245

Akademiya talabalar teatr jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Talaba-yoshlarni san’atga muhabbat ruhida tarbiyalash, iqtidorli yoshlarga o‘z qobiliyatlarini namoyish etishi uchun sharoit yaratib berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti tomonidan oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari o‘rtasida “Talabalar teatr studiyalari” tanlovining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. 

Quvonarlisi, mazkur tanlovda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-yoshlaridan iborat teatr jamoasi ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, navbatdagi bosqichga yo‘llanma oldi. 

Tanlovda Akademiya talabalari tomonidan “Zahiriddin Muhammad Bobur” spektakli namoyish etildi. 

Xabaringiz bor, joriy yilda buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi 540 yil to‘ldi. Shu bois, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil 25-yanvarda “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu esa xalqimizning buyuk farzandi Bobur Mirzo hayoti va faoliyatini har tomonlama chuqur o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 

Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallagan adib, shoir, olim bo‘lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda ham edi.

Spektaklda Bobur Mirzoning bolalik chog‘ida taxtga o‘tirishi, davlat boshqaruvi, jang-u jadallari, iztirobli onlari, Vatan hajri kabi damlari aks etadi. Har bir holatga atalgan g‘azal va ruboiylar esa asarni yanada mazmunan boyitadi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talaba-yoshlari tomonidan ijro etilgan spektakl Hakamlar hay’ati tomonidan yuqori baholanib, 1-o‘ringa loyiq deb topildi. Eng asosiysi, Akademiya talabalar teatr jamoasi tanlovning mintaqaviy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi talabalarimizning mazkur yutuqlari bilan muborakbod etadi. Ularning kelgusi faoliyatlariga omad tilaydi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish