Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Prezident Farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari, yuqori davlat organlari buyruqlari, Hay’at qarorlarining bajarilishi, fuqarolarni qabul qilish, ularning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Akademiyada ijro monitoringi to‘g‘risida Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring sektori Yahyobek Hayitaliyev ma’lumot berdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliev Akademiya huzuridagi jamoatchilik kengashining ta’lim jarayonini takomillashtirish faoliyati va jamoatchilik nazorati ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga to‘xtalib o‘tdi.
Muhokamalar davomida magistraturada qishki qabul natijalari, 2022-2023-o‘quv yili magistratura o‘quv jarayoni jadvali va ishchi o‘quv rejalarini tasdiqlash to‘g‘risida O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyevning hisoboti tinglandi.
Shuningdek, Masofaviy, kechki va sirtqi bo‘limi boshlig‘i Suxrob Xidirov tomonidan 2022-2023-o‘quv yilida masofaviy, sirtqi va kechki ta’limni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va dolzarb vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng fakultet dekanlarining O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 2022-2023-o‘quv yili I-yarim yillik yakunlari to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.
Kengash majlisida Rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev so‘zga chiqib, Akademiyada mavjud xalqaro tashkilotlar bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari, shartnomalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar tahlili bo‘yicha ma’lumot berdi. Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov esa Akademiya professor-o‘qituvchilarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)ga ilmiy unvonga taqdim etish to‘g‘risida axborot taqdim etdi.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va istiqboldagi rejalar to‘g‘risida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Ilyos Mirziyotov so‘z yuritdi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
Izoh qoldirish