281

Ayolga qilingan bir yaxshilik o‘n yaxshilik bo‘lib qaytadi

8-MART – XALQARO XOTIN-QIZLAR BAYRAMI

Bugungi globallashuv jarayonida yosh avlodni ilg‘or fikrlaydigan, yetuk va barkamol shaxs etib tarbiyalash, yurtimiz taraqqiyotini yanada yuksaltirishda xotin-qizlarning o‘rni har qachongidan muhim. Shu bois, mamlakatimizda islohotlar jarayonida xotin-qizlarning yangi g‘oya va tashabbuslar bilan chiqishini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Konstitutsiyamizda xotin-­qizlar va erkaklar teng huquqliligi belgilangan. O‘z navbatida, mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha asosiy xalqaro konvensiyalarni ratifikatsiya qildi. “Xotin­-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu qonunga binoan, teng huquq va imkoniyatlar kafolatlarini ta’minlashning asosiy tamoyillari qonuniylik, demokratiya, ayollar va erkaklar teng huquqliligi, ochiqlik va shaffoflikdir. 

O‘zbekistonda xotin­-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, jamiyatning teng huquqli, faol va tashabbuskor a’zosiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida shu yo‘nalishda muhim chora-­tadbirlar belgilangan. Jumladan, strategiyaning 69-­maqsadi ayollarni qo‘llab­-quvvatlash va ularning jamiyatda faol ishtirok etishini ta’minlash hisoblanadi. 

Ushbu maqsad ayollarga nisbatan zulm va zo‘ravonlikka toqat qilmaslik muhitini yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, xotin­-qizlarning kasbiy ko‘nikmasini rivojlantirish, munosib ish bilan ta’minlashda har tomonlama ko‘maklashish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab­-quvvatlash, iqtidorli xotin­qizlarning qobiliyatini aniqlash va to‘g‘ri yo‘naltirishga yordam berish ham e’tiborda. Strategiyaning 85­-maqsadida belgilangan xotin­qizlar o‘rtasida ishsizlik darajasini kamaytirish, davlat hisobidan ishsiz ayollarni kasbga o‘rgatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bu borada yaxshi samara bermoqda.

Bugungi kunda mamlakatimizda turli sohalarda 1500 ga yaqin xotin-­qiz rahbar lavozimini egallab turibdi, bu esa umumiy rahbar lavozimlarning 33 foizini tashkil etadi. Bu imkoniyat jamiyat hayotida xotin­-qizlarning ishtirokini kuchaytirish, tashabbus va g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish, muammolarni hal etishda o‘z samarasini berayotir. Umuman olganda, ilm­-fan va siyosatga xotin­-qizlarni ko‘proq jalb qilish ijtimoiy hayotdagi samaradorlikni ta’minlamoqda. 

Shu bilan birga, jamiyatimizda ayollarning bilim olishi va malakali kadr bo‘lib yetishishi uchun ham imkoniyatlar kengayayotir. Bu esa, o‘z navbatida, talaba qizlar soni yil sayin ortib borishiga zamin bo‘lmoqda. Masalan, 2020/2021-o‘quv yilida 260 ming qiz oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olgan bo‘lsa, 2021/2022-yillarda ular soni 365 mingdan oshdi. Bugungi kunda xotin-­qizlarga magistraturada bepul o‘qish imkoniyati yaratildi. Bu ham opa-­singillarimiz bilim olib, o‘z iqtidorini ro‘yobga chiqarishi uchun muhim omildir. 

Bugun O‘zbekiston ayollari Teshno Girl, TechWomen kabi xalqaro tadqiqot loyihalarida ham faol ishtirok etmoqda. Bu ayollarning akademik ilm-fan, umuman, mamlakatimiz taraqqiyotidagi alohida rolidan dalolat beradi. 

Ayollarning faolligini yanada oshirish doimiy e’tiborda. Masalan, Adliya vazirligi tomonidan “Xotin-­qizlar huquqlari bo‘yicha dolzarb ikki oy” loyihasi doirasida ular uchun qator bepul seminar-­treninglar o‘tkazildi. Shu bilan birga, ayollarning ijtimoiy faolligi va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida xotin­-qizlar huquqlari bo‘yicha umummilliy imtihon bo‘lib o‘tdi. Adliya vazirligi muammolar va ularni hal qilish yo‘llari bo‘yicha “Jamiyatda ayol” tanlovini tashkil etdi. “Ayollarga huquqiy madad” nomli qo‘llanma chop etildi. Unda ayollar uchun muhim bo‘lgan huquqiy savollarga javoblar taqdim etilgan. 

Shu o‘rinda ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniyning quyidagi fikrlarini keltirib o‘tishni joiz topdik: “Qizlar boshqalardan ko‘ra, ko‘proq ta’lim olishga intilishi kerak, chunki bu bilim bilan ular keyingi avlodga ta’lim beradi”. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlari ham alloma bobomizning fikrlariga hamohangdir: “Agar biz mehr­-oqibat va sadoqat timsoli, xonadonlarimiz farishtasi bo‘lgan ayollarga bitta yaxshilik qilsak, hech shubhasiz, bu o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi”. 

Bilimli, ma’rifatli ayol nafaqat oila, balki jamiyat taraqqiyotini harakatga keltiruvchi kuch hamdir. Bugun mamlakatimizda xotin­-qizlarni qo‘llab­-quvvatlash, ilmli, ma’rifatli qilish, zamonaviy hunarlarni o‘rgatish, bandligini ta’minlash borasidagi islohotlar ana shunday ulug‘vor maqsadlarga erishish yo‘lida muhim poydevor bo‘lishi shubhasiz

Odina O‘KTAMXO‘JAYEVA, 

Adliya vazirligi Xalqaro reyting va indekslar bilan 

ishlash boshqarmasi mas’ul xodimi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 4-mart, 44-son

Izoh qoldirish