351

Mardlik va jasorat bayrami

14-YANVAR – VATAN HIMOYACHILARI KUNI

Har qanday jamiyat o‘ziga ma’qul turmush tarzi va orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishga, mustaqil siyosat yuritishga harakat qiladi. Jamiyat xalq irodasini, erkini, turmush tarzini himoya qiluvchi, tartib va qonunlarga asoslangan milliy harbiy kuchni tashkil etishga intiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’riflaganidek, “Milliy armiyamiz mamlakatimizda erkin, ozod va farovon hayot bunyod etish, demokratik islohotlarni samarali amalga oshirish yo‘lida ishonchli kafolat, tog‘dek tayanchimiz” sanaladi. Zero, mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini turli tahdidlardan himoya qilish, tinchlik va barqarorlikni yanada mustahkamlash – barcha yutuqlarimizning garovidir.

Ulug‘ sohibqiron Amir Temurning “Askari quvvatli mamlakat boy bo‘lur, boy mamlakatning askari quvvatli bo‘lur”, degan mashhur iborasi bor. Bugun bu hikmat “Farzandlari sog‘lom yurt qudratli bo‘lur”, degan shior o‘laroq hayotga joriy etilmoqda. Yoshlarimiz turli sohalar bo‘yicha dunyoda eng yuksak marralarni egallashmoqda. Harbiy-sport va ilm-fan maydonlaridagi g‘alabalar – biz uchun odatiy tusga kirib bormoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Qurolli kuchlarini tubdan isloh etish, zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash, armiyamizning jangovar salohiyati va qudratini shirish, chegaralarni mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning bilim va tajribalarini, jangovar tayyorgarlik va mahoratlarini jiddiy sinovlardan o‘tkazishdek mas’uliyatli ishga hamisha jiddiy e’tibor berib kelinmoqda. Yosh davlatimiz tashqi siyosatdagina emas, balki harbiy siyosatda ham satellitlik (birovga qaramlik) yo‘lini rad etdi. Xavf-xatar tug‘ilgan qaltis vaziyatlarda ham o‘ziga, o‘z harbiy kuch-qudratiga tayandi – o‘z chegaralarini o‘zi qo‘riqladi.

“Temur tuzuklari”dan: “...tajribamda ko‘rdimki, g‘anim lashkarini yengish qo‘shinning ko‘pligi bilan emas, mag‘lub bo‘lish esa sipohning kamligidan bo‘lmaydi. Balki g‘olib bo‘lmoqlik (Tangrining) madadi va bandasining tadbiri bilandir. Men tajribamdan shuni bildimki, yuz ming otliq askar qilolmagan ishni bir to‘g‘ri tadbir bilan amalga oshirish mumkin ekan...”. Ixcham, zamonaviy qurollangan, harakatchan va tezkor milliy armiya tuzish yo‘lida olib borilgan sa’y-harakatlar yuqoridagi tuzukning bugungi in’ikosidir. Bugungi kunda harbiylarimiz o‘zlarining professional tayyorgarlik darajasi bo‘yicha jahondagi yetakchi mamlakatlar armiyalarining harbiy xizmatchilaridan aslo qolishmasligini so‘zda emas, amalda isbotlamoqda. Xalqaro harbiy o‘quv musobaqalarida, armiyalar o‘rtasidagi sport bellashuvlarida O‘zbekiston vakillari o‘zlarining mahorati, ruhan baquvvatligi, g‘alabaga bo‘lgan irodasini namoyon etmoqda, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanliklarini yaqqol ko‘rsatmoqda.

“Temur tuzuklari”dan: “Yana tajribamdan o‘tmishkim, garchi ish ning qanday yakunlanishi taqdir pardasi orqasida yashirin bo‘lsa ham, aqli raso va hushyor kishilardan kengash-u tadbir istab, fikrlarini bilmoq lozimdir... Maslahatchilar va kengash ahli yig‘ilganda, oldimizdagi ishlarning yaxshi-yomon, foyda-yu ziyon tomonlari, ularni amalga oshirish, oshirmaslik haqida so‘z ochib, (ulardan) fikr so‘rar edim...” 

Xalq va armiya o‘rtasida ishonchli ko‘prikka aylangan harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatida muayyan yutuqlar ko‘zga tashlanmoqda. Ushbu sektorlar tashkil etilganidan buyon “Xalq va armiya – bir tan-u bir jondir” degan shior ostida harbiy infratuzilmalarni modernizatsiya qilish va to‘planib qolgan ijtimoiy muammolarni hal etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Harbiy shaharchalar zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi, moddiy ta’minot xizmatlari yanada takomillashdi. Harbiy xizmatchilar oilalarini qulay va shinam kvartiralar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarning ayollari uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, harbiy pensionerni ishga joylashtirish kabi ishlar izchil yo‘lga qo‘yildi. 

“Temur tuzuklari”dan: “Sipohiy davlat xizmatida ekan, boqiy hayotlarini foniy dunyo naqdi uchun ayamaganliklarining o‘zi ham in’omga va moddiy ta’minotga loyiqligini bildiradi”. Bularning barisi ulug‘ Sohibqiron saltanatida inson, Vatan himoyachisining qadri naqadar ulug‘langanini yaqqol ko‘rsatuvchi misollardir.

Armiyamiz unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va ona yurtga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat, shonli tariximizni chuqur bilish ruhida tarbiyalash borasidagi ishlarga faol kirishganini alohida qayd etish joiz. “Vatanparvar” va “Faxriylar” singari tashkilotlar, shuningdek, Mudofaa vazirligi qoshidagi Jamoatchilik kengashi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashni yanada kuchaytirish hamda ularda faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish bo‘yicha g‘oyat zarur bo‘lgan ishlarni birgalikda davom ettirmoqda.

Hozirda yigitlarimiz uchun harbiy sohada xizmat qilish nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafga aylandi. Bugun armiyada xizmat qilishning nufuzi juda baland. Bugun ota-onalar o‘z farzandlari voyaga yetgach, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishini niyat qilishmoqda. Chunki zamonaviy jangovar qurollardan foydalanishni mukammal egallagan yigitlarimiz millatning, yurtning iftixoriga aylanayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz.

Bayram va tantanali marosimlar barcha xalqlar tomonidan o‘zgacha nufuz va ko‘tarinki hodisa sifatida nishonlanib kelinadi. Asrlar osha an’analarning shakl-shamoyili, fe’l-atvori o‘zgarsa-da, ammo ularning mazmun-mohiyati hamon asl ohangida saqlanib kelayotir. Biz ham Vatan himoyachilariga bag‘ishlangan umumxalq shodiyonamiz tarixiga oid ayrim ma’lumotlarni bir qur esga olamiz.

“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “jasorat” so‘zi mardlik, qo‘rqmaslik, shijoat, qahramonlik degan ma’nolarni ifodalashi keltirib o‘tilgan. “Jasoratli” so‘zi esa xavf-xatarlardan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, dovyurak ma’nolarida keladi. Izohli lug‘atda ushbu so‘zning botirlik, matonatlilik, mustahkamlik, qat’iylik, salobat, sabot, chidam kabi ma’nolari ham keltirilgan.

Xalq dostonlarida jang maydonida mislsiz qahramonlik ko‘rsatgan jangchilar o‘sha yerning o‘zida taqdirlanib, ularning sharafiga bayramona ehtiromlar ko‘rsatilgan. “Qutadg‘u bilig”da janglarda matonat, qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan jangchilarni munosib taqdirlash qoidalariga jiddiy e’tibor berilgan.

Misollardan ko‘rinadiki, Vatan himoyachisi kuni – ulug‘ bayram, mardlik va jasorat tantanasidir. Chunki botirlik va vatanparvarlik hamma zamonlarda ham eng yuqori martaba sanalgan va xalq orasida qizg‘in nishonlangan. Yaqinlashib kelayotgan 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami ham buyuk ajdodlarimiz va ularning mard avlodlari sha’nini sharaflovchi katta tantana. 

Buni ko‘zida o‘t chaqnab turgan har bir yurtdoshimiz chuqur anglamog‘i zarur!

Aziz NORQULOV,

Bobur ELMURODOV

Manba: “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi 2023-yil 13-yanvar, 1-son

Izoh qoldirish