284

Akademiya talabasi Prezident granti sovrindoriga aylandi

Har qanday davlatning tarixiy taraqqiyotining zamirida yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan e’tibor darajasiga bog‘liq. Shu ma’noda, mamlakatimizda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu borada yurtimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilgan va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Yoshlarni o‘z ustida muntazam ishlashga undash hamda bilimli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Respublika oliy ta’lim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilingan edi. 

Unga ko‘ra, davlat oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi ta’lim shakliga kirish imtihonlarida (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon, yozma imtihon) eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti tashkil etilgandi. 

Eslatib o‘tamiz, mazkur grant sovrindorlari 1-kursda barcha fanlarni “a’lo” baholarga o‘qigan, ma’naviy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan, namunali xulq-atvorga, sohasi bo‘yicha zarur bilimga hamda respublikada olib borilayotgan islohotlarga o‘z fuqarolik pozisiyasini bildira olish ko‘nikmalariga ega da’vogar talabalar orasidan tanlav olinadi.

Kuni kecha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Respublika oliy ta’lim kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti grantining joriy yilgi sovrindorlarini aniqlash maqsadida tanlov o‘tkazildi. Tanlov natijalariga ko‘ra bir guruh talabalar g‘olib deb topildi.  

Quvonarlisi, ularning safida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Islomshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Dinora Eshboyeva ham bor. 

Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi jamoasi iqtidorli talabani mazkur yutug‘i bilan muborakbod etib, uning kelgusidagi o‘qish va ishlariga omad tilaydi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish