258

Akademiyada “Xalqaro arab tili kuni” yuqori kayfiyatda o‘tkazildi

Bugungi kunda har bir inson uchun xorijiy tillarni bilish juda muhimdir. Dunyo tobora globallashib, xorijiy tillarni puxta egallagan kadrlarga talab yuqori hisoblanadi. Jahon tillari qatorida arab tili ham o‘z o‘rniga ega. Arab tili Birlashgan Millatlar Tashkilotining rasmiy ishchi tillaridan biri sifatida tan olingan. Ahamiyatlisi, tashkilot tomonidan 18-dekabr – “Xalqaro arab tili kuni” sifatida e’tirof etilgan. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov, “Arab tili va adabiyoti Al-Azhar” kafedrasi mudiri Akbar Kazakbayev, kafedra professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etishdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori Zohidjon Islomov ochib berarkan, Akademiya rektori Muzaffar Komilovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini yetkazdi. 

Marosimda so‘zga chiqqanlar tomonidan jahon tillaridan biri deb e’tirof etilgan arab tili insoniyat tamadduni tarixida g‘oyat muhim o‘rin egallagani, islom madaniyati rivojlanishida Imom Buxoriy, al-Xorazmiy kabi ajdodlarimiz salmoqli o‘rin tutib, nodir va o‘lmas asarlar yozib qoldirganini ta’kidlandi. Ajdodlar merosini chuqur o‘rganish, tadqiq etish, yosh avlodni ilm-ma’rifatga chorlash muhim vazifa ekanini qayd etildi.

Tadbirda arab tili bo‘yicha xalqaro tanlov va olimpiada g‘olib va sovrindorlari, turli ko‘rik-tanlov g‘oliblari bo‘lgan yigit-qizlar taqdirlandi. Shuningdek, Akademiyada arab tilidan yoshlarga saboq berib kelayotgan xorijlik professor-o‘qituvchilarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi. 

Bundan tashqari, talabalar tomonidan arab davlatlarining madaniy, tarixiy ma’lumotlari, milliy taomlari, hunarmandlik, san’at buyumlari aks etgan taqdimotlar namoyish etildi.

Rasmiy taqdirlash marosimi bayram tadbiriga ulanib ketdi. Akademiya talabalari tomonidan she’riy va musiqiy chiqishlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi hamda “Ziyo-zukko” maktabi o‘quvchilarining qo‘shiqlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish