356

Oʻzbekiston delegatsiyasining Misr muftiysi, Misr fatvo markazi (Dorul Ifto) rahbari Shavqiy Allom bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

Xabaringiz bor, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining taklifiga binoan ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tmoqda. Mazkur tashrif davomida yurtimizning turli delegatsiyalarining ham Misr Arab Respublikasi vakillari bilan uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Misr muftiysi, Misr fatvo markazi (Dorul Ifto) rahbari Shavqiy Allom bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida Muzaffar Komilov mezbon tomonga iliq qabul uchun minnatdorlik bildirib, markaz faoliyati butun musulmon dunyosi uchun muhim ekanini qayd etdi.

Oʻz navbatida, Shavqiy Allom ushbu markaz haqida delegatsiya aʼzolariga qisqacha maʼlumot berdi. 1895-yilda rasman oʻz faoliyatini boshlagan markazda hozirga kelib bir kunda aholi tomonidan 3500 atrofida murojaat kelib tushishini qoʻshimcha qildi. Shuningdek, markaz olimlari tomonidan 130 mingga yaqin fatvo yigʻilib, arab va ingliz tillarida chop etilganini alohida qayd etdi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov hamda Din ishlari qoʻmitasi raisi Sodiq Toshboyev o‘z savollari bilan murojaat qilishdi.

Samimiy muloqot davomida Muzaffar Komilov tomonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish borasida so‘z yuritdi. O‘z navbatida Misr fatvo markazi (Dorul Ifto) rahbari Shavqiy Allom ham bunday hamkorlik soha rivojiga katta hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Uchrashuv oʻzaro samimiy va doʻstona ruhda boʻlib oʻtdi.

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish