364

Kitob “tabiblari” yoxud qo‘lyozmalar restavratsiyasining ko‘hna an’analari va yangilanishlar

QADRIYAT

Qadim-qadimdan barcha xalqlarda kitob yaxshilikka yetaklovchi ezgulik manbai sifatida qadrlab kelingan. kitob so‘zi Qur’oni karim oyatlarida 200 dan ortiq o‘rinda kelgan, uning ma’nosiga dalolat qiladigan oyatlar ham juda ko‘p marta zikr qilingan.

Kitob so‘zi arabcha bo‘lib, “o‘z ichiga jamlamoq”, “to‘plamoq” kabi ma’nolarni anglatadi. Arablar biror katta oilaga tegishli barcha o‘g‘il­-qizlar va nevara­-chevaralar ota hovliga to‘plansa, “Takattaba banu fulan”, ya’ni “Falonchining avlodlari to‘planibdi”, deyishadi. Shuningdek, bu so‘z bir narsaning qator­-qator qilib terilishiga ham ishlatiladi.

Kitob madaniyat va ma’rifat, taraqqiyot manbai, undagi ilm aql kamoloti, qalb va ruh sokinligi ozuqasi, shuningdek, bashariyatni ezgulik sari yetaklovchi sarbondir. 

Kitoblar olamida bebaho boylik bo‘lgan, bugungi taraqqiyotimizning ilk manbasi, ildizi bo‘lgan qo‘lyozma nusxalar mavjud. Ular fondlarimizdan joy olgunga qadar ne­ne og‘ir kunlarni kechirgan, tabiiy va sun’iy talafotlar ularning katta qismiga jiddiy zarar yetkazgan. 

Zahmatkash ota­-bobolarimiz bu bebaho xazinani vujudga keltirish uchun qancha ko‘z nurlarini ketkazgan. Birgina Imom Buxoriy hazratlarining “Sahih al-­jome” to‘plami o‘n besh yillik mehnat samarasidir. Ibn Hajar Asqaloniy “Sahih al­jome”ga sharh yozish uchun o‘ttiz yil umrini sarf qilgan. 

Bugun biz buyuk allomalar vorislari sifatida ana shu xazinalarni munosib saqlab, eng muhimi, ularning ichidagi dunyo-yu oxirat saodatiga eltuvchi ilm-u ma’rifatni egallab o‘rganyapmizmi? Bugun ilm-u ma’rifat uchun hamma kuch safarbar qilinmasa, tobora murakkablashib borayotgan muammolarga yechim topa olmaymiz. 

Qo‘lyozma kitoblar o‘ziga xos sirli xususiyati bilan bosma kitoblardan ajralib turadi. Ularni mutolaa qilar ekansiz, har bir satri, har bir harfi orqali buyuk ajdodlarimiz naqadar xolisligiga guvoh bo‘lasiz. Bobolarimiz kelajak avlodlar uchun bor imkoniyatlarini ishga solgan. Yusuf Xos Hojib aytganidek: 

Bitib qo‘ymasaydi dono qalami, 

Qorong‘u qolurdi moziy olami. 

Ayrim qo‘lyozma kitoblar insoniyat taraqqiyoti uchun juda katta ahamiyatga ega bo‘lishiga qaramay, ularning xokisor mualliflari nomlarini ham yozib qoldirmagan. Muallif nomi qayd etiladigan joyga “Allohning rahmatiga muhtoj banda nomidan”, degan  xolisona satrlarni bitib qo‘yishganini ko‘rib, beixtiyor ko‘zingizga yosh keladi. 

Mana shunday bebaho qadriyatimizga aylangan qo‘lyozma kitoblarning eng qadimgisi 1400 yoshdan oshmoqda. Shu nuqtayi nazardan ularning ko‘plari qayta ta’mirga muhtoj. Bu ish bilan esa kitob “tabiblari” – restavratorlar shug‘ullanadi. Bu kasb egalari o‘z xizmati bilan o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajaradi. 

Bugungi kunda ayni sohaning qayta jonlanishi Gʻarb-u Sharqda ancha jadal tus ola boshladi. Jumladan, O‘zbekistonda ham bu sohada bir necha laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Markaziy davlat arxivi va yurtimizning ko‘plab tarixiy muzeylarida qadimgi qo‘lyozmalar, vasiqa va hujjatlar, shuningdek, nasabnoma va shajaralar kabi ma’naviy osori atiqalar saqlanadi. Ayni paytda bu bebaho merosimizni o‘rganish bilan birga, turli sabablarga ko‘ra talafot ko‘rgan kitoblar imkon qadar qayta tiklanmoqda. 

Qo‘lyozma kitobning vujudga kelishida bir necha kishi, jumladan, qog‘oz yasovchi, muallif, so‘ng xattotlar, kotiblar, varaqlarni (kurrosalarga) joylab tikuvchi va muqovalovchi sahhoflar ishtirok etgan. 

Bugungi kunda qadimgi kitoblar 3 ta asosiy usul – maxsus zamonaviy jihozlar yordamidagi mexanik usul, issiqlik energiyasi vositasidagi maxsus jihozlar va qo‘l mehnati orqali ta’mirlanmoqda. 

Mexanik usul orqali ta’mirlash, asosan, toshbosma kitoblarni tiklashda qo‘llanadi. Bu usulda zamonaviy texnologiyalar yordamida tabiiy ashyolardan olingan turli kukunlardan foydalaniladi. Avvalo, kukunlardan qog‘oz rangiga qarab munosib rang tanlanadi, shuningdek, qog‘ozning qalin yoki yupqaligiga qarab kukun miqdori ham belgilanib, suvli eritma tayyorlanadi. Kitobning zarar ko‘rgan sahifalari alohida ajratib olingach, maxsus idishlarga joylashtiriladi. Idishlarning ost qismi juda ham mayda teshikchalardan iborat bo‘lib, kerakli paytda ichidagi qorishmali suv shu o‘ta mayda teshiklar orqali tushirib yuboriladi, natijada sahifalardagi yirtilgan, bo‘sh joylarga kukun quyqalari to‘lib, ular bus­butun holga keladi. 

Keyingi usul, ya’ni issiqlik energiyasi orqali ko‘proq toshbosma kitoblar ta’mirlanadi. Zamonaviy maxsus apparatda keng va uzun tasmalar bo‘ladi, shu tasmalar yuzasiga kitobning talafot ko‘rgan sahifalari terib chiqiladi va ustidan maxsus yelimli qog‘oz yopiladi. Tasma varaqlarni yuqori haroratli pechga olib kiradi, natijada zarar ko‘rgan varaqlar yelim va qog‘oz orqali tiklanadi. Yuqoridagi ikki usul orqali ta’mirlash jarayonida kitob qog‘ozlari muayyan darajada zararlanishi mumkin, ayniqsa, nodir qo‘lyozma kitoblardagi noyob qog‘oz va yozuvlarga jiddiy zarar yetishi hech gap emas. Shuning uchun qo‘lyozmalarni bu usul orqali ta’mirlash tavsiya etilmaydi. 

Uchinchi usul, ya’ni qo‘l mehnati orqali ta’mirlash eng qadimiysidir. Bu usulda ta’mirlashda qo‘lyozmaning asl nusxasiga umuman salbiy ta’sir bo‘lmaydi. Dastlab ta’mirtalab qo‘lyozmaning barcha sahifalari raqamlanadi va alohida ajratiladi. Yirtilgan yoki kuygan, biologik zararkunandalardan zarar ko‘rgan sahifalar ta’mir stoliga ajratib qo‘yiladi. Kitob sahifasining hajmiga teng, ayni shu sahifa sifatiga yaqin keladigan qog‘oz tayyorlanadi yoki matni mutlaq talafot ko‘rgan kitoblarning, bo‘sh qog‘ozlari matn chetlaridagi toza qog‘ozlaridan foydalaniladi. Kitobning yirtilgan varag‘iga yangi qog‘oz tabiiy yelim bilan yopishtiriladi. So‘ng yangi qog‘ozning ortiqcha qismlari maxsus pichoqcha yordamida olib tashlanadi, chetlari mayin qumqog‘oz yordamida tekislanadi va natijada yaxlit sahifa vujudga keladi. 

Sahifadagi yo‘qolgan matnlar boshqa nusxalarda mavjud bo‘lsa, xattotlar yordamida to‘ldiriladi. Sahifalarni terish, tiklash, jamlash, muqovalash – ta’mirdagi bu to‘rt jarayon kitobning talafot ko‘rganlik darajasiga qarab kechadi. Sahifalar chokidan chiqib chalkashib ketgan bo‘lsa, tartiblash “tad’im”, yirtilib bir parchasi yo‘qolgan bo‘lsa “tarmim”, kurrosalar so‘kilgan bo‘lsa, jamlab chiqish va tikish “tajmi”, mustahkam muqovalash “tasbit” deyiladi. 

Nodir manbalar ta’miri juda mas’uliyatli ish. Zero, qo‘lyozmalarning umrini uzaytirib, dunyo va oxirat saodati uchun xizmat qilishdek xayrli amallarni mas’uliyatsiz bajarib bo‘lmaydi. Eng muhimi, bu sohaning fidoyi mutaxassislari ota­bobolarining bebaho merosini omonat bilib, avlodlarga soz holda qoldirishdek sharafli vazifasidan faxrlanadi.

Muhammadsiddiq USMONOV, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Manbalar xazinasi bo‘limi mudiri

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 28-fevral, 40-son

Izoh qoldirish