273

Mustahkam ruhiy qo‘rg‘on

NUQTAYI NAZAR

Mamlakatimizda yoshlar siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlash va bardavomligini ta’minlashda faol ishtirok etadigan avlodni voyaga yetkazishdir. Shu bois, yoshlar tafakkuri sofligini saqlash, ularning kayfiyati, orzu-umidlari, intilishlarining mazmun-mohiyatini o‘rganish, ulardan tegishli xulosalar chiqarish zarur.

Prezidentimiz ta’kidlaganidek, “Bugun tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. Gʻarazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin tahlikali sharoitda biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak”.

Darhaqiqat, yoshlar tarbiyasida, sharqona mentalitetdan kelib chiqib, kattaga, ota-onaga munosabatlarning sinalgan uslublariga alohida e’tibor qaratish har qachongidan ham dolzarb. Mafkuraviy tahdidlar kuchayayotgan bir paytda yoshlar tarbiyasi masalasi nihoyatda muhim hisoblanadi. 

Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu borada alohida to‘xtalib, quyidagi fikrlarni o‘rtaga tashladi: “Butun dunyoda kuchayib borayotgan radikalizm, ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi xatarlar, afsuski, bizni ham chetlab o‘tmayapti. Lekin takror aytaman, musulmon ummatiga saboq bergan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan bizning diyorimizda bu borada adashganlar, radikalizm va ekstremizm g‘oyalariga berilganlar bo‘lishi mumkinmi?”.

Prezidentimizning ushbu so‘zlarini mushohada qilar ekanmiz, radikalizm va ekstremizm ildiz otib borayotgan bugungi kunda jamiyatimizda yoshlar tarbiyasida ahamiyat qaratish lozim bo‘lgan eng dolzarb jihatlar haqida aytib o‘tmoqchimiz. Muammoni hal qilishning dastlabki chorasi bu mafkuraviy immunitetdir. 

Mafkuraviy immunitet qanday hosil qilinadi va unga asos sifatida nimani tanlamoq lozim? Albatta, o‘zbek xalqining necha ming yillar davomida shakllangan ma’naviy qadriyatlari, muqaddas e’tiqodi, ajdodlar merosidagi qimmatli fikrlar mafkuraviy immunitetning asosiga aylanmog‘i lozim. Bu borada Qur’oni karim oyatlari, hadislar, shuningdek, ulug‘ mutafakkirlarimizning ilmiy g‘oyalarida o‘z aksini topgan xalqimizning muqaddas e’tiqodi – islom dinining odamiylik, oliyjanoblik, to‘g‘rilik, bunyodkorlik, hayo, andisha, oilaga, Vatanga muhabbat kabi yuksak insoniy fazilatlarga targ‘ib etuvchi qadriyatlarini jaholatga qarshi ma’rifat tamoyili asosida yoshlar ongiga singdirish – ularni radikalizm kabi xavflardan himoyalashda o‘ta ahamiyatlidir.

Yoshlar o‘rtasida ta’lim, mehnat, madaniyatning mohiyatini anglash borasidagi qonunlarga amal qilish, yangi demokratik tamoyillarni idrok etish va qabul qilish, ijtimoiy va siyosiy ong, din va demokratik jamiyat muvozanatiga nisbatan turlicha munosabat va qarashlar ham mavjud. Bu borada sog‘lom vaziyatni ta’minlash va mustahkamlash uchun yoshlar o‘rtasida targ‘ibot va tashviqot faoliyatini yanada kuchaytirish, zamonaviy tarbiya texnologiyalarini joriy etish, ta’lim sifatini yaxshilash talab etiladi.

Yoshlarda huquqiy ong va madaniyat, milliy mafkura vujudga kelishida ma’naviyat asosiy o‘rin tutadi. Ma’naviyat ular qalbida kamol topishi uchun esa har bir yosh avlod huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati barpo qilinayotgan bir sharoitda yashayotgani va o‘qiyotganini chuqur his qilishi kerak. Chunki huquqiy ong va madaniyat darajasining o‘sib borishi fuqarolarning davlatga, kelajakka ishonchini mustahkamlaydi. 

Shaxsning huquqiy mafkura va madaniyati davlat tizimida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bular esa yoshlarni aniq maqsadni ko‘zlab tarbiyalash natijasi, tarbiyaning yuksak ko‘rinishidir. Uning asosida fuqarolarga yuklatilgan yangicha burch va majburiyatlar, berilgan huquq va erkinliklar, jamiyat va davlat, xalq manfaati tushunchasi, Vatan uchun o‘zini safarbar qila olishga ishonch kuchi yotadi. Ta’kidlash joizki, xalqaro maydonda turli siyosiy manfaatlar to‘qnashayotgan ayni paytda faqat o‘z fikri va qat’iy hayotiy nuqtayi nazariga ega bo‘lgan xalq va uning to‘g‘ri yo‘lni tanlagan yosh avlodi o‘z kelajagini qurishga qodir kuch bo‘la oladi.

Yoshlar uchun kasbga yo‘nalganlik va kasbiy tayyorgarlikka intilish muhim masala bo‘lib, ularning tafakkur va xulqida asosiy mazmun kasb etadi. Aynan shu faoliyat bilan o‘zlarining jamiyatdagi ijtimoiy o‘rnini his qiladi. Yoshlarning yuqori darajadagi malaka va obro‘-e’tiborli kasb egallashiga intilishi tabiiy. Bu borada ularning kasb tanlashida ota-onalar, o‘qituvchilar va jamoatchilik fikri hal qiluvchi ahamiyatga ega. Demak, oila, davlat va jamiyat yoshlarning kasb-hunar egallashi hamda bilim olishiga birdek harakat qilmog‘i lozim. 

Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida ta’lim sohasidagi navbatdagi muhim yo‘nalish, bu – yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat ekaniga alohida urg‘u berib, maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelayotgani hammamizni o‘ylantirishi kerakligini, shu bois, 700 dan ortiq kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar imkoniyatidan samarali foydalanish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Yoshlarni radikalizmdan himoya qilishning muhim shartlaridan yana biri milliy g‘oya va mafkuraning asosiy tushuncha va prinsiplarini ular ongiga singdirish, milliy o‘zlikni anglash, ularning siyosiy faolligini oshirish, huquqiy madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq muammolar yechimini topishdir. Ularda milliy o‘zlikni anglash qobiliyatini shakllantirish va mustahkamlashning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – milliy-ma’naviy immunitetni shakllantirishdir. Tabiiyki, bunda milliy tarbiyaning o‘rni va roli beqiyos. Milliy ta’lim-tarbiyani zamon talabi darajasida tashkil qilmasdan va amalga oshirmasdan milliy davlatchiligimizni tashkil qilish va uning mustaqilligini ta’minlash, yurtni turli yovuz kuchlar tahdididan muhofaza qilish amri mahol. 

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz yoshlarini radikalizm va ekstremizm tahdidlaridan himoyalashda ularning ta’lim-tarbiyasi, ma’naviyatini yuksaltirishning birdan-bir eng muhim omili “Jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashishdir. Nega deganda, diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” kabi tahdidlar qancha-qancha oilalar, mamlakatlar boshiga qanday og‘ir kulfatlarni solayotganiga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Bunday keskin va tahlikali sharoitda yoshlarni hayotdagi sinovlarga bardoshli qilib tayyorlash ota-ona, ustoz-murabbiy, rahbar-rahnamo – barchamizning shu muqaddas yurt fuqarosi sifatidagi oliy burchimiz ekanini unutmasligimiz lozim.

Nigora YUSUPOVA,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi

professori, yuridik fanlar doktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 18-yanvar, 11-son

Izoh qoldirish