265

AQSh elchisi Akademiyaga tashrif buyurdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Mehmonlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kutib oldi. Elchi janoblarining yurtimizdagi ishlariga muvaffaqiyat tilab, yuzma-yuz uchrashib turganidan mamnun ekanini bildirdi.

Muloqot davomida Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, islohotlar jarayoni haqida so‘z yuritdi. So‘nggi yillarda islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish uchun Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, islom olami rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarimiz nomi bilan ataladigan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ta’lim muassasalarining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadamlardan biri ekanini alohida qayd etdi.

Do‘stona kayfiyatda o‘tgan suhbat davomida elchi janoblari Jonatan Xenik so‘nggi yillarda O‘zbekiston – AQSh o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda rivojlanib borayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi. 

Ta’lim, fan, madaniyat yo‘nalishlarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, ikki tomonlama sheriklikni yanada mustahkamlash kerakligi qayd etildi. Ta’lim sohasida tomonlar o‘rtasidagi akademik almashinuvlar yo‘lga qo‘yilishi, uning doirasida professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, talabalarni almashinuvi hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muloqot yakunida Muzaffar Komilov elchi janoblarini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mehmon bo‘lganidan mamnun ekanini bildirdi. Hurmatli mehmonga esdalik sovg‘asi topshirildi. 

O‘z navbatida, AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenik ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iltifotdan xursand ekanini bildirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish