Ming yillik mushtarak tarix
MUNOSABAT
O‘zbekiston va Misr. Bu ikki qadimiy zamin ahlini umumiy din, o‘xshash an’ana va urf-odatlarga asoslangan azaliy do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, tarix va madaniyat – birdek buyuk merosga ega xalqlarimizni yaqinlashtirishning muhim vositasi.
Mamlakatimiz rahbarining yaqinda ushbu davlatga rasmiy tashrifi chog‘ida bu e’tirof yuksak minbardan yangradi. O‘z navbatida, Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan bo‘lib o‘tgan muzokalarda madaniy-gumanitar va diniy aloqalarni rivojlantirish yuzasidan ham qator istiqbolli kelishuvlarga erishildi.
Ikki xalqni birlashtirgan teran ildizlar
Misr – arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, ya’ni 1992-yilning 26-dekabrida O‘zbekistonning davlat mustaqilligini tan olgan mamlakat. Bugungi kunga kelib ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan 50 dan ortiq hujjatlar mavjud. Davlatlarimz xalqaro miqyosda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Jumladan, 2018-yil 22-iyunda O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan BMTning “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlik mustahkamlash” rezolyutsiyasini Misr tomoni ham ijobiy baholagandi.
Shuningdek, o‘sha yilning 4-5-sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lgan Prezident Abdulfattoh as-Sisi samimiy fikrlarini shunday bayon qilgandi: “Mamlakatingizga kelgan ilq daqiqalardanoq o‘zimni yurtimdagidek his qildim. Misr xalqi mamlakatimiz bilan ming yillik mushtarak tarixga ega O‘zbekiston va uning xalqini g‘oyat hurmat qiladi. O‘ylaymanki, bu tashrif nafaqat o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi, balki barcha sohalarda ulkan yuksalishlarga turtki beradi. Biz munosabatlarimizni har tomonlama rivojlantirish tarafdorimiz...”
Chindan ham, O‘zbekiston va Misr aloqalari teran tarixiy-madaniy ildizlarga ega. Xususan, kelib chiqishi buxorolik bo‘lgan Ahmad ibn Tulun oilasi Misrda mustaqil davlat barpo etgani, farg‘onalik Muhammad ibn Tug‘j Ixshid esa ixshidiylar, keyinroq yana bir turkiy sulola mamluklar davlatiga asos solgani va ularning kelib chiqishi Movarounnahr bilan bog‘liqligi so‘zimizning yana bir yaqqol tasdig‘idir. Qizig‘i, hozir ham Qohirada shoshliklar, buxoroliklar, farg‘onaliklarning o‘sha davrdagi avlodlari umrguzaronlik qilmoqda.
Xo‘sh, qadimiy diyorga turkiy xalqlar an’analarining kirib borishida yuqoridagi turkiy sulolalar vakillarining hissasi qanday bo‘lgan?
Misrning buxorolik hukmdori
Tuluniylar (868-905) xalifalikda birinchilardan bo‘lib hukmronlik qilgan sulolalardan biri. Ahmad ibn Tulun davrida mashhur yurtdoshimiz Ahmad Farg‘oniy tomonidan nilometr yaratildi. Ba’zi manbalarga ko‘ra Farg‘oniy bobomizni aynan ushbu hukmdor Misrga chaqirgan.
Ahmad ibn Tulun davrida xalq nisbatan farovon hayot kechirdi. U Misr himoyasi uchun harbiy kemalardan kuchli flot ham barpo qilgan. Mamlakatda ocharchilik bo‘lmasligi uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan. Shu sababli aholi o‘rtasida katta hurmatga sazovor bo‘ldi. Suriyani ishg‘ol qilgach tangalar chop qildirgani ham ma’lum.
Tarixchilar tuluniylar sulolasi taxtda bo‘lgan 37 yilni Misr O‘rta asrlar tarixidagi “Oltin davr” deb hisoblaydi. Qolaversa, hukmdor tomonidan poytaxt Fustat, ya’ni eski Qohirada juda ko‘p binolar qurdirilgani ham minnatdorlik bilan yodga olinadi. Ular orasida eng mashhuri – Ahmad Tulun masjidi. U shu kunga qadar o‘zgarishlarsiz saqlanib qolingan Qohiradagi qadimiy inshootlardan biridir.
O‘rta asr tarixchisi al-Maqriziyning yozishicha, bu masjid qurilishi 876-yilda boshlab, 879-yilda tugallangan. U “Jabal ashkur” (Shukronalik tepaligi) deb ataluvchi kichik do‘nglik ustida barpo etilgan.
Bu hashamdor ibodat maskani o‘z davrida tuluniylar sulolasining ma’muriy markazi vazifalarini ham o‘tagan. Masjid ibn Tulunning saroyi bilan o‘rab olingan, minbar yonidagi eshik orqali unga to‘g‘ri kirish imkoniyati ham yaratilgan.
X asr boshida Al-Qatay shahri abbosiylar hujumi oqibatida vayron qilingach, xarobalar orasida omon qolgan yagona ana shu masjid hisoblanadi. O‘z navbatida, Ahmad ibn Tulun 872-yilda Fustat shahrida shifoxona ham barpo ettirgani tarixiy manbalarda qayd qilingan.
Muhammad ibn Tug‘j ajdodlari Farg‘onadan edi...
Abbosiy xalifalarning Misrdagi hukmronligi qariyb 30 yil davom etgach boshqaruv yana turkiy sulolalardan birining ixtiyoriga o‘tdi.
Turkiy sarkarda Muhammad ibn Tug‘jning ajdodlari Farg‘ona ixshidlari naslidan edi. Bobosi Joff Farg‘ona amirlaridan bo‘lib, xalifa Mu’tasim qo‘shinida xizmat qilgan.
Ixshidiylar davlatiga asos solgan Muhammad ibn Tug‘j 934/935-yilda Misr noibi bo‘lib, xalifa ar-Rodiydan o‘z nasabiga mos “ixshid – podsho” unvonini olgan edi.
Ikki avlodi Abbosiy xalifalar xizmatida bo‘lgan mazkur sulola vakillari Abdulqosim ibn O‘njur/O‘ncho‘r Ixshid, so‘ng Abulhasan Ali ibn Ixshid, Abulmisk Kofur va Abulfavoris Ahmad ibn Allar ixshidiylar davlatini 35 yil davomida boshqargan.
Mamluk sultonlari qipchoq, o‘g‘uz va boshqa turkiy qabilalardan bo‘lgan
Asli kurdlardan bo‘lgan Salohiddin Ayyubiy, turkiy mamluklardan tuzilgan harbiy qo‘shin yordamida 1171-yilda Misr hukmdori bo‘lgan. Bag‘dod xalifasi Mustazi’ Salohiddin uning hokimiyatini qo‘llab-quvvatlab, sultonlik maqomini berdi.
Salohiddindan so‘ng izdoshi Najmiddiy Ayyubiy (1240-1249) turkiy mamluklardan tashkil topgan qo‘shinni Qohiraning Janubiy chegaralaridagi ar-Ravda oroliga joylashtirgan va shu davrdan boshlab ular “bahriy”, ya’ni turkiy mamluklar deb atala boshlangan.
Bu sulolaga mansub sultonlar hukmronligi 1250-yildan 1382-yilgacha davom etgan. Shu bois, o‘sha davr tarixchilari mazkur hududni “Davlat at-turk” degan nom bilan ham atagan.
Bu davrda Mu’iziddin Oybek at-Turkmaniy, Oybek Turkmaniy, al-Muzaffar Sayfiddin Qutuz, az-Zohir Beybars, al-Mansur Sayfiddin al-Qaloun kabi lashkarboshilar Misr sultoni darajasiga erishgan. Ular turkiy elatlar, xususan, Dashti Qipchoqda ko‘chib yurgan qipchoq, o‘g‘uz va boshqa turkiy qabilalar yoki mo‘g‘ul istilosidan qochgan xorazmliklardan iborat ekani qayd etilgan.
Mo‘g‘ullarni mag‘lub etgan xorazmlik qo‘mondon
Sulton al-Muzaffar Sayfiddin Qutuz 1259-1260-yillarda Misrda hukmronlik qilgan mamluk sultonidir. O‘sha davrda mo‘g‘ullar Bag‘dodni vayron qilib, Shomga yurish qildi, uni bosib olgach, Misr chegaralariga yaqinlashdi.
Al-Maqriziy, al-Hamadoniy, Abu-l-Fido va boshqa O‘rta asr tarixchilarining yozishicha, Sayfiddin Qutuz og‘ir vaziyatda mo‘g‘ullar oldida bosh egmadi, sarosimaga tushmadi, vazmiy va qat’iy qaror qildi – taslim bo‘lmasdan yovga qarshi chiqdi. Toptalgan ona diyori, xalqi, Xorazm istilosidan keyin g‘urbatda na xalifa, na boshqa hukmdorlardan najot va yordam topmay, mo‘g‘ullarga qarshi oz sonli lashkari bilan o‘n yildan ortiq jasurona kurashgan mag‘rur tog‘asi Jaloliddin Manguberdi, darbadarlikda qolib ketgan minglab xorazmliklar – bular hammasi uning qasos o‘tini yoqdi.
1260-yil Falastindagi Ayn Jalut shahri yaqinida xorazmliklar, badaviylar, kurdlar, turkmanlardan tashkil topgan mamluk qo‘shini tarkibi o‘zidan ikki baravar ko‘p mo‘g‘ur jangchilarini tor-mor qilib, butun Shom yerlarini dushmanlardan ozod qildi. Qutuzning nomi musulmon xalqlar tarixida mo‘g‘ullarni mag‘lub etgan sulton sifatida qoldi.
Bu jangdan so‘ng Sulton Qutuz: “Men kimki, Mahmud ibd Mamdudman. Kim kimki, mo‘g‘ullarni tor-mor qilib, tog‘am Xorazmshoh uchun qasos olgandirman”, deb aytgan.
Qutuz Xorazmshohlar oilasiga mansub ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotni livanlik tarixchi Yahyo ash-Shomiya tarixiy solnomalarga tayanib keltiradi: “U Misrda shoh Muzaffar Qutuz nomi bilan sultonlik qildi. O‘zi mamluklardan edi. Aslida u amir edi, ismi Mahmud al-Mavdud, Jaloliddin Xorazmshoh opasining o‘g‘li bo‘lgan. Asirga tushib qul sifatida sotilgan edi. Oxiri Muiziddin Oybek uni sotib olgan. U zamon taqozosi bilan mamluklar davlatini barpo etgan birinchi sultonlardan biri edi. Xorazmshoh sulolasi vakili – Sulton Qutuz dono qo‘mondon, o‘z yurtini sevuvchi mard o‘g‘lon ekanligini yana bir bor isbotladi. “Mo‘g‘ullar yengilmas kuch” degan afsonaga birinchi bo‘lib Jaloliddin Manguberdi zarba bergan bo‘lsa, Ayn Jalut jangida bu afsona yana o‘z kuchini yo‘qotdi”.
Sulton Qutuzning Misr taxtida hukmdorligi uzoqqa cho‘zilmadi. U 1260-yil kuzida dushmanlari tomonidan uyushtirilgan fitna qurboniga aylandi.
Xalifalik Bag‘doddan Qohiraga ko‘chirilgan
Sulton Qutuzdan keyin taxtga o‘tirgan Sulton Zohir Beybars 1260-yildan 1277-yilgacha hukmronlik qilgan. U 1258-yilda Bag‘dodda mo‘g‘ullar istilosi natijasida barham topgan abbosiylar xalifaligini 1261-yilda Qohiraga ko‘chirgan. Shu sababli uning ismi Misr xalqi og‘zaki ijodida abbosiy xalifa Xorun ar-Rashid va Salohiddin Ayyubiy bilan bir qatorda tilga olinadi.
Sulton Beybars haqida zamonaviy arab tadqiqotchisi Zakiy Muhammad Hasan: “Qo‘shinni tartibga solish, uni qattiqqo‘llik bilan boshqarish, yo‘llar qurish, dengiz portlari, qal’alarni ta’mirlash, soliqlarni yengillatishini hisobga oladigan bo‘lsak, u katta siyosatchi sifatida xalifalikni Misr poytaxtiga ko‘chirish haqidagi Ahmad ibn Tulun, Muhammad Tug‘j ixshidlarning orzusini muvaffaqiyatli amalga oshirgan” deb yozgan.
“O‘zbeklar bog‘i”
Hozir Qohira markazida o‘zbeklar nomi bilan bog‘liq qadimiy mahalla bor. Bu yerda qadimiy Shosh, Buxoro, Farg‘ona va Tarozdan kelgan oilalarning avlodlari istiqomat qiladi. Misr tarixchilari yozganidek, ushbu mahallaning paydo bo‘lishi XIV asr oxirlaridan boshlangan.
Mamluklar hukmronligi davrida Sulton Qaytboy Amir Sayfiddin O‘zbekni janglarda erishgan katta g‘alabalari uchun mukofotlashga qaror qilib, unga 60 akr (sotix) sovg‘a qilgan. O‘zbekiya dahasi Qohira shahriga ayni shu davrda qo‘shilgan.
Amir ilgari botqoq bo‘lgan bu joylarni 1475-yilda obodonlashtirib, do‘ngliklarni tekislab, uylar, katta omborlar, 1494-yilda jome masjidi hamda uning atrofida hammom, usti yopiq bozor, tegirmon, tandirxonalar qurdirgan. Ko‘p o‘tmay suv havzasi barpo etilib, yon-atrofi daraxtzorga aylantirilgan. Bu bog‘ “Al-Xadiqa al-Uzbekiya” (“O‘zbeklar bog‘i”) nomi bilan mashhur bo‘ldi.
1495-yilga kelib, ushbu so‘lim manzil Qohira markazidagi katta mahallaga aylandi. Hududdan Al-Ataba maydoni, “al-Uzbekiya” bog‘i va “al-Uzbekiya” teatri joy olgan.
Usmonlilar hukmronligi davrida mahalla rivojlana boshladi. Bu yerda O‘rta Osiyodan kelgan turkiy xalqlar vakillari yashab, o‘zlarini “o‘zbeklar” nomi bilan tanishtirgan. Vaqt o‘tishi bilan ular mahalliy aholi bilan shu qadar aralashib ketdiki, natijada alohida etnik guruh xususiyatini yo‘qotdi.
“Al-Hadiqa al-Uzbekiya” hozir ham Qohira shahridagi eng katta tarixiy, diqqatga sazovor joylardan biri sanaladi.
Turkiy til qanday ommalashdi?
Salohiddin Ayyubiy kurd bo‘lsa-da, lekin o‘z tilini ommalashtira olmadi. Mamluklar hukmronligi o‘rnatilgach esa turkiy til keng tarqaldi. Qolaversa, hududga saljuqiylar madaniyati ham kirib keldi.
Bu davrda turkiy tillarga qiziqish katta bo‘ldi, ularni o‘rganishga intilish tobora kuchayib bordi. Pirovardida, arab-turkiy (qipchoq) lug‘atlari, grammatikaga oid asarlar yaratildi. Ayniqsa, kundalik muloqot vositasi bo‘lgan turkiy tilning ahamiyati oshdi. Chunki u so‘zlashuvda, saroyda, devonxonalar va mamluk harbiylari orasida ko‘p qo‘llanilar edi. Shu tariqa qipchoq va o‘g‘uz lahjalari mamluk harbiy-siyosiy soha namoyandalarining og‘zaki va adabiy tiliga aylanib, turkiy ismlar qo‘yish ommalashdi.
Mamluklar bilan muloqot zarurati tufayli mahalliy aholi orasidan chiqqan arab amaldorlari ham turkiy tilni o‘rganishga majbur bo‘lishdi. O‘z navbatida, tarjimonlarga ehtiyoj ortdi. Bunday murakkab lingvistik aloqalar bois ko‘plab arabiy asarlar turkiy tilga va aksincha, turkiydan arabchaga tarjima qilindi. Shu tarzda arab-qipchoq-o‘g‘uz grammatikasiga oid asarlar hamda lug‘atlar yaratildi.
Sulton Qalovun ham arab tilini aniq-tiniq bilmasdi. Mamluk sultoni Barquq Halabga kelganida, u o‘ziga turkiy kitoblarni o‘qib berish uchun turkiy olimni talab qilgan. Sulton Qaytboy esa uch tilda muloqot qilgan, qipchoq-o‘g‘uz lahjasida she’rlar bitgan.
Sulton Qonsuh al-Gʻuriyning “Kavkabu ad-dariy fi ajvibatil-g‘uriy” (“al-Gʻuriy javoblaridagi ad-Dariy sayyorasi”) nomli asari va “Qasa’id ar-rabbaniyya val-muvashshahat as-sultaniyya al-g‘uriyya” (Ilohiy qasidalar va Gʻuriyning shoh durdona she’rlari” nomli nazmiy risolasi bo‘lgan. Binobarin, Sulton Qonsuh al-Gʻuriy ham hukmdor-shoir edi.
Shu davrda Misrda yashovchi turkiy tilli yozuvchilar, shoirlar, din arboblari, olimlarning mavqei ancha baland bo‘lib, ular ikki tilda ijod qilib, mudarrislik qilgan. E’tiborlisi, Movarounnahrdan mamluklar bilan bir qatorda, hunarmand ustalar ham jalb etilishi Samarqand me’morchilik an’analarining Misrga ko‘chishiga asos bo‘ldi. Bu Qohirada bunyod etilgan Amir Qusun, Amir Sarig‘tamish an-Nosir va Hasan ibn an-Nosir Muhammad ibn Qalavun masjidi gumbazlarida o‘z aksini topgan.
Zuhra ORIPOVA,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi dotsenti,
tarix fanlari doktor (DSc)
Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi 2023-yil 7-mart, 46-son
Izoh qoldirish