Buyuk sarkarda va vatanparvar shoir
ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR TAVALLUDINING 540 YILLIGIGA
Temuriylar davri Renessansining yorqin vakili Zahiriddin Muhammad Bobur nafaqat sarkarda, shuningdek, serqirra iste’dod sohibi, yuksak fazilatli inson sifatida ham tanilgan. O‘z davrida uning shoh asari “Vaqoyi” yoki “Boburnoma” nomi bilan mashhur kitobining moʻtabar qo‘lyozmasini bitgan kotib muallifning ijobiy xususiyatlarini “aytib va yozib tugatish mahol”, deya qayd etib, “Asli zotida mana bu sakkiz sifat mujassam edi: birinchisi – yuksak orzu-niyatga ega, ikkinchisi – himmati baland, uchinchisi – yurtni egallash, to‘rtinchisi – vatanni saqlash, beshinchisi – yurtni boshqarish, oltinchisi – xalqiga muruvvatli bo‘lish, yettinchisi – lashkarga g‘amxo‘rlik va sakkizinchisi – adolatli bo‘lish” ekanini ta’kidlagan.
Bu sakkiz sifat ichida Zahiriddin Muhammad Boburning yuksak orzu-niyatli ekani, yurt ravnaqi uchun qayg‘urishi, xalqi va lashkariga g‘amxo‘rlik qilishi va adolatli munosabati alohida ko‘rsatilgani bejiz emas.
Zahiriddin Muhammad Boburni Temuriy shahzoda sifatida Farg‘ona va Samarqandda Bobur Mirzo, Kobul viloyatida Bobur podshoh yoki Boburshoh deb atashgan. Shimoliy Hindistonda esa ulkan saltanat asoschisi Sulton ul-a’zam va Xoqon ul-mukarram – Shahanshoh deb tan olingan. Zarb qilingan tangalarda Zahiriddin Muhammad Boburning nomi “Adli Zahiriddin Sulton Muhammad Bahodur”, “Zahiriddin Muhammad Bahodur Podshoh”, Shimoliy Hindistonda esa “As Sulton ul-a’zam va Xoqon ul-mukarram Zahiriddin Muhammad Bahodur Podshoh”, so‘nggi yirik Kanva jangidan keyin “As Sulton ul- a’zam va Xoqon ul-mukarram Zahiriddin Muhammad Bobur Podshohi Gʻoziy” deb atalgan.
Zahiriddin Muhammad Boburning dunyoga mashhur bo‘lishiga avlodlari Shimoliy Hindistonda asos solingan ulkan saltanatda uch yuz yildan ortiq – 1858-yilgacha hukmronlik qilgani sabab bo‘lgan, ammo ularning davlatini Yevropada Buyuk mo‘g‘ullar saltanati deb xato nomlashgan.
1483-yil 14-fevralda Farg‘ona viloyati poytaxti Andijon shahrida hokim yoki podshoh Temuriy Umarshayx Mirzo oilasida ikkinchi farzand, birinchi o‘g‘il dunyoga keldi. Unga naqshbandiya tariqati yetakchisi Xoja Ubaydulla Ahror Zahiriddin Muhammad deb ism qo‘ygan. Barvasta va harakatchanligi uchun oilada Bobur, Boburjon deb erkalatishgan va bu keyinchalik uning taxallusiga aylangan.
Zahiriddin Muhammad Boburning otasi Umarshayx Mirzo temuriyzoda Sulton Abusaid Mirzoning uchinchi o‘g‘li edi. Onasi Toshkent va Mo‘g‘uliston xoni, Chig‘atoy avlodidan bo‘lgan Yunusxonning qizi Qutlug‘ Nigorxonim edi.
Umarshayx Mirzo hukmronlik qilib turgan Farg‘ona viloyati Movarounnahrning sharqiy hududi bo‘lib, uning poytaxti Andijon qal’asi kattaligi jihatidan mamlakatda uchinchi, Samarqand va Shahrisabzdan keyin turgan. Orzulari ulkan Farg‘ona viloyati hokimi o‘z akalari Samarqanddagi Movarounnahr hukmdori Sulton Ahmad Mirzo, otasi o‘rniga o‘tirgan Toshkent xoni Sulton Mahmudxon bilan ziddiyatga borgan vaqtda – 1494-yili yozgi qarorgoh Axsi qo‘rg‘onidagi kabutarxonasi bilan daryoga, jarga qulab, Bobur iborasi bilan aytganda, “shunqor bo‘ldi”, ya’ni halok bo‘lgan.
Zahiriddin Muhammad Bobur hijriy hisob bilan o‘n ikki yoshida 1494-yili Farg‘ona viloyatida podshoh bo‘ldi, ikki marta Samarqand taxtini egalladi, o‘n-o‘n bir yillik o‘zaro kurashlardan charchab, o‘z yurtidagi hukmronlikdan ajraladi. Bir yilga yaqin So‘xda va Badaxshon tog‘ oldi qishloqlarida kun kechiradi.
“Boburnoma” asarining boshlanishi Farg‘ona viloyati poytaxti Andijon tavsifiga bag‘ishlanib, Zahiriddin Muhammad Bobur ona yurtini alohida muhabbat va qunt bilan ta’riflaydi, ziyrak va zukko olim sifatida joylar nomi, xususiyati, o‘simligi, jonivorlar, mevalar, odamlarining etnik jihati, eng muhim iqtisodiy holati, qancha lashkarni boqa olishi, boshqa hududlar va ulargacha bo‘lgan masofa to‘g‘risida ma’lumotlar keltiradi.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va uning asarlari, xususan, “Boburnoma”ni o‘rgangan odam qanday qilib o‘n ikki yoshli yigitcha o‘n besh yoshida Samarqandni olishga intilgani va egallagani, o‘n yetti yoshida qayta egallagani, Andijonni ikki marta qaytarib olganiga hayron qoladi.
Gulbadanbegim otasi Bobur Mirzoning Farg‘ona va Movarounnahrdagi hayoti va faoliyati to‘g‘risida so‘z yuritib, u paytda yuz bergan jang-u jadallarni ta’riflashga qalam tili ojiz, degan. Bu davrda o‘z viloyati Farg‘onani himoya qilishdan boshlangan ishlar, ikki amakisi Sulton Ahmad Mirzo va Sulton Mahmud Mirzo vafotlaridan so‘ng Bobur Mirzo o‘z tarafdorlari bilan Samarqand taxti uchun kurashga qo‘shildi.
U Samarqandni birinchi bor egallaganida, Movarounnahrning jug‘rofiy tavsifini keltiradi: “Rub’i maskunda (yer yuzida) Samarqandcha latif shahar kamroqdur. Viloyatini Movarounnahr derlar. Hech yog‘iy – dushman qahr va g‘alaba bilan munga dast topmag‘on uchun baldai mahfuza – Alloh tomonidan himoyalangan shahar derlar. Temurbek poytaxt qilibtur. Temurbekdin burun Temurbekdek ulug‘ podshoh Samarqandni poytaxt qilmagandur... Eli tamom sunniy va pok mazhab, mutasharri’ va mutadayyin eldur... Ul miqdor aimmai islom – islom olimlarikim, Movarounnahrda paydo bo‘lubtur, hech viloyattin ma’lum emaskim, muncha paydo bo‘lmish bo‘lg‘oy... Temurbekning va Ulug‘bek Mirzoning imoroti va bog‘oti Samarqand mahallotida ko‘ptur”. Umuman, Bobur Farg‘ona viloyati va Movarounnahrni, shahar va qishloqlari, tabiati, ulug‘ olimlari, oliy imoratlari va boshqa xususiyatlarini batafsil va alohida muhabbat bilan tasvirlaydi. Bu lavhalar nozikta’b shoir yoki hassos rassom tomonidan tasvirlanganday tuyuladi go‘yo.
Movarounnahr uchun yosh temuriyzodalar – Boysung‘ur Mirzo, Sulton Ali Mirzo va Boburga qarshi chiqqan tajribali Muhammad Shayboniyxon avval ularni, keyin Toshkent va Mo‘g‘uliston xoni Yunusxonning o‘g‘illari Sulton Mahmudxon, Sulton Ahmadxon va mahalliy zodagon Sulton Ahmad Tanbalni mag‘lub etadi.
1504-yili Bobur Mirzo o‘z Vatanini tark etib, Xurosonda hukmronlik qilgan Sulton Husayn Mirzoning amaldorlaridan biriga tegishli Kobul shahriga yo‘l oladi. Yo‘l-yo‘lakay Hisorda hokimiyatni egallab olgan Xusravshoh Muhammad Shayboniyxon tahdididan qo‘rqib, Boburga yukunib kelishga majbur bo‘ladi. Uning parokanda bo‘lgan lashkari va xizmatkorlari Boburga qo‘shilgach, uch-besh minglik qo‘shin bilan Kobulni qamal qilib, uni egallaydi. U yangi mamlakatni Mirzo Ulug‘bek Samarqandni obod qilganday ravnaq toptirishga intilgan. O‘z davlatiga Qandahor, Gʻazna kabi shaharlarni, Badaxshon o‘lkasi hududini va Hindistonga yaqin joylarni qo‘shib oladi. Kobulda Bobur Mirzoning farzandlari dunyoga kelgan. O‘zi samarali ijod qiladi va katta tajriba to‘playdi.
Bobur Mirzo hayotining Kobuldagi davrida Afg‘oniston, Xuroson va Hindistonda yigirma ikki yil yuz bergan voqealar, shu viloyatga tegishli shahar va boshqa hududlarning geografik holati hamda u tomonidan amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, sodir bo‘lgan voqelar “Vaqoyi’” kitobida bayon etilgan.
Bobur Mirzo Kobul viloyatidagi faoliyati davomida do‘stlari bilan majlislar quradi, sayrlar uyushtiradi, ovchilik bilan mashg‘ul bo‘ladi, obodonchilik ishlarini amalga oshiradi hamda Hindistonga chegaradosh hududlar bilan yaxshi aloqa o‘rnatadi, ikki marta sodir bo‘lgan fitnani barbod etadi. O‘zi bunyod etgan Kobul viloyatining Istalif kentidagi “Bog‘i Vafo” va boshqa joydagi “Bog‘i Safo” kabi bog‘lari go‘zalligi bilan ajralib turishini Bobur Mirzo to‘lqinlanib yozadi. Kobul shahridagi “Bog‘i kalon” nomli bog‘ning haqini egalariga to‘lab, uni obod joyga aylantirgani bilan faxrlanadi.
Umuman, Kobul davri Bobur Mirzoning hayoti va ijodida muhim o‘rin tutadi, chunki yangi alifbo “Xatti Boburiy” ixtiro etiladi, ajoyib g‘azallar bitadi, “Aruz risolasi” va “Mubayyin” asarlari ustida ishlaydi, mamlakat obodonchiligi bilan mashg‘ul bo‘ladi. O‘sha davrning eng go‘zal shahri – Xuroson poytaxti Hirotni borib ko‘rishga muyassar bo‘ladi.
Xuroson podshohi Sulton Husayn Mirzo o‘z davlatiga bo‘lajak tahdidni sezgach, Muhammad Shayboniyxonga qarshi kurashmoqchi bo‘lib, Bobur Mirzoni hamkorlikka chorlaydi. Ammo yurishdan avval, 1506-yili u olamdan o‘tadi. Hirot tomon yo‘lga chiqqan Bobur Mirzo marhum podshohga ta’ziya bildirish va buyuk shoir, davlat arbobi Alisher Navoiy ijodi bilan yaqindan tanishish maqsadida otasi o‘rniga birdaniga taxtga o‘tirgan shahzodalar Badiuzzamon va Muzaffar Mirzo taklifi bilan boradi. Ular Bobur Mirzoni yuksak hurmat-ehtirom bilan kutib olib, o‘z saroy va bog‘larida dabdabali ziyofatlar uyushtiradi.
Bobur u yerda yigirma kun bo‘lib, o‘n sakkiz kun Alisher Navoiy yashagan uyda to‘xtab, Hirot shahrining tarixiy yodgorliklari, yirik shoir va olimlar bilan tanishadi, ularning hayoti va faoliyati to‘g‘risida o‘zining “Vaqoyi’” asarida mukammal ma’lumot beradi. Alisher Navoiy shahrida bo‘lish, uning uyida yashash Bobur Mirzoga buyuk mutafakkir hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishish imkonini beradi. Sulton Husayn Mirzo va Alisher Navoiy davridagi Hirot xotiralari Bobur Mirzoda o‘chmas taassurot qoldirgan: “Sulton Husaynning zamoni ajab zamone edikim, ahli fazl va benazir eldin Xuroson, bataxsis Hiri shahri mamlu edi. Har kishiningkim, bir ishg‘a mashg‘ullig‘i bor edi, himmati va g‘arazi ul edikim, ul ishni kamolga yetkurgay”.
Zahiriddin Muhammad Bobur hayotining shartli uchinchi davri – 1515-1530-yillar Hindistonda o‘tgan va “dil daftari” – “Boburnoma”ning oxirgi qismi shu mamlakat tarixi va tabiatiga bag‘ishlangan. Bu davr voqealaridan harbiy yurish tafsilotlari, mamlakat tarixi, geografiyasi, nabotot, hayvonot, qushlar, suv hayvonlari, yangi saltanatga asos solinish jarayonlari, obodonlashtirish ishlari va diqqatga sazovor joylariga sayr hamda ularning tavsifi o‘rin olgan.
Kobul viloyatida o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan Bobur Mirzo e’tiborini Hindiston tomonga qaratadi. Yigirma yil davomida to‘rt marta mamlakat hududlariga borgan. 1525-yilga kelib, Zahiriddin Muhammad Bobur o‘z davrida Amir Temur egallab, mahalliy hokimlarga qoldirgan Dehli saltanatini qaytarib olishga qaror qiladi. Dehli sultoni Ibrohim Lodiyning raqiblari, amakisi A’lamxon, Panjob hokimi Davlatxon va nufuzli mahalliy rojput hukmdorlaridan biri Rona Sango Boburni Shimoliy Hindistonga chorlab, maktublar jo‘natgan. Mutaxassislar fikricha, Shimoliy Hindistonda Bobur oddiy mahalliy xalqqa qarshi emas, balki bobomeros mulkini egallab olgan afg‘on va rojput sulola vakillariga qarshi kurashib, Dehli sultonligini egallagan.
Hindistonga yurishi Zahiriddin Muhammad Boburning katta harbiy tajribaga ega sarkarda ekanini ko‘rsatdi. Besh yilga yaqin yashagan mamlakatida Bobur Mirzo katta obodonchilik ishlarini boshlab yuborgan. Jamna daryosi yonidagi bo‘sh joylarni o‘zi va a’yonlari uchun bo‘lib berib, Samarqand va Kobuldagi bog‘dorchilik, obodonchilik ishlarini shu darajada rivojlantiradiki, obod bo‘lgan joyni mahalliy aholi Kobul deb atay boshlagan.
Buyuk vatandoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur hayotini o‘rgangan olimlar uning harbiy san’at sohasidagi eng yirik ikki muvaffaqiyati – 1526-yilgi Panipat maydonida Ibrohim Lodiyga qarshi hamda 1527-yil sodir bo‘lgan Rona Sangoga qarshi Kanva shahridagi janglarda son jihatdan ustun bo‘lgan raqiblarni tor-mor etishi Shimoliy Hindiston tarixida ulkan siyosiy jasorat bo‘lib, uch yuz yildan ziyod hukm surgan saltanatga asos solganini alohida ta’kidlaydi.
Dehli shahriga yaqin Panipat maydonida bo‘lgan jangda Bobur Mirzoning o‘n ikki ming askari bo‘lgan. Ibrohim Lodiyning lashkari soni yuz ming va mingta harbiy fili bo‘lgan, degan ma’lumotlar bor. Bobur Mirzo o‘zining sarkardalik mahorati, tajribasi bilan son jihatidan bir necha barobar ko‘p bo‘lgan raqiblar ustidan g‘alaba qozonadi. Tarixchi mutaxassislarning fikricha, 1526-yil aprelida Shimoliy Hindistonda yangi Boburiylar saltanatiga asos solindi va bu davlat rasman 1858-yilgacha yashab keldi.
Hindistonda bo‘lgan janglarda Bobur Mirzo o‘z askarlarini o‘sha davr uchun zamonaviy o‘qotar qurol, miltiqlar bilan ta’minlagani hamda o‘zi maxsus qurdirgan ulkan to‘plarni ishga solgani, daryolarda kemalar yasashga katta e’tibor bergani samarasini ko‘rsatdi. Zamondoshlari Bobur Mirzoni Sulton ul-a’zam va Xoqon ul-mukarram, Shahanshohi Hindiston deb tan olgan.
Mustaqillikkacha O‘zbekistonda Zahiriddin Muhammad Bobur, asosan, buyuk vatanparvar shoir, “Boburnoma” asari muallifi, serqirra ijod sohibi deb atalib, uning sarkardalik, davlatchilik sohasidagi faoliyati, xizmatlari va iste’dodiga yetarli e’tibor berilmas edi.
Yurtimiz boburshunos olimlari, o‘ttiz yil avval tashkil etilgan Xalqaro Bobur jamoat fondining faoliyati natijasida qator samarali ishlar qilindi, “Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi” ikki marta – 2014 va 2017-yillari, “Zahiriddin Muhammad Bobur. Boburiylar” nomli yirik bibliografiya 2016-yili nashr etildi. Jahon olimlari Boburshunoslik markazi O‘zbekistonga qaytib keldi, deb tan oldi. O‘zbekiston va jahonda, ayniqsa, so‘nggi yetti yil ichida sarkarda shaxsiga munosabat tubdan o‘zgardi. Uning ona Vatani Andijonda katta ishlar amalga oshirildi, Xalqaro Bobur jamoat fondi binosi atrofi qaytadan obodonlashtirilib, “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi asosida yangi “Bobur jamoat fondi kitob muzeyi” faoliyat ko‘rsata boshladi. Ayni paytda yangi “Bobur qomusi”ni o‘zbek, ingliz va rus tillarida yaratish ishlari boshlab yuborilgan. Poytaxtimizning Adiblar xiyobonida Boburga bag‘ishlangan muhtasham haykal o‘rnatilgan, uning hayoti va ijodi Toshkentda Milliy Gvardiyaning Jamoat xavfsizligini saqlash universiteti, Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi pedagogika universiteti va boshqa ta’lim maskanlarida o‘rganilmoqda. Olti jildlik “Zahiriddin Muhammad Bobur kulliyoti” ham juda yuksak saviyada nashr etildi.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk shoir va olim, mashhur davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bundan ham anglash mumkinki, buyuk sarkarda, vatanparvar va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodiga bo‘lgan e’tibor, qiziqish hech qachon kun tartibidan tushmaydi.
Abdumajid MADRAIMOV,
tarix fanlari doktori, professor,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 28-yanvar, 19-son
Izoh qoldirish