309

Akademik litsey o‘quvchilari uchun “Rektor soati” o‘tkazildi

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-fanga qiziqishlarini rag‘batlantirish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish borasidagi islohotlarni tizimli amalga oshirish, ularni vatanparvarlik, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik ruhida tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori ishtirokida akademik litsey o‘quvchilari uchun “Rektor soati” tashkil etildi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv xalqimizning ikki buyuk shoiri – Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan “Bir asrning ikki dahosi” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bilan davom etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Akademiya prorektorlari, akademik litsey o‘qituvchi-xodimlari hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, yosh avlodga o‘qib-izlanishdan aslo to‘xtamasliklarini, yurtimizda yoshlarning ta’lim-tarbiyasi uchun barcha sharoitlar yaratilganini ta’kidladi. Bu borada akademik litseyda ta’lim sifatini yanada yaxshilash, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va ta’lim texnologiyalarini joriy etish davr talabi ekanini qayd etdi. 

Shundan so‘ng akademik litseyda 2022-2023-o‘quv yili 1-semestrini a’lo baholarga yakunlagan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, xorijiy tillarni puxta egallagan, o‘z ustida izlanishdan to‘xtamaydigan o‘quvchilar borligi quvonarlidir. Litseyning 9 nafar o‘quvchisi IELTS sertifikatini, 7 nafari esa CEFR sertifikatini olgan. Tadbirda o‘quvchilarga til sertifikatlari tantanali tarzda topshirildi. Akademiya rektori til o‘rganish zamonaviy bilimlarni egallash uchun tashlangan dadil qadam ekanini ta’kidladi. 

Rasmiy taqdirlashlar yakunlangach, akademik litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan “Bir asrning ikki dahosi” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tomoshabinlarga havola etildi. Unda Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodi aks etgan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. O‘g‘il-qizlar tomonidan o‘zbek adabiyotining ikki sarbonining ijodidan g‘azal va ruboiylar o‘qildi. Kuy-qo‘shiqlar ijro etildi. 

Ma’naviy-ma’rifiy tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish