374

Misrning “Al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi faoliyati bilan tanishildi

Ta’kidlash joizki, yurtimiz delegatsiya vakillarining Misr Arab Respublikasidagi safari muvaffaqiyatli kechmoqda. Safar davomida turli ilmiy muassasalar faoliyati bilan yaqindan tanishilmoqda. Navbatdagi manzil – Misrning “Al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi bo‘ldi.

Akademiyada Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro boʻlim boshligʻi Bahodir Xoʻjayev hamda “Al-Azhar” majmuasi Islom tadqiqotlari akademiyasi rahbari, doktor Nazir Ayyod bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. 

Uchrashuv avvalida har ikki yurt vakillari tomonidan Oʻzbekiston va Misr bilan aloqalar tobora rivojlanib borayotgani, ayniqsa, ilmiy va taʼlim yoʻnalishlardagi hamkorliklar soʻnggi yillarda keng taraqqiy etayotgani taʼkidlandi. 

Muloqot davomida Davronbek Maxsudov tomonlar o‘rtasida hamkorlik masalalarini yanada rivojlantirish masalalari bo‘yicha takliflarini berdi. 

Akademiya rahbari Nazir Ayyod esa qadim Movarounnahr diyoridan islom ilmlari, falsafa, tibbiyot, mantiq va boshqa koʻplab ilmlar boʻyicha yetuk olimlar yetishib chiqqani, ular oʻz navatida jahon tamadduni rivojiga munosib hissa qoʻshganini taʼkidladi. Nazir Ayyod Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi qoshidagi Xalqaro ilmiy hayʼat va “Moturidiya” ilmiy jurnali tahrir hayʼati aʼzosi ekanini faxr va minnatdorlik bilan aytib oʻtdi. Kelajakda oʻzi boshchilik qilayotgan Akademiyada oʻzbekistonlik tadqiqotchilarning faoliyat olib borishlari mumkiniligini aytdi. 

Suhbatdan soʻng, Islom tadqiqotlari Akademiyasi faoliyati bilan atroflicha tanishib chiqildi. Akademiya “Al-Azhar” majmuasidagi eng yirik markazlardan biri sanaladi. Unda bugungi kunda olti yuz nafar xodim faoliyat olib boradi. Akademiyada tarjima, axborot, ekspertiza, matbaa va nashriyot kabi bo‘lim faoliyat yuritadi. 

Uchrashuv yakunida Akademiya rahbariyati va jamoasi Oʻzbekistondagi ilmiy markazlar hamda tadqiqotchilar bilan yaqindan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirdi.

Izoh qoldirish