309

“Tonglaringiz kulsin dorilamon, hur”

1-MART – O‘ZBEKISTON XALQ SHOIRI ZULFIYA TAVALLUDI KUNI

Shoirlar odatda ezgulik elchisi, xalq orzu-umidlari, dard-u armonlari kuychisi sifatida ta’riflanadi. O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiyaxonim Isroilova tom ma’noda ana shunday yuksak e’tirof va e’tiborga munosib ijodkordir. U o‘ziga xos she’riyat maktabini yarata olgan, chorak asrdan ortiq vaqt “Saodat” jurnali bosh muharriri sifatida faoliyat yuritib, dunyo mashaqqatini sohir qalami bilan yengib o‘ta olgan ayol.

Zulfiyaxonim “Adabiyotni hech qachon bir kishi yaratmaydi. Uni butun adabiy jamoatchilik yaratadi. Adabiyot xalq hayotini aks ettiradi, yozuvchilar esa ana shu hayotni kuylab, adabiyot yaratadilar”, deb yozadi. O‘zi ham qalam ahlini baholi qudrat qo‘llab-quvvatlagan, har bir “yarq” etgan qalamkash ijodiga o‘zgacha mehr va e’tibor bilan munosabat bildirgan. Jumladan, donishmand shoirimiz Erkin Vohidovning Sergey Yesenin she’rlari tarjimasiga yuqori baho bergan. 

Xalq shoiri Abdulla Oripovning “O‘zbekiston” she’ri mustabid sho‘ro siyosatdonlariga yoqmay, shoir millatchilikda ayblanib, tazyiq ostida qolgan paytda mashhur she’ri million nusxali “Saodat” jurnalida e’lon qilingan. 

Benazir shoiramiz Halima Xudoyberdiyevaning yorqin ijodini yuqori baholab, Moskvadagi Oliy adabiyot kursida o‘qishiga imkoniyat yaratgan. Bu kabi ezgu ishlar, jasoratli qadamlar Zulfiyaxonimni nafaqat g‘amxo‘r rahbar, ayni paytda adabiyotimiz jonkuyari, talabchan ustoz sifatida ham elga tanitdi. 

Xalqimizda “Yaxshi odamlarning bolalari ham yaxshi odamlar bo‘lib yetishadi”, degan naql bor. O‘g‘li – Hamid Olimjonning to‘yiga Jizzaxdan mehmon bo‘lib kelgan Komila aya qaytib ketishga shaylanadi. Kelini Zulfiyaxonim uning ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. “O‘g‘lingiz shu yerda, siz ham biz bilan birga qoling”, deydi. Kelinning mehribonligi bilan hammalari birga yashaydi. Zulfiyaxonimning Hamid Olimjonga mehr-muhabbati shoirning onasi, singillari va ukalariga ham yetadi. Sevgan insonning qarindoshlari ham shunday suyumli bo‘larkan-da. 

Taniqli adib va jamoat arbobi Sarvar Azimov shunday yozadi: “Qo‘l-qo‘lga yetmas shu kunlarda omad kelishiga nima yetsin. Hamid Olimjon yoniq yulduzini – jon hadya qilishga tayyor sevgisini topdi. Uning oti – Zulfiya. U ustozi Mirtemir aytganidek, nozima emas, shoira edi. O‘n yetti yoshida qaldirg‘och she’rlar to‘plami nashrdan chiqqan, toshkentlik usta Isroil degrez bilan Xadicha onaning qizi, olovday shoira Zulfiya opa uyimizga kelin bo‘lib tushdilar”. 

Ikki she’r shaydosining to‘yi munosabati bilan Zulfiya opaning onasi o‘zi tikkan katta, quyoshnusxa so‘zanani sovg‘a qilgan. Hamid Olimjon so‘zananing qaviqlarini qo‘li bilan silay turib, “Bu so‘zana mening uyimga nur va farishtani yetaklab keldi”, deb zavqlangan ekan. 

Palak haqida Zulfiya opa yana bir voqeani so‘zlab bergan:

– Hamma ish bitdi, tayyor, deganlaridan keyin palakni qo‘limga olib qarasam, bir cheti chala ekan. Men yangamga “Nima uchun mana bu joyini tikmadinglar? Kelinglar, men bitkazib qo‘yay”, dedim. Shunda onam bu dunyoning ishlari har doim chala, agar palakni oxirigacha bekam-u ko‘st tikib, unga nuqta qo‘yilsa, hayot haqiqatiga zid bo‘ladi, deb aytdi.

Zulfiya opa san’at muzeyida milliy san’at ko‘rgazmasini Aleksandra Strelsova bilan tomosha qilayotganida rus jurnalisti “Nima uchun palakning mana bu yeri tikilmagan?” deb so‘raydi. Unga javoban shoira onasining o‘sha so‘zlarini aytadi. Shunda jurnalist o‘ylanib qolib, “O‘zbek xalqi – donishmand xalq” , deya hayratini bildirgan ekan. 

– Qadrli akam, xalq artisti Botir Zokirov qo‘shiqlarning ma’nosiga katta e’tibor qaratardi. Ayniqsa, falsafiy, zalvarli she’rlar u kishining joni-dili edi, – deb hikoya qiladi O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov. – Aniq esimda bor: Hamid Olimjonning yetmish yillik yubileyi tantanalarida Botir akam “Xayolimda bo‘lding uzun kun...” she’rini qo‘shiq qilib kuyladi. Konsert tugagach, Zulfiya opa sahnaga chiqdi. Botir akamni quchoqlab, “Botirjon, bu she’rni Hamid akangiz menga bag‘ishlab yozgan edi, uni shunday kuyladingizki, xayolimda o‘zlari o‘qib turganday bo‘ldi”, deb minnatdorlik bildirdi. Botir akam Zulfiya opani joylariga kuzatar ekan, “Umrboqiy muhabbat deganlari shu bo‘lsa kerak”, degan edi. 

Millatning birinchi tarbiyachilari onalardir. Oilada otaning o‘rnini ham bosib, issiq-sovuqqa birdek qalqon bo‘lib turguvchi, farzandlari, nabiralari kelajagi uchun tog‘dek posbon bo‘lguvchi momolarimiz o‘zbekning asl ayollaridir. Men buni Zulfiya opaning o‘g‘li Omon Olimjonovning armonli va faxrli so‘zlaridan angladim. 

Bir gal Oliy Kengash deputatligiga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist Omon Olimjonovning nomzodi qo‘yildi. Men u kishiga ishonchli vakil sifatida Jizzax tumanida o‘tkazilgan uchrashuvlarda qatnashdim. Yig‘ilishlarning birida Omon Hamidovich ota-onasi haqida mehr bilan gapirar ekan, har ikki benazir shoirning hayotida buvisi Komila aya muhim o‘rin tutgani, boshiga go‘yo osmonlar qulab tushgan Zulfiya opaning oyoqqa turishiga, ijodiy faoliyatini davom ettirishiga donishmand buvisining mehru fidoyiligi katta suyanch bo‘lgani, o‘zining yuragi tilka-pora bo‘la turib, kelini va nabiralarini og‘ir damlarda tog‘dek suyagani haqida yonib so‘zlagandi. 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi asosida Jizzaxda faoliyat ko‘rsatayotgan Hamid Olimjon va Zulfiya nomidagi ijod maktabida tahsil olayotgan o‘g‘il-qizlar bilan diydorlashganimizda adabiyotning yorqin yulduzlari haqida iliq gaplar eshitamiz. Mohichehra Abdurasulovaning “Shirin orzular” to‘plami nashr etilgani, yosh ijodkorlarning ijod namunalari Ukrainaning “Avtograf”, Germaniyaning “Masterskaya”, AQShning “Chayka” nomli nashrlarida e’lon qilingani faxr beradi insonga. 

Butun umr el xizmatida bo‘lib, zamondoshlarining tashvishini o‘zinikidek bilib, og‘rinmay yelkalagan insonlar hamma zamonlarda ham sharaf va hurmatga sazovordir. Biz buning tasdig‘ini akademik shoirimiz Gʻafur Gʻulomning “Muazzam Sharq namoyondir sening pokiza joningda”, jahon adabiyoti darg‘alari Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatovning “Zulfiya hozirgi zamon o‘zbek she’riyatining eng maftunkor zarvarag‘idir. U o‘z xalqining taqdiri bilan qo‘shilib ketgan ijodkor sifatida yuksalgan O‘zbekiston kuychisi, yangi Sharq ayollarining ramzi”, degan yuksak ta’riflarida ko‘ramiz. 

Butun bir millatni ma’rifatga boshlash, adabiyotga yaqinlashtirishdek qutlug‘ islohotlar Zulfiyaxonim ijodi timsolida yangramoqda. Ulug‘ Cho‘lpon aytgan “Adabiyot yashasa, millat yashaydi”, degan hikmatning amaldagi isboti yoniq she’riy davralar, sohir mushoiralar shaklida bahor bo‘yi yanglig‘ ifor sochaveradi. Bu fikr chizig‘idan o‘tgan har bir satrning xalq ko‘ngliga yetib borishiga erishish uchun fidoyi xizmat qilgan shoiru adiblarga hurmat ifodasi. Zero, ma’rifatli millatning tafakkur karvonlari yorug‘ manzillar sari odimlayveradi. Bu karvonlarning bekatlarini mehr chiroqlari bilan yoritib turgan, ziyolarini xalqqa yetkazishda kamarbasta bo‘lgan insonlar bor. 

Adiblar xiyobonida Zulfiyaxonim haykali poyiga gul qo‘yarkanmiz, Yangi O‘zbekistondagi adolatli va shiddatli islohotlar inson qadrini, jamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirishdek olijanob qadriyatlar uchun xizmat qilayotganiga yana bir bor amin bo‘lamiz.

Sayyora TO‘YCHIYEVA, 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 1-mart, 41-son

 

Izoh qoldirish