308

10-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!

Bugun milliy istiqlolimiz ramzi, hurlik qoʻshigʻi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining shonli 30 yilligini yuqori kayfiyat, oʻzgacha gʻurur va ishtiyoq bilan nishonlayapmiz. Fursatdan foydalanib, mazkur ulugʻ ayyom bilan barcha yurtdoshlarimiz qatorida professor-oʻqituvchilar, xodimlar hamda talabalarni chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Qadrli hamkasblar!

Maʼlumki, 1992-yil 10-dekabrda Oliy Kengashning XI sessiyasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat madhiyasi toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. 

Oʻzbekiston Qahramoni, elimizning suyukli shoiri Abdulla Oripov sheʼri, atoqli sanʼat arbobi Mutal Burhonov musiqasi asosida yaratilgan madhiyamiz milliy oʻzlikni anglash, xalqimizni yorugʻ kelajakka boshlash, yurtdoshlarimiz qalbida ona Vatanga muhabbat, istiqlol gʻoyalariga sadoqat tuygʻularini mustahkamlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzi hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zoʻr ehtirom bilan qarash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir.

Oʻzbekiston davlat madhiyasi yangraganda, “Serquyosh” soʻzi jaranglashi bilan butun vujudimizda ajib entikish, dilimizda cheksiz iftixor tuygʻusini his etamiz. Chunki unda yurtimiz tarovati, Uchinchi Renessans davriga poydevor qoʻyayotgan, avlodlariga buyuk kelajak qoldirish yoʻlida fidokorona mehnat qilayotgan mard va tanti xalqimizning orzu-intilishlari mujassam. Unda jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan, kelajakka qatʼiy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azmu shijoati aks etgan. 

Davlatimiz madhiyasi Prezidentimizning turli mamlakatlarga rasmiy tashriflari chogʻida, yurtimizga kelgan xorijiy davlatlar rahbarlarini kutib olish marosimlarida, umumxalq bayramlarida, sport musobaqalarida baralla yangrayapti.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ozod xalqimizning hur ovozi boʻlib, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va hamjihatlik taronasi sifatida butun jahonga taralmoqda.

Azizlar!

Yana bir bor Akademiya jamoasini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan tabriklayman. Vatanimiz taraqqiyoti sari olib borayotgan samarali mehnatingiz, ertamiz egalariga ilm-maʼrifat ulashish, ularni milliy anʼanalar ruhida tarbiya topib, xalqaro talablarga javob bera oladigan zamonaviy kadr sifatida tarbiyalashdek sharafli va mashaqqatli ishingizga Allohdan madad soʻrayman. 

Mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va saodat hamrohingiz boʻlsin!

Yana bir bor bayramingiz bilan!

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish