272

Kengash majlisida yil yakunlari muhokama qilindi, istiqboldagi rejalar belgilab olindi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.

Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori Muzaffar Komilov so‘zining avvalida barchani kirib kelayotgan yangi yil bilan tabrikladi. Tinchlik-xotirjamlik, oilaviy totuvlik, kasbiy barkamollik, sihat-salomatlik tiladi.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari tomonidan 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yili deb e’lon qilingani bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, talabalarga o‘z sohasining yetuk, raqobatbardosh mutaxassis kadri bo‘lib yetishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berish uchun ustuvor vazifa bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi. 

Akademiya rektori o‘z nutqida yakunlanib borayotgan “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da Akademiyada amalga oshirilgan ishlar, vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi. Navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yutuq va kamchiliklarni muhokama etishda muhim ekanini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Milliy reytingi ko‘rsatkichlari, reytingni ko‘tarish, reytingga oid ma’lumotlar haqida so‘z yuritdi. 

E’tirof etish kerak, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan respublikamiz oliy ta’lim muassasalari Milliy reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyati reytingida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Ijtimoiy-gumanitar soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalari reytingida 55,95 ball bilan 4-o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

Shuningdek, ilk marotaba aniqlangan akademik litseylar reytingida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi ham e’tirof etildi. Jumladan, Ta’lim sifatining alohida raqobat ko‘rsatkichi reytingida akademik litseylar bo‘yicha 1-o‘rin, xorijiy pedagoglar, shuningdek, xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglarida birinchi 1000 ta o‘rinni egallagan oliy ta’lim muassasalari diplomlariga ega bo‘lgan mahalliy pedagoglar ulushi bo‘yicha esa 4-o‘rinni egalladi.

Majlis davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Zohidjon Islomov Akademiyada doktorantura, maqsadli doktorantura, tayanch doktorantura, maqsadli tayanch doktorantura va stajor-tadqiqotchilikka qabul jarayonlarining shaffofligi, doktorantlar bilan ishlashning samaradorligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida axborot berdi.

Shuningdek, Ilmiy darajalar beruvchi Kengash raisi Davron Maxsudovning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi fan doktori ilmiy darajalar beruvchi DSc.35/30.12.2019. Isl/Tar/F.57.01 raqamli kengash faoliyati tahlili kun tartibidan o‘rin oldi. 

Yig‘ilishda bo‘sh (vakant) o‘rinlar va tanlov muddati tugagan pedagog-xodimlar lavozimlariga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida Akademiya kengashi kotibi Аziza Turg‘unovaning hisoboti tinglandi. 

Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi. 

Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi. Yana bir bor barchaga kirib kelayotgan milodiy 2023-yil barakotli kelishi tilandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish