311

8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilovning BAYRAM TABRIGI

Assalom-u alaykum qadrli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mustaqil davlatimiz huquqiy asosi, jamiyat barqarorligi kafolatidir. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining qutlugʻ 30 yilligi bilan barcha yurtdoshlarimiz qatorida professor-oʻqituvchilar, magistr va talabalar hamda xodimlarni chin qalbimdan muborakbod etaman. 

Hurmatli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!

Bosh Qomusi qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan davlatimiz rahbari tomonidan “Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilinganini alohida taʼkidlamoqchiman. Mazkur esdalik nishon bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy salohiyatini yuksaltirish, tinchlik va barqarorlik, millatlararo doʻstlik va totuvlikni asrash, Yangi Oʻzbekistonda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, yosh avlodni qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga munosib hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz taqdirlandi. Ular safida Akademiyamiz professor-oʻqituvchilari ham borligi barchamizni quvontiradi. Fursatdan foydalanib yana bir bor davlatimizning yuksak mukofotiga sazovor boʻlgani bilan chin qalbdan muborakbod etamiz. 

Bugun taraqqiyotning yangi bosqichida ishonch bilan dadil odimlayotgan Yangi Oʻzbekiston iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-huquqiy, madaniy-maʼrifiy sohalardagi islohotlari bilan dunyo hamjamiyati hurmat-eʼtirofini qozonmoqda. Bunga, albatta, mamlakatimiz iqtisodiy ravnaqi, xalqimiz turmush tarzidagi farovonlik, yosh avlod kamoloti yoʻlidagi tub islohotlar samarasi asos boʻlmoqda.   

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligiga yo‘llagan tabriklarida taʼkidlaganlaridek: Xalqimizning xohish-irodasi bilan tanlab olingan huquqiy-demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam huquqiy poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy qonunimizning milliy taraqqiyotimizdagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir”.

Aziz hamkasblar!

Maʼlumki, Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va erkinliklarini taʼminlash eng katta qadriyatlardan biri sifatida mustahkamlab qoʻyilgan. Shu bilan birga, yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ham bu boradagi normalar yanada kuchaytirilgan. 

Bugun jamiyatimizning barcha sohalarida yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Bunda esa avvalo, ilm-maʼrifat, inson qadr-qimmati ustuvor masalaga aylanadi. Yakuniga yetayotgan 2022-yil – “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” davomida ham yurtimizda oʻgʻil-qizlarimizning barkamol voyaga yetishi, ilm-fan sirlari va zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, sanʼat va madaniyat sohasidagi isteʼdodlarini namoyish etishi uchun keng imtiyoz va sharoitlar yaratildi. 

Fikrimiz isbotini Akademiyamizning bakalavriat hamda magistratura bosqichlari 1-kurslariga qabul kvotalarining oʻsganida, ularning chuqur bilim olishi uchun yanada keng zamonaviy shart-sharoitlar yaratilganida ham koʻrish mumkin. Oʻgʻil-qizlarimizning dunyoda raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar boʻlib, jamiyatda oʻz munosib oʻrniga ega boʻlishi bundan keyin ham asosiy maqsadimiz boʻladi!

Binobarin, shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyo insoniyat, yoshlar oldida yangi-yangi ufq va imkoniyatlar ochishi bilan birga, ilgari koʻrilmagan turli xavf-xatarlarni ham yuzaga kelganiga guvoh boʻlmoqdamiz.

Azizlar!

Yana bir bor Akademiya jamoasini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi bilan tabriklab, ilm-maʼrifat oʻrganish, uni olamga yoyish orqali inson va jamiyatga saodat ulashishdek ulugʻ maqsad yoʻlida barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt va saodat tilayman!

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish