Akademiya Kengashining navbatdagi majlisi o‘tkazildi
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Akademiya kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov olib bordi.
Muntazam tarzda o‘tkaziladigan Akademiya Kengashi yig‘ilishida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etiladi hamda kelgusi vazifalar belgilab olinadi. Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Komilov o‘z so‘zida navbatdagi majlis ham amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etishda muhim ekanini ta’kidladi.
Kengash majlisida dastavval O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyevning 2021-2022-o‘quv yilida o‘tkazilgan Davlat Attestasiyasi komissiyasi imtihonlari, bitiruv malakaviy ish va magistrlik dissertasiyasi himoyalari tahlili to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.
Shundan so‘ng Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarov so‘zga chiqib, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Milliy reytingi ko‘rsatkichlari, reytingni ko‘tarish, reytingga oid ma’lumotlarni to‘plash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“Ziyo” media markazi direktori Abduhamid Muxtorov esa O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi, nashriyot matbaa birlashmasi faoliyati natijalari va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
Majlis davomida Marketing va talabalar amaliyoti bo‘lim boshlig‘i Gulyuz Turayevaning 2021-2022-o‘quv yilida akademiyani bitirgan yosh mutaxassislarning ish joylariga taqsimoti va ular (bakalavr, magistr) bilan hamkorlik aloqalari tahlili (fakultetlar kesimida) hamda Axborot-resurs markazi mudiri v.b. M.Xasanovaning Akademiya axborot resurs markazi faoliyati, adabiyotlar bilan ta’minlanganlik holati hamda markaz fondidan Akademiya talaba, magistr, tadqiqotchi, professor o‘qituvchi va xodimlarining foydalanish monitoringi to‘g‘risida (fakultetlar kesimida)gi axborotlari tinglandi.
Yig‘ilishda Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor v.b. Ilyos Mirziyotovning ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini takomillashtirish bo‘yicha Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va istiqboldagi rejalar, Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i Ilhom Berdiyarovning Akademiyada bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun oraliq va yakuniy nazorat turlarini o’tkazish tartibini tasdiqlash kabi masalalar muhokama etildi.
Shuningdek, Akademik litsey ijrochi direktori Feruz Rashidovning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi akademik litseyi iqtidorli o‘quvchilari uchun joriy etiladigan “Rektor stipendiyasi” Nizomi loyihasini tasdiqlash hamda Xodimlar bo‘limi boshlig‘i v.b. Ulug‘bek Xo‘jaqulovning O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tarkibiy tuzilmalari (bo‘limlar, markazlar, fakultetlar, kafedralar va boshqa) hamda O‘quv-uslubiy kengash Nizomini (yangi tahrirda) ko‘rib chiqish haqidagi hisobotlari Kengash kun tartibidan o‘rin oldi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish