushmagan kishi bo‘lmasa kerak. Menga dastlab yetti yoshligimda “O‘tkan kunlar” asari haqida rahmatli buvim Hakimaxon otin so‘zlab, jumladan, shunday degandilar: “1926-1930-yillarda “O‘tkan kunlar”ni qo‘lma-qo‘l olib, qayta-qayta o‘qiganmiz. Ayniqsa, o‘sha ochlik, qahatchilik yillarida qish kechalari tancha atrofida tizilishib o‘tirib, asar mutolaasidan zo‘r ruhiy ozuqa olardik”.

Darhaqiqat, inson ruhini boyitadigan manbalardan biri kitobdir. Abdulla Qodiriydek buyuk adiblar asarlari insoniylikni ulug‘laydi, komillik bag‘ishlaydi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi, marhum Tohir Malik yozganidek, “abadiyat martabasini olgan” “O‘tkan kunlar” XXI asrda ham o‘z qadr-qimmatini aslo yo‘qotgani yo‘q. Vaqt o‘tgani sayin uning hali biz anglab yetmagan badiiy jilolari, bizni hayratga soluvchi yangi qirralari ochilsa, ajab emas. 

Zero, Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” asarlari to‘g‘risida shunday fikrlarni bildirgan: “Bu ikki kitobni bir marta emas, besh marta o‘qish kerak. Shunda siz tarixni, turmushni, siyosatni, odobni, tilni o‘rganasiz”.

“O‘tkan kunlar” asarining ma’naviy, ijtimoiy va tarbiyaviy ahamiyati to‘g‘risida har qancha gapirsak arziydi. Chunki “O‘tkan kunlar” o‘zbek xalqining asl qiyofasini – milliy o‘ziga xosligini, insoniy fazilatlarini, urf-odatlarini, tarixda tutgan o‘rnini umumjahon xalqlariga ko‘rsatadigan mumtoz asardir.

Ne’matullo MUHAMEDOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA”

kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori

Izoh qoldirish