291

Farzandlari botir yurtda baxtli avlod ulg‘ayar

14-YANVAR – VATAN HIMOYACHILARI KUNI

Dunyoda globallashuvning shiddatli tus olishi insoniyat xavfsizligi va mamlakatlar barqarorligini ta’minlash borasida jiddiy qayg‘urishni taqozo etmoqda. Ayniqsa, tobora kuchayib borayotgan ma’naviy xurujlar, yot g‘oya va mafkuralar ta’sirida inson qalbi va ongi uchun kurash avj olyapti.

Ta’kidlash joizki, globallashuv sharoitida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun, avvalo, yosh avlodni yurtga fidoyilik va sadoqat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, eng bebaho oliy ne’mat – tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, oilalarimiz, farzandlarimiz, kelgusi avlodlarimizning baxt-u kamoli uchun asrab-avaylash dolzarb vazifa. Shu bois, Prezidentimiz Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu hayotiy masalaga yana bir karra urg‘u berib, barchamizni doimo kamarbasta bo‘lishga chaqirdi.

Mazkur omillar O‘zbekistonda davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani ham bejiz emas. Dunyoda vujudga kelayotgan tahlikali vaziyatlarni teran anglagan holda, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlashda harbiy xizmatchilarning mafkuraviy immunitetini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, keyingi yillarda amalga oshirilayotgan tub islohotlar milliy armiyamizni izchil isloh qilish va rivojlantirish, davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash, shu bilan birga, harbiy kadrlarni tayyorlashga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Ayniqsa, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda armiya va xalq birligini ta’minlash borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikdagi tizimli ishlar yaxshi samara beryapti. Bu ishlar, eng avvalo, milliy armiyamiz safini irodasi mustahkam, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan vatanparvar yoshlar bilan to‘ldirish imkonini yaratadi.

Milliy-ma’naviy xavfsizlikni ta’minlash uchun esa har qaysi davlatning o‘z urf-odati, qadriyati, an’analari va ma’naviy-harbiy merosini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Bu borada bizga ulug‘ ajdodlarimizning hayoti va faoliyati yuksak ibrat namunasidir. Buyuk Amir Temur bobomiz o‘z saltanatini tashqi dushmanlardan himoya qilish orqali mamlakat yaxlitligi va xalq osoyishtaligini ta’minlagan. Najmiddin Kubro esa o‘z yurtini dushmanlardan himoya qilishda shahid bo‘lib, yuksak vatanparvarlik namunasini ko‘rsatgan edi. Millat fidoyisi Abdulla Avloniy Vatanni sevish va uni ardoqlashni tabiat va jamiyatning muhim qonuniyati sifatida ta’riflaydi. Ulug‘ ajdodlarimizning bunday xayrli ishlarini doimo yodda tutish va targ‘ib etish yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yurtimizga nisbatan ichki va tashqi xavflarning oldini olishda mustahkam immunitetni shakllantiradi, har birimizni yurt ravnaqi va tinchligi, xalq farovonligi uchun kurashda tashabbuskor bo‘lish, fidoyilik bilan xizmat qilishga chorlaydi.

Prezidentimizning tegishli qarori asosida ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish konsepsiyasida bu boradagi ustuvor vazifalar belgilab berilgan. Konsepsiyaning asosiy maqsadi keng dunyoqarash, mustaqil fikrga ega, imon-e’tiqodi va irodasi mustahkam, ma’naviyatli, fidoyi, ajdodlarimizning bebaho merosiga tayanib, yurt taqdiri uchun yuksak mas’uliyat va javobgarlik kabi muhim xususiyatlarni shakllantirishdan iborat.

Bugungi kunda mazkur konsepsiya uch bosqichda amalga oshirilyapti. Xususan, Temurbeklar maktablari va akademik litseylarning maxsus guruhlarida ta’lim olayotgan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida bu yo‘nalishda turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Bunda ma’naviy-ma’rifiy ishlarning turli yo‘nalishlari, usul va shakllaridan foydalanilgan holda yoshlarni sog‘lom va jismonan baquvvat, ruhan barqaror, bilimli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar, fidoyi etib tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilyapti.

Prezidentimiz Sharq donishmandlarining “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”, degan hikmatli so‘zlarini misol keltirib, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi lozimligini ta’kidlagani bejiz emas. Zero, ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat, to‘g‘ri yo‘ldan adashish holatlari kuzatilishi tarixdan ma’lum.

Tabiiyki, bu da’vat yurt himoyasini muqaddas deb bilgan har bir yurtdoshimiz, ayniqsa, Vatan himoyachilarining zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bugun mamlakatimizda yoshlarning bilim olishi, ma’naviy tafakkurini yuksaltirish uchun yaratilgan sharoitlar yigit-qizlarni kelajagimizning mustahkam poydevori etib tarbiyalashga puxta zamin yaratadi.

Shuhrat HOTAMOV,

Jamoat xavfsizligi universiteti

o‘qituvchisi, polkovnik

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2023-yil 10-yanvar, 5-son

Izoh qoldirish