Muzaffar Komilov: “O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi mushtarak munosabatlar har ikki davlatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda”
Xabaringiz bor, ayni paytda Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Haj va umra xizmatlari konferensiya-koʻrgazmasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur nufuzli tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarov va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev boshchiligidagi yurtimiz delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Safar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning “O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi mushtarak munosabatlar har ikki davlatning taraqqiyotiga xizmat qilmoqda” nomli maqolasi Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.
Jumladan, maqolada O‘zbekiston o‘zining tarixi va sivilizatisyasi, arab va islom ilmlarini yo‘lga qo‘yishdagi ulkan ilmiy ahamiyati bilan Markaziy Osiyoning eng muhim davlatlaridan biri ekani ta’kidlangan. Shu bilan birga, O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari haqida so‘z borgan.
“O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan. 2022-yilda ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlandi.
O‘tgan davrni hisobga oladigan bo‘lsak, o‘zaro munosabatlar izchil rivojlanib borayotganiga guvoh bo‘lamiz. Buning asosiy sababi har ikki davlatni bog‘lab turgan tarixiy, madaniy, ma’rifiy, ijtimoiy va diniy aloqalardir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan umumiy manfaatlarga erishishga asoslangan do‘stona tashqi siyosat samarasida Podshohlik bilan hamkorlik aloqalari, ayniqsa, keyingi olti yilda rivojlanib, yuksak bosqichga ko‘tarildi”, deyiladi maqolada.
Shuningdek, muallif ikki davlat delegatsiyalarining yillar davomidagi aloqalarini alohida e’tirof etadi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ikki muqaddas masjid xodimi – Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saudning taklifiga binoan 2022-yil 17-18-avgust kunlari Saudiya Arabistoni Podshohligiga rasmiy tashrifi ana shu munosabatlarning avj nuqtasi bo‘lganini qayd etadi.
Xabaringiz bor, 2022-yilning 29-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligining Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzan Al-Rabiya boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgan edi. Unda muqaddas qadamjolarga sayohatlar tashkil etish, jumladan, fuqarolarimizning Saudiya Arabistoni Podshohligida bo‘lishlari uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shma hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingandi. Maqolada mazkur tashrif haqida so‘z yuritilar ekan, O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasi ikki baravarga ko‘paytirilib, 24 ming nafar hojiga, ziyoratchilar ulushini esa 100 ming nafarga yetkazish bo‘yicha kelishuv imzolangani o‘zaro aloqalarning mushtarak ekanidan darak berishi qayd etiladi.
Akademiya rektorining mazkur maqolasi Saudiya Arabistoni ommaviy axborot vositalarida keng yoritilib, yuksak e’tiroflarga sazovor bo‘ldi.
Ayni paytda delegatsiya a’zolarining xizmat safari davom etmoqda.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish