335

“Haj – 2023” mavsumi uchun xizmat koʻrsatish sohalari oʻrganildi

Saudiya Arabistonida xizmat safarida boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida bir nechta mehmonxonalar, oshxonalar va avtobus saroylari bilan yaqindan tanishib, yuksak darajada xizmat koʻrsatish mezonlari va yuqori sifat talablari nuqtayi nazaridan tahliliy oʻrganib chiqildi.

Tanishish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov oʻzbekistonlik ziyoratchilar ibodatlarini mukammal, toʻliq ado etishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni hozirlashga alohida e’tibor qaratdilar. 

Makka shahrida joylashgan bir necha mehmonxonalarni koʻzdan kechirish chogʻida delegatsiya aʼzolari ularning kirish foyelari kengligi, xonalardagi sharoitlar, ayniqsa, oʻrinlar soni, sanuzel holati, oshxona sigʻimi, ishchi va tibbiyot guruhlari xizmat koʻrsatishlari uchun ajratilgan joylar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, mutasaddilar hojilarga taom tayyorlash borasida xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan vakillar bilan uchrashib, oshxonalardagi shart-sharoitlar, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash omborlari, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, ovqat pishiradigan qozonlar va anjomlarni sinchkovlik bilan koʻzdan kechirishdi.

Oʻrganish jarayonlarida transport vositalari, xususan, Madina va Makka hamda Makka va Jidda yoʻnalishlarida zamonaviy avtobuslar ajratilishiga ham jiddiy eʼtibor qaratildi.

Manba: Muslim.uz

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish