Bu bayramning nomi mardlikdir
14-YANVAR – VATAN HIMOYACHILARI KUNI
Asrlar osha ko‘plab an’analarning shakl-shamoyili, fe’l-atvori, sharoit va muhitdagi o‘rni o‘zgarsa-da, ammo ularning mazmun-mohiyati hamon asl ohangida saqlanib kelayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, bayram va tantanali marosimlar insoniyat tarixida o‘zgacha nufuz va ko‘tarinki hodisa sifatida nishonlanib kelinadi. Hatto ilk ibtidoiy jamoa shaklida kun kechirgan urug‘ birlashmalari ham jilla qursa baroridan kelgan ovdan so‘ng gulxan atrofida o‘z qahramonliklarini yovvoyilarcha nishonlagani qadimiy tosh bitiklarida saqlanib qolgan. Farzand tug‘ilishi, sovuqdan ko‘klamga sog‘-omon yetish, mo‘l hosil, boshpanaga ega bo‘lish – bularning bari har qanday jamoa tomonidan o‘ziga xos ko‘rinishda bayram qilingan.
Vaqt o‘tib, insoniyatning turmush sifati, yashash tarzi o‘zgarib, madaniylashib borar ekan, bayram qilish elementlari ham o‘zgara boradi. Dastlabki bayramlar e’tiqod nuqtayi nazaridan diniy ko‘rinishga ega bo‘lganini hisobga olsak, ilk jamoalar tabiat va uning yaratiqlari, shuningdek, quyosh va oy, tog‘lar va hayvonlarga sig‘inib, ularning sharafiga qurbonlik qilib, turli marosimlarni bayram sifatida o‘tkazib kelishgan.
Qadimiy manbalardan biri “Avesto”da keltirilishicha, otashparastlar quyosh xudosi Mitra sharafiga chopqir otlarni qurbon qilishgan. Chunki otlar quyoshning uchqur nurlari sanalib, ularni qurbonlik qilish sharaf sanalgan.
Manbalarda keltirilishicha, Sug‘diyona, Xorazm, Farg‘ona vodiysi va Toshkent vohasida qadimdan “Olov uylari” o‘yinlari, mavsumiy marosimlarda o‘ynaladigan va “Avesto” ijrochiligi bilan bog‘liq namoyishlar, bazm raqslari, maqom o‘yinlari, qayroq va zang bilan ijro qilinadigan o‘yinlar, kamon, qilich, pichoq, kaltak va mash’alalar bilan o‘ynaladigan jangovar raqslar, surnay raqslari, qarsak usullari bilan olib boriladigan o‘yinlar ijro etib kelingan.
Keyinchalik odamlarning atrof-muhitga, olamga bo‘lgan qarashlari tubdan o‘zgarib bordi. Demakki, marosim va bayramlar o‘tkazish ko‘lami ham madaniylashib, kengaygandan-keygayaverdi. Shu tariqa ko‘plab mayda bayramlar unutildi va yangilari o‘ylab topildi. Eramizdan burungi asrlarga kelibgina jamoaviy miqyosda keng nishonlanuvchi bayramlar yuzaga chiqa boshladi. Xususan, davlatchilik asoslarini yaratish maqsadida katta-katta hududlar harbiy yurishlar natijasida bosib olindi. Shu tariqa davlatchilik tashkil topgan kunlarni nishonlash, qahramonlarni sharaflab, bayram uyushtirish, mard va jasur o‘g‘lonlarni taqdirlash an’analari yoyilib bordi. Bir so‘z bilan aytganda, harbiy yurishlar vaqtida jasorat ko‘rsatgan qahramonlar nomi yuzaga chiqa boshladi.
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da jasorat so‘zi arabcha mardlik, qo‘rqmaslik, shijoat, qahramonlik degan ma’nolarni ifodalashi keltirib o‘tilgan. Jasoratli so‘zi esa xavf-xatarlardan, qiyinchiliklardan qo‘rqmaydigan, dovyurak ma’nolarida keladi. Izohli lug‘atda ushbu so‘zning botirlik, matonatlilik, mustahkamlik, qat’iylik, salobat, sabot, chidam kabi ma’nolari ham keltirilgan.
Yuqori tayyorgarlikdagi vatanparvar jangchilar tayyorlash har bir davlat uchun g‘oliblik va bayramlarga teng edi. Turli yunon olimlari eramizdan burungi IV-III asrdan boshlab qadimiy O‘zbekistonning iqlimi va xalqlari xususida qiziqarli ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Masalan, yunon tarixchisi Gerodot: “Massagetlar juda katta va jangovar xalq”, deb yozadi. Skiflarning kuchi va qahramonliklari, hamjihatligi Gerodotni hayratga solar ekan, u bejiz: “Biron qabila birlashgan skiflarga qarshi kurasha olmaydi”, deb yozmagan edi.
Tarixchi Pompey Trog O‘rta Osiyoda yashovchi hamma qabilalar «Mehnatga va urushga chidamliligi va yengilmas jismoniy kuchi bilan ajralib turadi, ularning g‘alaba va shuhrat qozonishdan bo‘lak istaklari yo‘q”, deb yozsa, Kvint Kursiy Ruf: “...Sug‘diyonlar – jasur odamlar, gavdalari juda barvasta, ular asir tushganlarida ham o‘limdan sira qo‘rqmaydilar, o‘lim oldidan ashula aytib, o‘z xursandchiliklarini bayon qiladilar”, degan fikrlarni bayon qiladi.
Demak, ushbu davrga kelib jangda qahramonlik ko‘rsatish, o‘z yerlarini dushman kuchlaridan muhofaza eta olish – eng katta bayram sifatida qaralgan.
“Qutadg‘u bilik”da jangda mardlik va qahramonlik ko‘rsatgan askarlar, botirlar to‘nga (yo‘lbars), to‘nga alp (shavkatli bahodir), so‘kman (dushman safini yoruvchi) singari unvonlar bilan taqdirlangan. Ushbu unvonlarni olgan jangchilar sharafiga katta-katta bayramlar uyushtirilgan.
O‘zbek xalq qahramonlik dostonlaridan biri “Alpomish”da ham Hakimbek o‘z elini dushmanlardan ozod etgach, xalq qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y-u tomosha qilgani fikrimizning dalilidir.
Alpomish qalmoqlar yurtiga borganida, Barchinning to‘qson alp oldiga qo‘ygan shartini barcha qatori bajarishga kirishadi. Uning Boychibor oti poygadagi to‘rt yuz to‘qson to‘qqizta otga qo‘shilib, besh yuzinchi tulpor bo‘lib, Barchin uchun boshlangan musobaqada ishtirok etadi. Oti poygada g‘olib kelganidan so‘ng u yoy tortish, tanga pulni ming qadamdan urish va to‘qson alp bilan kurash tushish sinovlarida qatnashib, o‘zini ko‘rsatadi. Alpomishning ushbu shartlarni bajarishi – el-ulus uchun chinakamiga bayram edi.
Aslida bayram so‘zi arabchada tantana, shodlik kuni ma’nosini beradi. Dostonda “Alplar bilan o‘zbekning polvoni yoy tortishar emish” degan xabarni eshitgan qo‘ng‘irot va qalmoqlar, qiz-yigitlarning bayramga boradiganday shoshib qolishlari quyidagi misralarda ayon bo‘ladi:
Qiz-u juvon saf-saf bo‘lib turadi,
Barchinning ustida talash bo‘ladi,
Gʻurullashib necha alplar keladi...
Bayram so‘zining badiiy adabiyotga ko‘chishi uning ma’nodorlik ko‘lamini yanada oshirib, ma’no ufqlarini tobora kengaytirib bordi. Navoiy o‘zining “Navodir ush-shabob” asarida elning go‘yo yangi oy ko‘rgani-yu, oshiq esa uni ko‘rolmay, go‘yoki bayramdan mosuvo qolganini tashbehlar bilan shunday ifodalaydi:
El yangi oy ko‘rdi vu men ko‘rmadim qoshing hamin,
Elga bayram bo‘ldi, ammo bizga bayram bo‘lmadi.
Shuningdek, shoir asl bayramlarning mag‘zi ma’rifat va ziyoda ekanini ta’kidlar ekan, o‘zining “Holoti Pahlavon Muhammad” asarida shunday yozadi:
“...Xaloyiqg‘a Pahlavonning suhbati Navro‘z va bayramcha bor erdi”.
Navoiy inson o‘z umrini zavq bilan yashashi lozimligi, hatto bir soat ham ayshdan ayro qolmasligini o‘zining “Badoyi ul-vasat” asarida keltiradi:
Har kunung bayram bo‘lub johing hilol o‘lsun mudom,
Ko‘rmagil beaysh umrung muddati bir soatin.
Xalq dostonlarida ba’zan jang maydonida mislsiz qahramonlik ko‘rsatgan jangchilar o‘sha yerning o‘zida taqdirlanib, ularning sharafiga bayramona ehtiromlar ko‘rsatilgan.
Xususan, “Alibek bilan Bolibek” jangnomasida yuzma-yuz kelgan ikki qo‘shin orasidagi yakkalik janglar, qo‘shinga ruh olib beruvchi polvonlar jasoratini olaylik. Dostonda Shohpo‘latning lashkari ichidan Devtoshga teng keladigan mard topilmaydi. U qosh qorayguncha yakka jang qilib, to‘rt ming besh yuz kishining kallasini chopib, Alibekka tavoze qilib turadi. Bu botirni shahzoda shunday mukofotlaydi:
“...Ana endi Alibek shahzoda Devtoshga bir in’om bermoqchi bo‘ldi. Devtosh o‘ziga bergan sarpoyni o‘zi ko‘tara olmadi. Otiga bergan jami asbobi tillani oti ko‘tara olmadi”.
Bu kabi taqdirlash an’anasi ko‘plab turkiy asarlarda ham o‘z aksini topgan. “Qutadg‘u bilik”da janglarda matonat, qahramonlik namunalarini ko‘rsatgan kishilarni munosib taqdirlash, ularga turli in’omlar berish, oltin, kumush va mollar ulashish qoidalariga jiddiy e’tibor berilgan.
Jang chog‘ida raqibini yenggan askarga mukofot tarzida sharob to‘la ayoq (kosa) tutilgan, qo‘lga kiritilgan o‘ljaning katta bo‘lagi unga in’om qilingan. Shuningdek, qahramonlarcha jon bergan safdoshi jasadini jang maydonidan olib chiqqan jangchiga uning ashyolari sovg‘a qilingan hamda uning mansabi oshirilgan.
Misollardan ko‘rinadiki, eng qutlug‘ va ulug‘ bayram Vatan himoyasi yo‘lidagi bayramdir. Chunki botirlik va vatanparvarlik hamma zamonlarda ham eng yuqori martaba sanalgan va xalq orasida qizg‘in nishonlangan. Tobora yaqinlashib kelayotgan 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami ham aslida buyuk ajdodlarimiz va ularning mard avlodlari sha’nini sharaflovchi katta tantana. Buni yurak-ko‘zida o‘t chaqnab turgan har bir yurtdoshlarimiz chuqur anglamog‘i zarur!
Bobur ELMURODOV,
Katta leytenant
Manba: “Vatanparvar” gazetasi 2023-yil 6-yanvar, 1-son
Izoh qoldirish