Sen aziz va muqaddassan – ayol
Ayol – millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlari e’zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi. Shuning uchun mamlakatimizda xotin-qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularning og‘irini yengil qilishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab 8-mart – “Xalqaro xotin-qizlar kuni” munosabati bilan bayram tadbirlari, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Shu maqsadda poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Sen aziz va muqaddassan – ayol!” mavzusida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Farida Afro‘z, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni sohibasi Dilbar G‘ulomova, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi Xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Farida Abdurahimova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari, xodimlari hamda talaba-yoshlari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi. Akademiya rektori yurtimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va mavqeini mustahkamlash borasida davlat ahamiyatiga molik ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, ayol, onani e’zozlash, unga ehtirom ko‘rsatish asrlar davomida shakllangan an’ana-qadriyatlarimizdan biridir. Prezidentimizning 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bagʻishlangan tantanali marosimidagi “Xalqimiz azal-azaldan Ona siymosini, Ayol zotini Yaratganning ulugʻ neʼmati, tengsiz moʻjizasi, deb biladi, uni hamisha ardoqlab-asrab yashaydi”, degan xitoblari bejiz emas
Marosimda Akademiyaning bir guruh faol ayol xodimlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, o‘zining tashabbuskorligi, o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatgan bir guruh talaba-qizlarga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan marosimda O‘zbekiston xalq artisti Mahmud Namozov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Tojibar Azizova, elimiz suygan san’atkorlar – Imron, Shohsanam Xolmirzayeva tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga behad manzur bo‘ldi. Akademiya talabalari tomonidan badiiy kompozitsiyali she’riy tabriklar, musiqiy chiqishlar tadbirga yanada fayz ulashdi. Talabalar ijrosidagi hazillarga boy bo‘lgan sahna ko‘rinishlari ijod saroyiga yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Muxtasar aytganda, oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimizning buyuk ma’naviyati va qadriyatdan darak beradi. Bayram tadbirida ana shunday ezgu tuyg‘ular namoyon bo‘ldi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish