326

Jahonga sochilgan nodir durdonalar

9-FEVRAL – ALISHER NAVOIY TAVALLUD TOPGAN KUN

Jahon xalqlarining ma’naviy-madaniy yo‘nalishda hamjihatlikka intilishi, bir-birining adabiyoti va san’atini o‘rganishga qiziqishi tabiiy jarayonga aylangan. Ayniqsa, buyuk mutafakkir Alisher Navoiy merosini butun dunyo ilm-ma’rifat ahli katta qiziqish bilan o‘rganadi. 

Prezidentimizning 2020-yil 19-oktabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda va xorijda navoiyshunoslik sohasida orttirilgan ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, Navoiy asarlarida ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etishda muhim asos bo‘lmoqda. Qarorda, shuningdek, Alisher Navoiyning xorijiy davlatlarda saqlanayotgan va u yashagan davrga oid asarlar qo‘lyozmalarining faksimile nusxalarini mamlakatimizga olib kelish, ularni o‘rganish va xalqimizga taqdim etish vazifasi ham belgilangan edi. Ayni paytda bu yo‘nalishda ilmiy-amaliy ishlar davom etyapti.

Jahon navoiyshunosligi tadriji va takomiliga nazar soladigan bo‘lsak, Alisher Navoiy ijodining Fransiya, Amerika, Germaniya, Finlyandiya, Niderlandiya, Yaponiya, Rossiya kabi bir qancha davlatlarda o‘rganilgani, asarlari bir necha tillarga tarjima qilinganining guvohi bo‘lamiz. 

Yaqin ikki yil ichida Yevropaning yetti mamlakati va Rossiyaning qator shaharlarida xizmat safarida bo‘lishimga to‘g‘ri keldi. Maqsad Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida bajarilayotgan “Yevropa fondlarida saqlanayotgan, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarning ma’lumotlar bazasini va “Yevroturcologica.uz” elektron platformasini yaratish” mavzusidagi grant loyihasi doirasida O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan turkiy qo‘lyozmalarni topish va xalqimizga qaytarishdan iborat edi. Loyiha maqsadi va vazifalaridan kelib chiqib, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Chexiya, Finlyandiya, Shveytsariya, Estoniya kabi mamlakatlarning yirik kutubxonalarida ishladim, bir qancha turkiy qo‘lyozmalarni, jumladan, Alisher Navoiyning asarlarini ham ko‘zdan kechirdim.

Germaniyada Alisher Navoiy asarlari 88 nusxada, Fransiyada 42, Finlyandiyada 27, Chexiyada 11, Shveytsariyada 13, Estoniyada 8, Rossiyada 94 nusxada saqlanadi (bu mening ko‘rganlarim, aslida, ushbu mamlakatlarning boshqa shaharlari kutubxonalarida yana bo‘lishi mumkin). Bular ichida Navoiy asarlari eng ko‘p saqlanadigan fondlar Germaniya, Fransiya, Rossiyaniki hisoblanadi.

Ilmiy manbalarga nazar solsak, Yevropada birinchi bo‘lib Navoiy asarlarini fransuz olimlari o‘rganganini ko‘ramiz. Dunyoga mashhur Parij milliy kutubxonasida Navoiy asarlarining 42 ta qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Turkiy qo‘lyozmalarning ikki jilddan iborat tavsifini fransuz olimi Edgar Bloshe yaratgan bo‘lib, bu katalogda Navoiyning 35 ta qo‘lyozma asari nusxalariga tavsif berilgan. Fransiyaga ilmiy safarimiz davomida bu katalogni va Navoiy asarlarini o‘rgangan olimlarning ilmiy ishlarini ko‘rishga muvaffaq bo‘ldik. 

Fransiyada XVII asrdayoq sharqshunoslik maktablari ochilgan. Bartolome d’Yerbelo de Molenvil va Fransua de Bernye bu maktabning ilk bitiruvchilari bo‘lib, ilmiy ishlarida Navoiy qo‘lyozmalari haqida ham axborot bergan. Jumladan, Bartolome d’Yerbelo “Sharq kutubxonasi” qomusida Navoiy biografiyasi, ijodi va asarlari haqida ilk ma’lumot bergan. Silvestr de Sasi, Fransua-Alfons Belen, Anri-Pave de Kurteyl, Lyusyen Buva kabi olimlar Navoiy asarlarining ilk tadqiqotchilari va tarjimonlari sanaladi. Masalan, Anri-Pave de Kurteyl Yevropada birinchi bo‘lib shoirning “Muhokamat ul-lug‘atayn” va “Tarixi muluki Ajam” asarlaridan fransuz tilida parchalar e’lon qilgan. 

Germaniyaning Berlin, Myunxen, Drezden, Leypsig kabi shaharlaridagi yirik kutubxonalarda nazmiy va nasriy durdonalarimiz ko‘z qorachig‘idek asrab kelinayotganiga guvoh bo‘ldim. Ilmiy safarim davomida mazkur qo‘lyozma asarlar asosidagi nemis sharqshunoslarining faktik ma’lumotlarga boy ilmiy izlanishlari bilan ham tanishib, ularning turkiy xalqlar madaniyati tarixida muhim ahamiyatga ega ekaniga amin bo‘ldim.

Germaniya kutubxonalarida Alisher Navoiyning “Xamsa”, “Lison uttayr”, “Majolis un-nafois”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Mahbub ul-qulub”, “Tarixi muluki Ajam” kabi asarlari, devonlari mavjud bo‘lib, ular turli davrlarda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxalar sanaladi. Qo‘lyozma asarlar orasida “Mahbub ul-qulub” asarining hijriy 1238-yilda ko‘chirilgan noyob nusxasi ham mavjud.

Germaniyada Navoiy asarlariga qiziqish qachondan va nima maqsadda boshlangan? Kimlar birinchilardan bo‘lib shoir qo‘lyozmalariga tavsif bergan? Shoir asarlaridan qaysilari nemis tiliga tarjima qilingan? Albatta, bu savollar barchani qiziqtirishi tabiiy.

Germaniyada Alisher Navoiy asarlariga jiddiy qiziqish Berlin, Myunxen va Leypsig universitetlarida turkologiya bo‘limlari (XIX-XX asr) ochilishi bilan bog‘liq. Turkologiya rivojida Navoiy asarlarini o‘rganish muhim ekanini anglagan M.Xartman, A.Kayzer, G.Flyugel, T.Benfey, X.Vamberi, D.Shuls, M.Gets, T.Mensel, X.Ritter, A.Kurella kabi olimlar diqqat-e’tiborni aynan shu jihatga qaratib, imkon qadar shoirning Germaniya fondlarida yig‘ilgan asarlarini o‘rganishga harakat qilgan. Shoir qo‘lyozmalariga birinchilardan bo‘lib tavsif bergan olimlar Vilgelm Perch va Martin Xartmandir. Ular turkiy qo‘lyozmalar tavsifiga oid ilmiy asarlarida Navoiyning Berlin va Gota shaharlari kutubxonalarida saqlanayotgan qo‘lyozmalari haqida batafsil ma’lumot bergan.

Vilgelm Perch butun ilmiy faoliyati davomida nafaqat turkiy qo‘lyozmalar, balki arabiy, forsiy va boshqa Sharq qo‘lyozmalari tavsifiga bag‘ishlangan 8 jild asar yaratgan bo‘lib, ularning asl nusxalari hozir Gota shahri kutubxonasida saqlanadi. Germaniya fan tarixida bu qadar iqtidorli sharqshunos va ko‘p katalog yaratgan boshqa olim bo‘lmagan. Bundan tashqari, kataloglarni kuzatish asosida Navoiy qo‘lyozmalari tavsifi Jorg Krayember, Barbara Flemming, Manfred Gotz, Xanna Soxvayde kabi olimlar yaratgan ilmiy asarlarda ham aks ettirilgani ma’lum bo‘ldi.

Adabiyotshunos olim M.Tojixo‘jayevning ta’kidlashicha, Navoiy asarlaridan dastlabki ilmiy izohli tarjimalar G.Vamberi va M.Xartman tomonidan amalga oshirilgan. Har ikkala olim “Chig‘atoy tili” darsligini yaratib, misol tariqasida Navoiy she’rlaridan izohlari bilan parchalar keltirgan. Shuningdek, ushbu maqolada 1900-yilda Yoxannes Avetaraniane tomonidan Navoiyning ikkita g‘azali tarjimasi diniy xarakterdagi “Shahid ul-haqoyiq” jurnalida, 1946-yilda esa Alfred Kurella tomonidan ”Farhod va Shirin” dostonining XVII bobi tarjimasi “Neue Welt” jurnalida e’lon qilingani va boshqa tarjimalar haqida muhim ma’lumotlar keltirilgan.

Rossiyaning Moskva, Qozon, Novosibirsk, Perm va boshqa shaharlari kutubxonalarida Navoiy asarlari ardoqlanib saqlanadi. Birgina Sankt-Peterburg shahrining o‘zida 3 ta joyda – Sharq qo‘lyozmalari instituti fondida, Sankt-Peterburg davlat universiteti kutubxonasida va Saltikov-Shedrin nomidagi milliy kutubxonada Navoiy asarlari qo‘lyozmalari bor. Dunyoda Navoiy ijodi bo‘yicha birinchi dissertasiya ham aynan Sankt-Peterburg universiteti sharqshunoslik fakultetida 1856-yilda Mixail Nikitskiy tomonidan “Amir Nizomiddin Alisher: davlat arbobi va shoir sifatida” mavzusida himoya qilingan. Mixail Nikitskiy o‘zigacha Yevropa adabiyotidagi tadqiqotlarni, shuningdek, shoir yashagan yillarga yaqin davrlarda yaratilgan forsiy va turkiy manbalarni sinchiklab o‘rganadi, ulardan unumli foydalanadi va adabiy-ilmiy jamoatchilikni Navoiy ijodining eng muhim qirralari bilan tanishtiradi. 

M.Nikitskiy Alisher Navoiyning ilmiy-ijodiy merosini “adabiyot gulzorining eng sara guli” deb baholaydi. Muallif o‘z fikrlarini Jomiy, Husayn Boyqaro, Bobur kabilarning Navoiyga bergan bahosi bilan rivojlantiradi. Olim Navoiyning Rossiyada mavjud qo‘lyozmalari haqida ma’lumot berar ekan, ularning ko‘pi Yevropada yo‘qligi, ayniqsa, bir qancha asarlarni o‘zida jamlagan “Kulliyoti Navoiy” noyob manba ekanini ma’lum qiladi. Asar tarkibida “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor”, “Chihil hadis”, “Nazm ul-javohir”, “Siroj ul-muslimin”, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Lison ut-tayr”, “Mahbub ul-qulub”, “Tarixi muluki Ajam”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Majolis un-nafois”, “Hayrat ul-abror” – 15 ta asar jamlanganini yozadi.

Shundan keyin M.Nikitskiy Navoiyning avval turkiy, keyin forsiy asarlariga birma-bir qisqacha izoh beradi va parchalar keltiradi. Asarlarni ta’riflash barobarida bu borada Navoiy zamondoshlari va Yevropa olimlari fikrlaridan ham misollar keltiradi.

Sharqshunos olim Semyon Volin birinchi bo‘lib Navoiy asarlariga tavsif bergan. Olim ilmiy asarida Sankt-Peterburg fondlarida Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Siroj ul-muslimin”, “Devoni Foniy”dan boshqa barcha asarlari mavjudligini ma’lum qiladi. S.Volin bir muddat, ya’ni 1930-1933-yillar davomida Toshkentda, markaziy arxivda ham ishlagan. 1935-yildan Sankt-Peterburg, o‘sha paytda Leningraddagi Sharq qo‘lyozmalari institutida ilmiy xodim sifatida faoliyat yuritgan, Xorazm manbalari, turkiy adabiyot bo‘yicha tadqiqotlar qilgan. Arab, fors, o‘zbek, turk, turkman tillarini mukammal bilgan. Afsuski, olim 1941-yilda qatag‘onning ayovsiz g‘ildiragi ostiga tushib, 1943-yilda qiynoqlarda vafot etgan.

Sharqshunos olim V.V.Bartold “Mir Alisher va siyosiy hayot” monografiyasida Navoiyning tarixiy biografiyasini qo‘lyozma manbalar asosida yoritib bergan. Olim Alisher Navoiyning hayot yo‘lini, ijodiy faoliyatini bor holicha, real ko‘rsatishni maqsad qiladi. Chunki shoir biografiyasi yoritilgan ko‘p manbalarda Navoiy dunyodan uzilgan, darveshsifat, faqat she’r-u shoirlik shaydosi qilib ko‘rsatilgan. V.V.Bartold o‘zigacha yozilgan tadqiqotlardagi kamchiliklarni yoritar ekan, aniq manba va tarixiy dalillarga suyanmay fikr aytish ilmiy etikaga to‘g‘ri kelmasligini uqtiradi.

Y.E.Bertels Alisher Navoiy ijodiy merosini yuksak matnshunoslik tayyorgarligi asosida jiddiy o‘rgangan sharqshunoslardan biridir. Umumiy estetik asosga ega bo‘lgan turli xalqlar adabiyotining qiyosiy tahlili olimga turkiy adabiyotning o‘ziga xosligini aniqlashga yordam berdi. U o‘zigacha bo‘lgan Yevropa olimlarining, jumladan, fransuz olimi Fransua Belen va nemis olimi Yozef fon Xammer Purgshtalning “Navoiy fors adabiyotining taqlidchisi” degan qarashlarini davr sharqshunoslarining eng katta metodologik xatosi, asar mohiyatini anglamaslik deb bildi. O‘z izlanishlari bilan bu qarashni rad qildi va Navoiy asarlarining originalligini isbotlab berdi. Olim tahlil jarayonida asarlarning, asosan, fabulasiga e’tibor qilish, qisqa tavsif bilan chegaralanish turkiy adabiyot to‘la qimmatga ega emas, forsiy adabiyotning takrori, degan noto‘g‘ri xulosaga olib kelganini ma’lum qiladi.

Umuman, Alisher Navoiy hayoti va ijodini, badiiy asarlarining poetik xususiyatlarini, o‘zaro adabiy ta’sir masalalarini maxsus tadqiq qilgan A.N.Samoylovich, Y.E.Bertels, S.L.Volin, A.N.Kononov, M.Salye kabi olimlarning ilmiy izlanishlari rus navoiyshunosligining asosiy qismini tashkil etadi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda “Alisher Navoiy” xalqaro jurnali mavjud va unda shoir ijodi bo‘yicha eng salmoqli maqolalar nashr etiladi. Jurnalning 2022-yil birinchi sonida professor Aftondil Erkinov Navoiy asarlari dunyo katalogini tashkil qilish taklifi va tashabbusini bayon qildi. Taklif o‘rinli bo‘lib, butun dunyo navoiyshunoslari bu borada birlashsa arziydi. 

Alisher Navoiy turkiy xalqlarning g‘urur va iftixori, butun dunyo xalqlarining intellektual boyligidir. Buyuk mutafakkirimizning ijod olamiga sayohat va ijobiy natija chinakam saodat va san’atdir. Ustoz Ibrohim Haqqul to‘g‘ri ta’kidlaganidek, navoiyshunoslik ma’no miqyosi nihoyatda keng va ulkan soha. Uni har tomonlama bilish yoki fikran qamrab olish ancha qiyin yumush. Navoiyning ulug‘likda beqiyos, qudratli, yaratuvchan shaxsiyatini keng o‘rganib, shoir asarlarida tasvirlangan ma’no va haqiqatlarni unga go‘yoki hisob berayotganday tahlil va talqin qilish burch hamda qalb zaruriyatiga aylantirilsa, yechimi topilmaydigan muammo qolmaydi.

Yevropada navoiyshunoslik bugungi kunda ham jadal sur’atlar bilan davom etmoqda. Shoirning asarlari tarjima qilinmoqda, tavallud kunlari sabab xalqaro anjumanlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Demak, Yevropa navoiyshunosligi jahon adabiyotshunosligining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, bu sohani ko‘p yangi ma’lumot, tahlil va talqin bilan boyitgan va boyitmoqda. Y.E.Bertels ta’kidlaganidek, Navoiy ijodi muzeydagi eksponat yoki tarixning bir bo‘lagi emas, u barhayot va yashashda yana davom etadi.

Gulnoza XOLLIYEVA,

filologiya fanlari doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 3-fevral, 23-son

Izoh qoldirish